2024-yilda o‘zbek shou-biznesining ko‘plab vakillari o‘z baxtini uchratib, oila atalmish muqaddas qo‘rg‘onga qadam qo‘yishdi. Quyida ijtimoiy tarmoqlarda duv-duv gap bo‘lgan to‘ylar haqida so‘z boradi.
Yusufxon Nurmatov AQSHda uylandi
Marhum bastakor Musaxon Nurmatovning o‘g‘li xonanda Yusufxon Nurmatov 17-aprel kuni Iroda ismli qiz bilan oila qurdi. Juftlikning nikoh to‘yi Nyu York shahrida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda uning yaqin do‘stlari Instagram orqali ma’lum qildi. Yusufxon bir necha yildan beri AQSHda yashab kelmoqda.
Vaynerlar juftligi: Madina va Sardor
31-may kuni taniqli instabloger Madina Karimova turmushga chiqdi. Uning turmush o‘rtog‘i ham shou-biznesga yaqin inson, kaskadyor, bloger Sardor To‘rayev. U vayner Bobur Mansurov jamoasi a’zosi hamdir. Kuyov surxondaryolik bo‘lishiga qaramay, juftlikning nikoh to‘yi Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi. To‘yda yoshlarning bloger do‘stlari va ko‘plab mashhurlar qatnashdi. 2025-yilda Madina va Sardor ota-ona bo‘lish arafasida turibdi.
Vizajist Akobir to‘yini dabdabali o‘tkazdi
Taniqli vizajist Akobir Ashurkulovich bo‘ydoqlar safini tark etdi. Bo‘lajak turmush o‘rtog‘i uchun uyushtirgan “Marry me” qo‘l so‘rash marosimi, fotiha to‘yi va nikoh oqshomi ham dabdabali tarzda o‘tdi. Akobirning nikohdan o‘tish marosimida yaqin do‘sti va ustozi Goar Avetisyan ko‘rinmadi va bu holat Instagram foydalanuvchilarining muhokamalariga sabab bo‘ldi.
Yulduzli xonadonning erka kelini Afruza
25-sentyabr kuni mashhur xonanda Shahlo Rustamovaning qizi Afruza turmushga chiqdi. U taniqli aktyor Botir Muhammadjonovga kelin bo‘ldi. Nikoh oqshomida o‘zbek kinosi va musiqa sanʼatining ko‘plab taniqli vakillari ishtirok etdi. Afruzaning turmush o‘rtog‘i Behruz Ahmedov o‘zbek milliy akademik drama teatri aktyori. U ssenarist va musiqiy prodyuser sifatida ham faoliyat yuritadi. Behruz nikoh to‘yidan avvalroq Afruza bilan AQSH safari chog‘ida uning qo‘lini vertolyotda noodatiy tarzda so‘ragan edi.
To‘ydan keyin Afruza kelin emas, qiz bo‘lib yashayotgani haqida gapirdi. U qaynona va qaynotasi mehribon insonlar ekani, oilaviy sayrga chiqishsa, odamlar o‘zidan ham ko‘proq qaynotasi Botir Muhammadjonov bilan suratga tushishi haqida gapirib berdi.
“30 yoshimgacha uylanmayman” — Timur Alixonov
27-oktyabrda bloger Timur Alixonov xorazmlik 20 yoshli bloger Farida Marimovaga uylandi. Blogerlar uzoq vaqt davomida turmush qurishayotgani haqida rasman oshkor qilmadi. Ularning to‘yi Toshkentda yoshlarbop va o‘zbekcha turli urf-odatlardan holi o‘tdi. Nikoh kechasida yoshlarning yaqinlari va bloger do‘stlari mehmon bo‘ldi.
Turmush o‘rtog‘ining “30 yoshimgacha uylanmayman” deganiga qaramay, to‘rt oy ichida to‘y qilib yuborgani haqida Farida o‘z sahifasida aytib o‘tdi. Hozirda yoshlar Toshkent markazida alohida uyda istiqomat qilmoqda.
“Prank yoki kino emas”: Ruxshona ikkinchi marta oq libos kiydi
28-oktyabr kuni xonanda va aktrisa Ruxshona ikkinchi marta oila qurdi. U Ulug‘bek ismli uylanmagan yigitga turmushga chiqdi. Uning nikoh kechasida shou-biznesning ko‘plab taniqli vakillari mehmon bo‘lishdi.
“Turmush o‘rtog‘im mendan uch yosh kattalar. Yoshim 30 da, turmush o‘rtog‘imniki 33 da. Xullas, shunaqa yangilik. Tabriklarni qabul qilamiz va familiyani o‘zgartiramiz. Men ham baxtli bo‘lishga haqqim bor-ku, to‘g‘rimi? Bu prank yoki kino emas”, dedi Ruxshona. Juftlik to‘ydan bir oy o‘tib asal oyini o‘tkazish uchun chet elga jo‘nab ketdi.
Ruxshona 2022-yilda turmush o‘rtog‘i, klipmeyker Sanjar Matkarimov bilan ajrashganini ma’lum qilgan edi. Uning ikki farzandi — qizi va o‘g‘li bor.
