Buyuk Britaniyaning Imperial kolleji va Demensiya tadqiqot instituti olimlari aniqlashicha, tunda takroriy ko‘riladigan dahshatli tushlar inson salomatligiga jiddiy tahdid solishi mumkin. Yevropa Nevrologiya akademiyasining Helsinkida o‘tgan kongressida taqdim etilgan yirik tadqiqot natijalari buni isbotlaydi.

Aniqlanishicha, qo‘rqinchli tushlar biologik qarish jarayonini tezlashtiradi va 70 yoshga yetmasdan vafot etish ehtimolini uch barobarga oshiradi.
Tadqiqotchilar 26 yoshdan 86 yoshgacha bo‘lgan 183 mingdan ortiq kattalar hamda 8–10 yosh oralig‘idagi 2400 ga yaqin bolalarning ma’lumotlarini tahlil qildi. Ular 1,5 yildan 19 yilgacha bo‘lgan davrda kuzatuv ostida o‘rganilgan. Natijalarga ko‘ra, haftasiga kamida bir marta dahshatli tush ko‘radigan odamlar orasida erta o‘lim xavfi chekuvchi, semiz yoki sport bilan shug‘ullanmaydigan odamlarga qaraganda yuqoriroq bo‘lgan.
Tadqiqotda xromosomalar ustki qismida joylashgan va hujayralar qarishi bilan qisqaradigan DNK bo‘laklari — telomeralar uzunligi ham o‘lchandi. Dahshatli tushlarni tez-tez ko‘radigan odamlarda bu telomeralar ancha qisqaroq bo‘lib chiqdi. Shuningdek, ularning biologik yoshi pasport yoshidan katta bo‘lib, bu holat turli yoshdagi, jinsdagi va etnik guruhlarga mansub kishilarda kuzatildi.
Bunday salbiy ta’sirga uyquning buzilishi va kuchli stress sabab bo‘ladi. Dahshatli tushlar kortizol — hujayra qarishini tezlashtiruvchi stress gormoni darajasining keskin oshishiga olib keladi. Uyquning buzilishi tufayli tana to‘qimalari va organlarining tiklanish jarayonlari sekinlashadi.
Garchi ushbu tadqiqot dahshatli tushlar bilan erta o‘lim orasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatgan bo‘lsa-da, olimlar natijalarni ehtiyotkorlik bilan talqin qilishni tavsiya etadi. Chunki dahshatli tushlar o‘zlari ham sog‘liq bilan bog‘liq yashirin muammolarning belgisi bo‘lishi mumkin. Shuning uchun aniq xulosa chiqarish uchun qo‘shimcha tadqiqotlar zarur.
Tunda dahshatli tushlar ko‘rish holatidan qutulish uchun olimlar xavotirni kamaytirish ustida ishlashni, depressiyani davolashni va uxlashdan avval dahshatli filmlarni tomosha qilishdan tiyilishni tavsiya qiladi.
Izoh (0)