Indoneziyada prezident Prabovo Subiantoning Bobbi Kertanegar ismli mushugi rasman davlat rahbari mulkining bir qismi sifatida e’tirof etildi va endi u davlat xizmatlaridan, jumladan shaxsiy qo‘riqlashdan foydalanish huquqiga ega. Bu haqda respublika Davlat kotibiyati vaziri o‘rinbosari Juri Ardiantoro ma’lum qildi, deya xabar bermoqda South China Morning Post gazetasi.

Ma’lum qilinishicha, Bobbi ismli mushuk to‘qqiz yil oldin prezident Prabovo Subianto tomonidan asrab olingan. 2024-yil oktyabr oyida Subiantoning inauguratsiyasidan so‘ng mushuk Merdeka prezidentlik saroyiga ko‘chib o‘tgan.
Ardiantoroning tushuntirishicha, qonunchilikka ko‘ra, prezidentning mol-mulki, jumladan, uning uy hayvoni ham davlat hisobidan himoya qilinishi shart.
“Davlat nafaqat rahbarning xavfsizligini, balki uning mol-mulkini ham ta’minlashi kerak”, deya ta’kidladi amaldor.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari buni davlat resurslaridan noo‘rin foydalanish deb baholashgan.
“Mushukka hamrohlik qilish uchungina ter to‘kib pul topishmi?”, deya hayratlanishmoqda izoh qoldiruvchilar.
Ammo Bobbini qo‘llab-quvvatlovchilar ham topilgan.
“Mamlakat uchun foydasiz amaldorlarga hamrohlik qilgandan ko‘ra, Bobbiga hamroh bo‘lgan afzal. Bobbi hech bo‘lmaganda ko‘chadagi mushuklarga yordam beradi va odamlarni tabassum qilishga undaydi”, deya yozdi boshqa bir foydalanuvchi.
Sobiq uysiz mushuk Bobbi haqiqiy yulduzga aylangan. Uning ijtimoiy tarmoqlarda bir milliondan ortiq kuzatuvchisi bor va uning mashhurlik darajasi mamlakatdan tashqariga ham yoyilgan.
Izoh (0)