Xorazmda ikki o‘smir qiz 7-qavatdan o‘zini tashlab, joniga qasd qilgani haqida xabar berilgandi. Holat yuzasidan bolalar ombudsmani munosabat bildirdi.

Unda aytilishicha, 7-iyul kuni soat 06:10 da Xorazm viloyatining Urganch shahrida 2 nafar voyaga yetmagan S.D. (2009-yilda tug‘ilgan) va B.S. (2010-yilda tug‘ilgan) ko‘p qavatli uy binosi tomidan sakrab, o‘z joniga qasd qilgani holati yuzasidan bolalar ombudsmani bola manfaatlari nuqtai nazaridan o‘z kuzatuvini olib bormoqda.
Hozirda holat yuzasidan prokuratura organlari tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.
“Aytish kerakki, mazkur og‘ir fojiali holat yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda va internet OAVida turli tasdiqlanmagan, haqqoniy bo‘lmagan ma’lumotlar tarqalayotgani kuzatilmoqda.
O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasiga ko‘ra, qizlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilgani alomatlari aniqlanmagan.
Tekshirish harakatlari har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazilishi va natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.
‘Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida’gi qonunining 10-moddasiga ko‘ra, har bir bola o‘z sha’ni va qadr-qimmatiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga g‘ayriqonuniy aralashuvlardan himoyalanish huquqiga ega.
Marhuma voyaga yetmagan qizlarning manfaatiga zid ravishda rasmiy manbaga tayanmagan xabarlar ularning sha’ni va qadr-qimmatiga zarar yetkazayotganini qat’iy ta’kidlagan holda, tergovga qadar tekshiruv yakuniga qadar holat yuzasidan asossiz xabarlar tarqatmaslikka chaqiramiz.
Haqiqatga zid ma’lumotlar tarqatish qonunan javobgarlikka asos bo‘ladi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 202-2-moddasida yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilangan.
Bolalar ombudsmani mazkur ish yurituvi yuzasidan o‘z kuzatuvini davom ettiradi. Bu borada qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, deyiladi xabarda.
Izoh (0)