Bosh konsulxona Istanbuldagi zilzilada kuchli qo‘rquv sabab o‘zbekistonlik fuqaro vafot etganini ma’lum qildi.

Xabar qilinishicha, 2025-yil 23-aprel kuni Istanbul shahrida yashagan o‘zbekistonlik fuqaro yurak yetishmovchiligi oqibatida vafot etdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu holat Istanbulda sodir bo‘lgan zilzila vaqtida yuqori qavatda turgan fuqaroning kuchli qo‘rquv holatiga tushishi natijasida yuz bergani aytilmoqda.
O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi marhumning jasadini vatanga yuborish bo‘yicha zarur konsullik-huquqiy va tashkiliy choralarni ko‘rmoqda.
Kechagi zilzila haqida
23-aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:49 da Silivri tumani (Istanbul viloyati)da 6,2 balli yer qimirlashi qayd etildi. Episentr Marmara dengizi hududida, shahar markazidan taxminan 40 km janubi-g‘arbda joylashgan.
Zilzila Istanbulning barcha tumanlarida hamda qo‘shni viloyatlarda, jumladan Izmirda ham sezildi. Ko‘plab aholi binolardan chiqib, ochiq joylarda to‘plangan. Mahalliy hokimiyatlar ma’lumotiga ko‘ra, jiddiy vayronagarchilik yoki halok bo‘lganlar qayd etilmagan. Bir fuqaro binodan chiqib ketish paytida jarohat olgani xabar qilinmoqda.
Asosiy silkinishdan so‘ng bir necha aftershoklar kuzatildi, ulardan eng kuchlisi 5,3 magnitudada bo‘lgan. Hokimiyatlar aholini zarar ko‘rgan binolarga kirmaslikka va xavfsizlik choralariga amal qilishga chaqirmoqda.
Istanbul gubernatorligi ma’lumotiga ko‘ra, zilzila natijasida hech kim halok bo‘lmagan. 151 nafar fuqaro qo‘rquv sabab balandlikdan sakragan holda tan jarohati olib, kasalxonalarda davolanmoqda. Ularga hech qanday hayotiy xavf yo‘q.
Shuningdek, Fatih tumanida tashlandiq bino qulab tushgan, ammo hodisa oqibatida hech kim jabr ko‘rmagan.
Bosh konsulxona mahalliy favqulodda xizmatlar bilan doimiy aloqada bo‘lib, vaziyatni kuzatishda davom etmoqda.
Turkiyada 2023-yil 6-fevral kuni Qahramonmarash viloyatida 7,7 va 7,6 magnitudali zilzilalar to‘qqiz soat farq bilan sodir bo‘lgandi. Turkiya hukumati zilzilalarni “asr falokati” deb atagan. Zilzila oqibatida 53 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan, 107 mingdan ortiq kishi jarohat olgan. Turkiyalik yetakchi seysmolog Naji Geryur Istanbulda 7 va undan yuqori magnitudali zilzila ehtimoli 60 foizdan oshishini aytgandi.
Izoh (0)