Yevropa mamlakatlari uzoq vaqt davomida Afrikani talab kelgan va endi ular Afrika mamlakatlarining rivojlanishiga hissa qo‘shishlari shart. Bu haqda Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti Siril Ramaposa Avstriya prezidenti Aleksandr Van der Bellenning mamlakatga davlat tashrifi paytida aytdi.

“Yevropaning katta qismi Afrikadagi resurslarni qazib olish orqali haqiqatan ham katta taraqqiyotga erishgani bois endi Yevropa Afrika qit’asini rivojlantirish jarayonida ishtirok etishi va o‘tmishdagi kabi g‘ayrat ko‘rsatishi kerak, deb hisoblayman. Biroq bu safar — savdo qilish, sarmoya kiritish va Afrika qit’asini rivojlantirish yo‘lida”, dedi u.
O‘z navbatida, Van der Bellen Avstriyaning Afrikada hech qachon mustamlakalari bo‘lmaganini ta’kidlagan.
“Yaxshimi yoki yomonmi bilmayman-u, lekin Avstriya Afrikada mustamlakachi davlat bo‘lmagan”, dedi u.
Van der Bellenning qo‘shimcha qilishicha, hozirda Fransiya Afrikada jiddiy muammoga duch kelmoqda, chunki Mali, Niger va Burkina Fasoda uning manfaatlariga putur yetgan.
Ikki yil oldin Janubiy Afrika Respublikasi va Gana G‘arbiy Yevropa davlatlari va AQSHdan Afrikaga qul savdosi uchun tovon undirish maqsadida butun dunyo bo‘ylab kampaniya boshlagandi. Ularning rejalariga ko‘ra, tovon puli miqdori muzokaralar davomida belgilanishi kerak.
1999-yilda Gana poytaxti Akkrada bo‘lib o‘tgan Afrika mamlakatlariga mustamlakachilik va qul savdosidan yetkazilgan zararni aniqlash bo‘yicha maxsus komissiya konferensiyasida 777 trillion dollar miqdoridagi summa e’lon qilindi.
Izoh (0)