Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova “Yil o‘qituvchisi” va “Kasbiy mahorat yetakchisi” tanlovlarini o‘tkazish tartibi belgilanganini e’lon qildi.

Vazirning bildirishicha, Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta taʼlim sohasi xodimlari o‘rtasida ‘Yil o‘qituvchisi’ hamda ‘Kasbiy mahorat yetakchisi’ tanlovlarini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.
Qarorga ko‘ra, ushbu tanlovlar 2026-yildan boshlab har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi.
“Yil o‘qituvchisi” tanloviga nomzodlar o‘zlari dars beradigan bitta fandan, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari esa boshlang‘ich taʼlim yo‘nalishida ishtirok etadi. Ishtirokchilar vazirlikning maxsus platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tadi.
Tanlov uch bosqichda o‘tkaziladi:
- birinchi bosqichda — nomzodlarning mutaxassislik fani, pedagogik mahorati va kasb standarti bo‘yicha nazariy bilimlari baholanadi;
- ikkinchi bosqichda — nomzodlarning pedagogik mahorati baholash mezonlari asosida hakamlar hayʼati hamda pedagoglar tomonidan baholanadi. Bunda nomzod o‘tgan darsning videoyozuvi baholash uchun maxsus platformaga joylashtiriladi;
- uchinchi bosqichda — nomzodlarning maʼnaviy-maʼrifiy faoliyati hamda kitobxonligi baholanadi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, har ikki yilda bir marta oktyabr oyida g‘olib deb topilgan har bir nomzod reyestri vazirlik tomonidan yuritiladigan hamda vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladigan QR-kodli sertifikat bilan taqdirlanadi.
Ushbu sertifikat asosida g‘oliblar Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri jamg‘armasiga qo‘shimcha ajratilgan mablag‘larni qayta taqsimlash hisobidan BHMning 1 400 baravariga (525 million so‘m) teng pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Pedagogik mahorat markazlari direktorlari o‘rtasida “Kasbiy mahorat yetakchisi” tanlovida esa ishtirokchilarning 4 ta yo‘nalish bo‘yicha faoliyati natijalari o‘rganiladi. Bular:
- hududda taʼlim sifatini oshirish bo‘yicha erishilgan natijalar;
- moliyaviy barqarorlikni taʼminlash bo‘yicha erishilgan natijalar;
- zamonaviy uslubda taʼlim jarayonini tashkil etish bo‘yicha erishilgan natijalar;
- markazni tajribali kadrlar bilan taʼminlash va zamonaviy boshqaruv usullarining joriy qilingani.
G‘oliblar bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravariga teng (525 million so‘m) pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Vazirning bildirishicha, tanlovlar haqida batafsil maʼlumot, yangiliklarni vazirlik sahifalari orqali berib boriladi. Ushbu megatanlovlar adolatli, shaffof, faxriy pedagoglar, ekspertlar va jamoatlik vakillari bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
Shavkat Mirziyoyev 2024-yilning sentyabrida ta’lim-tarbiya sohasi vakillari bilan muloqoti davomida “Yil o‘qituvchisi” tanlovi o‘tkazilishini ma’lum qilgandi. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova “Yil o‘qituvchisi” tanlovini tashkil etish bo‘yicha taklif berishni so‘ragandi.
Izoh (0)