Odatda odamlar uy-joyini, avtomobilini yoki sog‘lig‘ini sug‘urtalash bilan cheklanadi. Biroq mashhurlar uchun tashqi ko‘rinish, ovoz yoki biror tana a’zosi butun faoliyatining asosi bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ular o‘zlarini har tomonlama himoya qilish maqsadida tanasining muayyan qismlarini millionlab dollarga sug‘urtalaydi.
Xaydi Klum — oyoqlar
Sug‘urta summasi: 2,2 million AQSH dollari

Victoria’s Secret brendining mashhur modeli va TV boshlovchi Xaydi Klum oyoqlarini sug‘urtalagan. Qiziq tomoni shundaki, uning chap oyog‘i ancha arzon baholangan, chunki unda bolalikdagi jarohatdan qolgan kichik chandiq bor. Shunga qaramay, oyoqlarning umumiy sug‘urta qiymati 2 million dollardan oshgan.
Bryus Springstin — ovoz paychalari
Sug‘urta summasi: 6 million dollar

Rok musiqa yulduzi Bryus Springstin o‘zining un paychalari va ovozini sug‘urtalagan. “Born in the U.S.A.” taronasi bilan tanilgan qo‘shiqchining ovozi 6 million dollarga baholangan.
Rianna — oyoqlar
Sug‘urta summasi: 1 million dollar

Barbadoslik xonanda Rianna ham oyoqlarini sug‘urtalagan. 2007-yilda u Gillette kompaniyasi tomonidan “Afsonaviy oyoqlar egasi” deb e’tirof etilgach, xonanda shu zahoti oyoqlarini 1 million dollarga sug‘urtalagan.
Merayya Keri — ovoz va oyoqlar
Sug‘urtaning umumiy summasi: 70 million dollar

Xonanda Merayya Keri qisqa vaqt ichida yuqori notalarga chiqa olishi bilan mashhur. Uning ovoz paychalari va oyoqlari har biri 35 million dollarga sug‘urtalangan.
Krishtianu Ronaldu va Devid Bekxem — oyoqlar

Bekxemning 195 million dollarlik sug‘urta shartnomasi sport tarixidagi eng yirik polis bo‘lgan va uni bir necha kompaniya birgalikda kafolatlagan. Ronaldu esa oyoqlarini 145 million dollarga sug‘urtalagan.
Amerika Ferreyra — tabassum
Sug‘urta summasi: 10 million dollar

Aktrisa Amerika Ferreyra Aquafresh tish pastasi brendini reklama qilgach, kompaniya tomonidan uning betakror tabassumi sug‘urtalangan. Ferreyra keyinchalik hazil aralash shunday degan:
“Men hech qachon tabassumim 10 million turadi deb o‘ylamagandim!”.
Gordon Remzi — til
Sug‘urta summasi: 10 million dollar

Britaniyalik mashhur oshpaz Gordon Remzi o‘z ta’m retseptorlarini, ya’ni tilini 10 million dollarga sug‘urtalagan. Sug‘urta mashhur Lloyd’s of London kompaniyasi orqali amalga oshirilgan.
Izoh (0)