Afg‘onistonda Rossiya Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti va Paleoetnologik tadqiqotlar markazi xodimi, etnograf Svyatoslav Kaverin qo‘lga olindi. Bu haqda etnografning tanishlariga tayanib “Ostorojno Novosti” xabar berdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, unga “zargarlik buyumlari kontrabandasi” ayblovi qo‘yilgan. 19-iyuldan beri u bilan aloqa uzilgan. Kaverinning o‘zi qo‘lga olingani haqida Telegram kanalida yozishga ulgurgan.
Qunduz shahrida meni zargarlik buyumlarini “kontrabanda” qilishga urinishda ayblab ushlashdi. Hozir meni Kobulga, razvedkaning bosh boshqarmasiga olib ketishmoqda. Umid qilamanki, ish faqat so‘roq va hujjatlarni rasmiylashtirish bilan cheklanadi. Smartfonimni faqat ba’zida olishga ruxsat berishmoqda, deb yozgan u.
Kaverinning tanishlari uning zargarlik buyumlarini o‘zi uchun va do‘stlariga sovg‘a sifatida sotib olganini aytmoqda. Hibsga olinishidan taxminan bir hafta oldin etnograf o‘zining kanalida Kobuldagi Gholghola galereyasidan olingan fotosuratlari bilan o‘rtoqlashgan. U san’at va zargarlik buyumlari hamda idish-tovoqlardan “biror narsa olib borish” taklifi bilan post joylashtirgan. Olim Kobuldan Qunduzga 18-iyul kuni yo‘lga chiqqan.
Kaverin “Tolibon” hokimiyatga kelishidan oldin ham, keyin ham Afg‘onistonga bir necha bor borgan. 2020-yilda “Lenta.ru”ga bergan intervyusida u Rossiya davlat gumanitar universitetida Afg‘onistonga xos an’anaviy bosh kiyim — pakol haqida dissertatsiya yozayotgani va Afg‘onistonda rus tilini o‘qitishni istayotgani, bu esa u yerda ko‘proq vaqt o‘tkazish imkonini berishini aytgan edi.
Izoh (0)