Yakunlanayotgan yilda ko‘plab shou-biznes vakillari juftlarini topib, oila qurdi. Quyida 2021-yilda o‘z baxtini topgan shou-biznes vakillari sanab o‘tiladi.
Bu yilgi ijodkorlarning to‘ylarini sobiq komik aktyor Sherzod Bin boshlab berdi. Bir necha yildan buyon AQShda istiqomat qilayotgan aktyor 6-yanvar kuni uylandi. Uning to‘yiga AQShdagi birodarlari tashrif buyurishdi.
“Farhod va Shirin” dueti xonandasi Farhod 31-yanvar kuni bo‘ydoqlik bilan xayrlashdi. Farhod va Dilnozaxonlarning to‘yi Navoiy shahrida bo‘lib o‘tdi. To‘yda Shirin turmush o‘rtog‘i Nodir Zoitov bilan qo‘shiq kuyladi. To‘yga Anvar Sanayev, Akrom Ubaydullayev va Bobur Bobomurod ham tashrif buyurishdi.
“Nihol” mukofoti sovrindori, xonanda Yulduz Nizomova 14-fevral kuni Mirxon ismli yigitga turmushga chiqdi. Uning to‘yi Humo Arena muz saroyida bo‘lib o‘tdi. Noodatiy to‘yda kelin-kuyovning yaqinlari ishtirok etishdi.
O‘zbekiston xalq artisti Muqaddas Xoliqova kenja qizi, aktrisa Zebinisoni 21-fevral kuni turmushga berdi. Oxunjon va Zebinisoning to‘yi poytaxtdagi restoranlardan birida bo‘lib o‘tdi. Tantanada O‘zbek milliy akademik drama teatri jamoasi, taniqli aktyorlar va xonandalar ishtirok etdi.
O‘zbekiston xalq artisti Ubaydulla Omon 73 yoshida 44 yoshli qizga uylandi. To‘y 22-mart kuni Buxoro shahridagi “Tojimahal” to‘yxonasida bo‘lib o‘tdi.
Aktrisa va boshlovchi Madina Nigmatullayeva shu yilning 8-aprel sanasida “Omonat” serialidagi partnyori Mahmud Tursunovga turmushga chiqdi. Nikoh kechasi poytaxtdagi restoranlardan birida o‘tkazildi. Tantanaga ko‘plab taniqli boshlovchi, aktyor, aktrisa va xonandalar tashrif buyurishdi.
Xonanda va aktrisa Dineyra 12-aprel kuni turmushga chiqdi. Uning visol oqshomi poytaxtdagi restoranlardan birida yaqinlari va do‘stlari qurshovida nishonlandi.
“Yomon qiz”ni yaxshi ko‘radigan Imron 6-iyul kuni Sadaf ismli qiz bilan oila qurdi. Uning nikoh oqshomi Buxorodagi “Maroqand” restoranida bo‘lib o‘tdi. Oradan ikki kun o‘tib, Imron Toshkentdagi yaqinlari uchun ham to‘y qilib berdi. To‘yda o‘zbek estradasining ko‘plab vakillari ishtirok etdi.
Mavzuga doir: Xonanda Imron turmush o‘rtog‘ini 2,5 yil kutib, 2 ta to‘y qilgani va u bilan janozada tanishgani haqida (video)
Akyor Mirolim Qilichev esa 15-avgust kuni Dilshoda ismli qiz bilan oila qurdi. Aktyorning to‘yi u tug‘ilib o‘sgan Buxoroda bo‘lib o‘tdi. Tantanali kechada ko‘plab taniqli aktyor va aktrisalar, xonandalar ishtirok etdi.
2021-yilning 1-noyabr kuni ustazoda san’atkor Yusufxon Nurmatov oila qurdi. To‘yga ko‘plab mashhur xonandalar va kinoijodkorlar tashrif buyurishdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ommalashgan Mittivine taxallusi bilan ijod qiluvchi vayner Farhod Mannopov 8-noyabr kuni uylandi.
Ko‘plab tanqidlarga uchraydigan parodiyachi Rustamxo‘ja Usmonov 21-noyabr kuni Aziza ismli qizga uylandi. Yoshlarni qutlash uchun Hosila Rahimova, Mavluda Asalxo‘jayeva va Dilfuza Ismoilovalar kabi ustoz san’atkorlar tashrif buyurishdi.