AQSH prezidenti Donald Trampning harakatlari britaniyaliklarni terrorizm va Xitoydan ko‘ra ko‘proq tashvishga solmoqda. Bu haqda J.L.Partners kompaniyasi o‘tkazgan tadqiqotga asoslanib, Politico nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, so‘rovnoma kompaniya tomonidan 27-29-may kunlari 2132 kishi orasida o‘tkazilgan.
So‘nggi 12 oy ichida britaniyaliklarning Qo‘shma Shtatlarga bo‘lgan ishonchi keskin pasaygan. Dunyoda Amerika mas’uliyatli harakat qilishiga ishonayotgan britaniyaliklarning ulushi 2024-yildagi 53 foizdan 2025-yilda atigi 38 foizgacha tushgan.
Gazeta Tramp Oq uyga qaytganidan keyin keskin o‘zgarishlar yuz berganini qayd etgan. So‘rovda ishtirok etganlarning 33 foizi AQSH prezidenti harakatlarini terrorizm (32 foiz) yoki Xitoyning kuchayishidan (25 foiz) ko‘ra milliy xavfsizlikka jiddiyroq tahdid deb hisoblagan.
“Hozirda britaniyaliklarning atigi 31 foizi AQSHni mamlakatning eng yaqin ittifoqchisi deb biladi. Bu 2024-yildagi 54 foizdan 23 foizga kamdir”, deya ta’kidlanadi tadqiqot natijalarida.
Brexit’dan olti yil o‘tgach, britaniyaliklarning 62 foizi Trampning harakatlari sababli Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqi bilan yaqinroq munosabatlar o‘rnatishi kerak, deb hisoblamoqda.
Izoh (0)