AQSH Adliya vazirligi rahbari va bosh prokurori Pem Bondi mamlakat prezidenti Donald Trampga qarshi tergovlarda sobiq maxsus prokuror Jek Smitga ko‘maklashgan kamida 20 nafar prokuror va boshqa xodimlarni ishdan bo‘shatdi. Bu haqda ABC telekanali ishonchli manbalarga tayanib xabar bermoqda.

Fevral oyida ABC Bondining Trampga qarshi tergovlar olib borgan amaldorlarning “siyosiylashtirilgan sud harakatlari” holatlarini tekshirish uchun ishchi guruh tuzgani haqida ma’lum qilingan edi. Ta’kidlanishicha, guruh Jek Smitning faoliyatini ham ko‘rib chiqadi.
“Bosh prokuror Pem Bondi prezident Trampga qarshi tergovlarda sobiq maxsus prokuror Jek Smitga yordam bergan kamida 20 nafar prokuror va yordamchi xodimlarni ishdan chetlashtirdi”, deyiladi telekanal materialida.
Manbalarga ko‘ra, ishdan bo‘shatilgan ayrim xodimlar prokuratura faoliyatida muhim rol o‘ynamagan, balki oddiy yordamchilar bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Bundan oldin Fox News telekanali AQSH adliya vazirligining yangi rahbariyati Trampga qarshi jinoiy ishlar bilan shug‘ullangan maxsus prokuror Jek Smit idorasining o‘ndan ortiq xodimini ishdan bo‘shatgani haqida xabar bergan edi.
2022-yil noyabr oyidan boshlab Smit Trampga qarshi maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlash va 2020-yilgi saylov natijalarini bekor qilishga urinish bo‘yicha tergov ishlariga rahbarlik qilgan. Trampning saylovlardagi g‘alabasidan so‘ng bu jarayonlar to‘xtatildi, chunki amaldagi davlat rahbarlarini javobgarlikka tortish mumkin emas.
Izoh (0)