O‘zbekistonda 2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari faolligining milliy reytingi joriy etiladi. Bu haqda prezidentning 20-iyunda e’lon qilingan farmonida belgilandi.

Unga ko‘ra, reyting quyidagi asosiy yo‘nalishlardagi erishilgan natijalar bo‘yicha tuziladi:
- davlat organlarining inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish samaradorligi;
- davlat xizmatlarini ko‘rsatishning tezkorligi va sifati;
- davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi;
- davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi;
- davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining raqamlashtirilganlik darajasi;
- respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari va ular o‘rinbosarlarining faoliyati samaradorligi;
- normativ-huquqiy hujjatlar bilan joriy etilgan hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa reytinglar;
Reyting natijalariga ko‘ra quyi pog‘onadagi davlat idoralarining ish usullarini o‘zgartirish, boshqaruv jarayonlarini optimallashtirish (BPR-reinjiniring) choralari amalga oshiriladi hamda hukumat majlislarida rahbarlar faoliyatiga baho berib boriladi.
Belgilanishicha, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, shuningdek, xodimlari faoliyati samaradorligini baholash sohasida muvofiqlashtiruvchi davlat organi hisoblanadi;
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, shuningdek, xodimlari faoliyati samaradorligini baholash, shu jumladan, eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash masalalariga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan majburiy tartibda kelishiladi.
Prezidentning ushbu farmoni bilan 2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat xizmatchilari lavozim maoshi ularning ish tajribasi, ilmiy va malaka darajasi, natijadorligi hamda boshqa ko‘rsatkichlardan kelib chiqib shakllantiriladi. Davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yil muddatga tuziladi va keyinchalik faoliyatining ijobiy natijalariga ko‘ra mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga uzaytiriladi. Davlat xizmatchilari xizmat safari rejasi va natijalari, geografiyasi, xodimlar soni hamda xarajatlarni onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratilishi ham belgilandi.
Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat xizmatchilari yiliga kamida bir marta tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Ularda sog‘lom ovqatlanish keng joriy qilinadi hamda shirinliklar, yog‘li, xamir solingan oziq-ovqat mahsulotlari va taomlar, shuningdek, odam sog‘ligiga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi boshqa turdagi mahsulotlarning savdosi cheklanadi.
Izoh (0)