Isroil 25 davlatning G‘azo sektorida o‘t ochishni so‘zsiz va doimiy to‘xtatish haqidagi chaqirig‘ini rad etdi. Bu haqda Isroil Tashqi ishlar vazirligining X ijtimoiy tarmog‘idagi xabarida ma’lum qilindi.

“Isroil bir guruh davlatlarning qo‘shma bayonotini rad etadi, chunki u voqelikdan uzilib qolgan va HAMASga noto‘g‘ri signal yubormoqda”, deb ta’kidlanadi xabarda.
Isroil tomoni barcha da’vo va talablar garovga olinganlarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv yo‘qligi uchun javobgar bo‘lgan yagona tomon — HAMAS harakatiga qaratilishi lozimligini ta’kidlagan.
TIV ma’lumotlariga ko‘ra, HAMAS Isroil avvalroq ma’qullagan so‘nggi o‘t ochishni to‘xtatish taklifini qabul qilishdan bosh tortgan.
“O‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lish o‘rniga, HAMAS Isroil haqida yolg‘on tarqatish kampaniyasini faol olib bormoqda va ayni paytda keskinlikni kuchaytirish hamda gumanitar yordam olayotgan tinch aholiga zarar yetkazish uchun qasddan harakat qilmoqda.
Hozirgi muzokaralarning nozik damlarida bunday bayonotlardan saqlanish maqsadga muvofiq”, deyiladi bayonotda.
Bundan avval 25 davlat tashqi ishlar vazirlari va Yevropa Ittifoqining tenglik, tayyorgarlik va inqirozni boshqarish bo‘yicha komissari Adja Lyabib Isroilni G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatishga chaqirgan va uning anklavdagi gumanitar siyosatini qoralagan qo‘shma bayonot qabul qildi. Hujjatni imzolaganlar orasida Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada, Fransiya va Italiya bor.
Izoh (0)