Daler Fayzullayev bo‘ydoqlik bilan xayrlashdi
Yoshligidan qo‘shiq kuylab xalq mehrini qozongan hamda ijodda uzoq vaqt tanaffus qilgan xonanda Daler Fayzullayev ham bu yil bo‘ydoqlik bilan xayrlashdi. Xonandaning nikoh to‘yi 21-oktyabrda bo‘lib o‘tdi. To‘yga o‘zbek san’atining eng taniqli vakillari, xonandaning do‘stlari kelib, uning baxtli kunida yonida bo‘lishdi.
Bali orollarida turmushga chiqqan Dilnoza Habibullayeva
“Million” kulgi jamoasining sobiq a’zosi, teleboshlovchi Dilnoza Habibullayeva kelinlik ostonasiga qadam qo‘ydi. Shu yilning 1-noyabrida Toshkentdagi restoranlarning birida yaqin do‘stlari davrasida qiz bazmini o‘tkazdi. Katta to‘y esa Indoneziyaning Bali orollarida 24-noyabrda bo‘lib o‘tdi. U Amerika fuqarosiga turmushga chiqdi. “Biz kutgan kun keldi. Niyat sof bo‘lsa, yakuni ham go‘zal bo‘ladi” deb yozadi Dilnoza ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.
“Yilning eng chiroyli juftligi”
“Yilning eng chiroyli juftligi” deya e’tirof etilayotgan yoshlar — aktirsa Feruza Yusupova va bloger Abduvali Saxiyev hayotida ham bu yil yangi sahifa ochildi. Sevgisiga yetishishni naqd 4 yil kutganini aytgan Abduvali shu yilning 11-noyabrida Feruzaga uylandi. Ularning nikoh oqshomida eng mashhur san’atkor va blogerlar xizmatda bo‘ldi. Feruzaning kelin salomini aktrisa Vazira Yunusova o‘tkazdi. Yoshlar asal oyini Tailandda o‘tkazdi, keyinroq esa Maldiv orollarida davom ettirishadi. Shu yilning iyunida Turkiyada sohil bo‘yida Abduvali Saxiyev romantik tarzda Feruzaning qo‘lini so‘ragan edi.
Farangizbegim Xoliqova san’atkorlar oilasiga kelin bo‘ldi
Marhum xonanda Husniddin Xoliqovning qizi, aktrisa va instabloger Farangiz Xoliqova shu yilning 8-noyabrida turmushga chiqdi. U turmush o‘rtog‘i bilan Instagram orqali reklama sababli tanishgani va u yigit keyinchalik gullar-u turli sovg‘alar bilan ko‘ngliga qanday yo‘l topgani to‘g‘risida yozib qoldirgan. Ma’lum bo‘lishicha, Farangiz aktrisa Feruza Yusupova oilasiga kelin bo‘lgan.
Uzoq kutilgan to‘y: Sitora Farmonova Dubayda turmushga chiqdi
Oq otdagi shahzodasini uzoq kutgan 40 yoshli aktrisa, boshlovchi Sitora Farmonova shu yilning noyabrida turmushga chiqdi. Toshkentdagi yaqinlari uchun “Yakkasaroy” to‘yxonasida qiz bazmini to‘ydek qilib o‘tkazdi. Kuyov bazmda qatnashmadi, Sitoraga ukasi hamrohlik qildi. Kuyovning kimligi haqidagi savollarga Sitora to‘liq javob bermadi, faqatgina katta nikoh to‘yi Dubayda yopiq tarzda bo‘lishi va birorta kamera kiritilmasligini aytgandi.
“Bo‘lajak turmush o‘rtog‘im arab, rus, qozoq yoki tojik emas. Kelishgan o‘zbek yigitiga sovchi orqali turmushga chiqyapman. Sevishib yurmaganmiz, oilaviy do‘st bo‘lganmiz. Ismi Muhammad, yoshi meniki bilan teng. Biznes bilan shug‘ullanadi, oilaviy Dubayda yashashadi, Toshkentga kelib turishadi” dedi Sitora.
Kelinchak turmush o‘rtog‘ini biror marta ham ommaga ko‘rsatmadi, Instagram sahifasiga ham to‘ydan foto va video joylamadi. To‘ydan so‘ng Sitora tezda Toshkentga qaytib, yana ishga sho‘ng‘ib ketdi.
Nargiz Zokirova to‘rtinchi marta turmush qurdi
53 yoshli asli kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan xonanda Nargiz Zokirova o‘zidan 11 yosh kichik erkak — musiqiy jamoasidagi texnik xodim Anton Lovyaginga turmushga chiqdi. AQSHda yashovchi xonanda shu paytgacha uch marta oila qurgan va uch farzandi bor. Nargiz Zokirovaning marhum Ruslan Sharipovdan Sabina ismli qizi, Yernur Kanaybekovdan Auel ismli o‘g‘li, musiqachi Filipp Balzanodan Leyla ismli qizi bor. Xonandaning, shuningdek, Noy va Levi ismli nevaralari ham bor.
Shu jumladan, “Mitti vayn” jamoasi a’zosi G‘ulom Nasriddinov, “Million” kulgi jamoasi a’zosi Aslbek Amirov va instabloger Ayzimgul Yakubova ham bu yil turmush qurdi. Oila deb atalmish qo‘rg‘onga qadam qo‘ygan barchani baxt-saodat tark etmasin!
Izoh (0)