Fransiyada 14-iyul — Bastiliya qal’asini zabt etish kuni munosabati bilan Parijdagi Eyfel minorasi atrofida yorqin dron va mushakbozlik shousi bo‘lib o‘tdi. Shu kuni butun mamlakat bo‘ylab turli bayram tadbirlari o‘tkazildi.

Bastiliya qal’asi egallangan kun Fransiyada milliy bayram sifatida keng nishonlanadi. Bu sana 1789-yilda qirollik qamoqxonasi bo‘lgan Bastiliya qal’asining bosib olinishi bilan bog‘liq bo‘lib, Fransuz inqilobining boshlanishi sifatida tarixga kirgan. Mazkur voqea mamlakatda monarxiya tugatilib, respublika tizimining shakllanishiga yo‘l ochgan edi.


Har yili minglab parijliklar va sayyohlar poytaxtning Mars maydoniga oqib keladi. Bu yilgi bayram tomoshalari esa o‘zgacha tus oldi. Parij osmonida ilk bor 1000 dan ortiq dron ishtirokida katta texnologik yorug‘lik shousi namoyish etildi.


Ular turli shakllar, belgilar va so‘zlarni hosil qilar ekan, tomoshabinlarga Fransiya Respublikasi shiorini — “Liberté, Égalité, Fraternité” (Ozodlik, Tenglik, Birdamlik) eslatdi.
Eyfel minorasi esa maxsus yoritish texnologiyalari bilan bezatildi. Minora bo‘ylab 120 ta chaqnab turuvchi nuqtalar o‘rnatilgan bo‘lib, bu tomoshaga yanada sehrli tus bag‘ishladi. Shuningdek, Mars va Trokadero maydonlarida maxsus kuzatuv platformalari o‘rnatilib, mehmonlar bayramni yanada qulay sharoitda tomosha qilish imkoniga ega bo‘lishdi.

Bayram tadbirlari Fransiyaning boshqa shaharlarida ham davom etdi. Marsel, Lion, Nitssa kabi yirik shaharlarda ham mushakbozlik, konsertlar, paraddan iborat dasturlar o‘tkazildi. Ba’zi joylarda esa harbiy texnika ko‘rgazmalari ham tashkil etildi.
Izoh (0)