24-avgust kuni tunda Turkiya transport vaziri Abdulqodir Uralo‘g‘lu X (Twitter) ijtimoiy tarmog‘iga poytaxt Anqara yaqinidagi avtomagistralda mashina haydayotgani aks etgan videoni joylashtirgan. Videoda vazirning xalq qo‘shiqlari va prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on chiqishlaridan parchalarni tinglab ketayotgani ko‘ringan. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, videoda Uralo‘g‘lu tezlikni 190 km/soatdan 225 km/soatgacha oshirgani ko‘rinadi. Biroq aynan o‘sha yo‘lda maksimal tezlik chegarasi 140 km/soat etib belgilangan.
Uralo‘g‘lu oradan bir necha soat o‘tib, videoni qaytadan joylashtirgan va tezlik qoidalarini buzgani uchun jarimaga tortilganini tan olgan.
“Anqara–Nigde avtomagistralini tekshirish uchun rulga o‘tirdim va qisqa muddatga tezlik me’yorini oshirib yubordim. Video orqali o‘zimni fosh qildim”.
Vazir e’lon qilgan xabarnomada 225 km/soat tezlikda mashina haydagani qayd etilgan bo‘lib, unga 9 267 turk lirasi miqdorida jarima solingan.
“Izoh berib o‘taman: bundan buyon ancha ehtiyotkor bo‘laman. Tezlik qoidalariga rioya qilish hammaga majburiydir”, deb yozgan Uralo‘g‘lu.
Izoh (0)