Ayrim turdagi tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib utish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, 2025 yil 1-maydan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun notijorat maqsadlarida respublikaga olib kiriladigan tovarlarni bojsiz olib kirishning quyidagi normalari belgilandi:
- havo transportida - 1000 dollar (amalda 2000 dollar);
- temir yo‘l va daryo transportida - 500 dollar (amalda 1000 dollar);
- avtomobil (piyoda) o‘tkazish punktlari orqali - 300 dollar;
- xalqaro kurerlik jo‘natmalari orqali - 200 dollar (bir chorakda 1000 dollar);
- xalqaro pochta jo‘natmalari orqali - 100 dollar (o‘zgarmagan).
O‘zbekistonda 1-iyuldan boshlab birorta tovar eksportiga cheklov bo‘lmaydi. Prezident raisligidagi yig'ilishda Soliq va Bojxona qo‘mitalariga markirovkalashning ishlab chiqarish hajmiga salbiy taʼsirini kamaytirish choralarini ishlab chiqish, markirovkalash talabi bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish topshirilgan. Qimmat bozorlarda talab yuqori bo‘lgan ayrim tovarlar eksportiga cheklov qo‘yilgani uchun ko‘plab imkoniyatlar qo‘ldan boy berilayotgani qayd etilgan.
Endilikda, 1-iyuldan boshlab birorta tovar eksportiga cheklov bo‘lmasligi eʼlon qilindi. Faqat 86 ta tovar guruhiga kirgan xomashyo va ijtimoiy ahamiyati yuqori mahsulotlarga nisbatan eksport bojlari joriy qilinadi. Bu tadbirkorlar uchun yangi imkoniyat ekani taʼkidlandi.
“Bir narsani aniq tushunish kerak. Agar tadbirkorlar qimmat bozorlarga ishlasa, ularda mahsulotni ko‘paytirish, sifatni yaxshilashga intilish, ishtiyoq ortadi, manfaat bo‘ladi”, dedi prezident.
Hozirda qandolatchilik va salqin ichimliklar tarmog‘i mahalliy sanoatning drayveriga aylanib ulgurgani va ularni qo‘llab-quvvatlash muhimligi taʼkidlandi. Shu bois shakarga aksiz to‘lovi bekor qilinishi belgilandi. Quruq sut importiga qo‘yilgan cheklovlar ham olib tashlanadi.
Buning hisobiga qariyb 40 ming odam ishlaydigan 5,5 ming qandolat va salqin ichimlik ishlab chiqaruvchi korxonalarning yillik aylanmasi kamida 50 trillion so‘mga yetadi. Hozirda 2,5 mingga yaqin restoran va kafe QQS to‘lamoqda. Yil boshidan ularga QQSning 20 foizdan 40 foizgacha qismini “keshbek” sifatida qaytarish tizimi joriy qilingan edi. Lekin hozirgacha bu imtiyozdan bor-yo‘g‘i 69 ta umumiy ovqatlanish korxonasi foydalangani ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, salqin ichimlik, tort, muzqaymoq kabi 200 dan ziyod mahsulot alohida-alohida sotilsa, “keshbek” berilmayapti. Vaholanki, ularga ham QQS to‘langan. Soliq qo‘mitasiga bu boradagi tushunmovchiliklarni tartibga solib, adolatli tizimni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Prezident tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan yana bir masalaga to‘xtaldi. Joylarda yer solig‘i va ijara to‘lovlariga oshiruvchi koeffitsiyent belgilayotganda uning biznesga taʼsirini o‘rganish, tadbirkorlarning imkoniyati va moliyaviy ahvolidan kelib chiqib, qaror qabul qilish muhimligini taʼkidladi.
“Tushumni ko‘paytirish soliq stavkasini oshirish hisobidan bo‘lmasligi kerak. Aksincha, tadbirkorga yordam berib, soliq bazasini kengaytirsak, tushum ko‘payadi, tadbirkorlar ham rozi bo‘ladi”, dedi prezident.
Endilikda tadbirkorlarga ushbu soliqlarni yilda ikkiga bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Izoh (0)