Ssenariynavis Bob Geyl bilan hamkorlikda “Kelajakka qaytib” filmini suratga olgan rejissyor Robert Zemekisni XX asr bashoratchisi desak adashmaymiz. Ushbu franshizaning birinchi qismi 1985-yilda — 40 yil oldin — ekranlarga chiqdi va unda rejissyor yangi texnik kashfiyotlar dunyosini namoyish etdi. Ulardan qaysilari amalga oshgani va qaysilari hozircha kinematograf dahosining xayoloti bo‘lib qolayotganini quyida bilib olasiz.
Video chatlar
Odamlar uy telefonlari keng tarqalgan paytdan boshlab, yaqin atrofda bo‘lmagan kishi bilan muloqot qilish, shu bilan birga real vaqtda ovozini eshitish va tasvirini ko‘rish haqida orzu qila boshlagan. Robert Zemekis ham o‘z filmida videochatlarning versiyasini taqdim etib, deyarli aniq bashorat qilgan. Filmdan olingan kadrda Marti va Niddlz Zoom orqali suhbatlashayotgandek ko‘rinadi, ammo syujetga ko‘ra, ular buni internet orqali emas, balki telefon kabeli yordamida amalga oshiradi. Bu kadrda televizor ham e’tiborga loyiq: yassi, rangli, katta ekranli — bunday televizorlar 1985-yilda umuman bo‘lmagan.
Dronlar
Franshizaning ikkinchi qismida Marti kelajak dunyosida itlarni egalari emas, balki dronlar sayr qildirayotganini ko‘rib hayratga tushadi. Garchi hozirgi kunda bunday dronlar asosan videotasvirga olish uchun ishlatilsa-da, ayrim ishqibozlar ularni Zemekis bashorat qilgandek maqsadlarda ham qo‘llamoqda. Karantin paytida ba’zi odamlar chindan ham itlarining arqonlarini dronlarga bog‘lab, itlarini tashqariga chiqarib yuborgan va kameralar orqali uy hayvonlarini kuzatib turgan. Ko‘pchilik uchun hayvonlar bilan sayr qilish karantinda ko‘chaga chiqishning yagona qonuniy yo‘li bo‘lsa-da, bu usul ham keng tarqalib, kasallik yuqish xavfini iloji boricha kamaytirishga yordam berdi.
Uchar skeytbord
“Kelajakka qaytib” filmidagi uchar skeytbord 2023-yilda haqiqatga aylandi, biroq ba’zi cheklovlar bilan. Hozircha bunday skeytbordlarni ommaviy ishlab chiqarish haqida gap yo‘q, ammo yangi texnologiyaning laboratoriya sinovlari juda muvaffaqiyatli o‘tmoqda. Agar unga kuchli magnitlar o‘rnatilsa, u faqat metall yuzasi ustida ucha oladi. Shu sababli tortishishni kuchli havo oqimlari yordamida hosil qilishga urinishmoqda.
Aqlli krossovkalar
2011-yilda Marti Makflayning o‘z bog‘lanadigan Nike Mag krossovkalari ham haqiqatga aylandi. Ixtiro uchun patent topshirilganidan to birinchi juft ishlab chiqarilguniga qadar 3 yil o‘tdi va modelning boshlang‘ich narxi taxminan 350 dollarni tashkil etdi. Krossovkalar cheklangan miqdorda ishlab chiqarilgani sababli Nike ulardan jami 5 million dollar atrofida daromad oldi, xolos. eBay kabi saytlarda Nike Mag hozir ham sotuvda uchraydi, biroq ularning narxi allaqachon 20 ming dollarga yetib bo‘ldi. 1985-yilda bunday yuqori texnologiyali poyabzalni deyarli har bir o‘smir orzu qilardi, ammo hozir Nike Mag o‘tmishda qolib ketgan. Ular allaqachon ishlab chiqarishdan olib tashlangan, iplarni boshqaradigan smartfon ilovasi esa eskirib, ishlab chiquvchilar tomonidan yangilanmayapti.
Planshetlar
Robert Zemekisning bashoratiga ko‘ra, kelajakda barcha insonlar naqd puldan voz kechib, pul o‘tkazish uchun faqat maxsus qurilmalardan foydalanishadi. Bu masalada rejissyor deyarli haq bo‘lib chiqdi, biroq xavfsizlik jihatlarini to‘liq hisobga olmagan. Ba’zi sahnalarda Marti Makflay taksi haqini elektron qurilmaga barmog‘ini tekkizish orqali to‘laydi va xuddi shu usulda uysiz odamga sadaqa beradi. Qurilmalarning o‘zi zamonaviy planshetlarga o‘xshaydi, ammo faqat barmoq izi bilan pul o‘tkazish hozircha imkonsiz.
Bionik protez
Marti 2015-yilgi gazetada mashhur beysbolchining bionik protezli qo‘li bilan to‘p otgani uchun o‘yindan chetlatilgani haqida o‘qiydi. Bunday texnologiyalar sportga kirib kelmagan va ularni, shubhasiz, doping deb hisoblashgan bo‘lardi. Biroq faqat fikr kuchi bilan boshqariladigan protezlarning o‘zi bugungi kunda voqelikka aylandi. Ularni birinchi marta 2014-yilda ommaviy ravishda qo‘llash boshlangan va Zemekis sana borasida deyarli to‘g‘ri taxmin qilgan. Hozirda protezlar imkoniyati cheklangan insonlarga faolroq hayot kechirishga yordam bermoqda va to‘laqonli oyoq-qo‘l o‘rnini bosuvchi vosita sifatida qaralmoqda.
Gologrammalar
Kelajak dunyosida “Jag‘lar” filmining navbatdagi qismini ulkan akula, aniqrog‘i, uning gologrammasi reklama qiladi. 3D effektli bannerlar marketing sohasida anchadan beri qo‘llanib kelinmoqda, biroq ular hozircha uncha ta’sirchan ko‘rinmayapti. Bu sahnada rejissyor aynan gologrammalarning paydo bo‘lishini bashorat qilgani haqida fikrlar bor, ammo ko‘pchilik yana bir tendensiyani qayd etadi. Gap shundaki, afishada Marti “Jag‘lar” filmining 19-qismini ko‘radi. Hozirgi kinematografiyada kuzatilayotgan jarayonlar esa aynan davomiy filmlar davri deb atalmoqda. Original ssenariylar tobora kamroq suratga olinmoqda, rejissyorlar esa ko‘pincha klassik asarlarni qayta talqin qilish bilan shug‘ullanmoqda.
Aqlli ko‘zoynak
2015-yilda Marti Makflay bolalari virtual reallik ko‘zoynagi orqali televizor ko‘rishadi va bu texnologiya hozirgi kunda jadal rivojlanmoqda. Bu aqlli aksessuar yordamida endi kompyuter o‘yinlarini o‘ynash, sayohat qilish va hatto sport bilan shug‘ullanish mumkin. Ba’zi ko‘zoynaklar kameralar bilan jihozlangan bo‘lib, ular birinchi shaxs nuqtayi nazaridan video yozib olish imkonini beradi. Vaholanki, bundan yigirma yil oldin kinoteatrlar uchun birinchi 3D — bir linzasi ko‘k, ikkinchisi qizil rangli ko‘zoynaklar haqiqiy mo‘jizadek tuyulgan edi.
Izoh (0)