2022-yil apreli boshida Bosniya va Gersegovinada urush boshlanganiga 30 yil to‘ladi. Bu sobiq Yugoslaviyadagi urushlarning birinchisi ham, oxirgisi ham emasdi — u vaqtgacha Sloveniya mustaqilligi uchun qisqa urush tugab bo‘lib, Xorvatiya mustaqilligi uchun urush borayotgan edi, u yerda serblar va chernogoriyaliklar nazorati ostidagi Yugoslav armiyasi Xorvatiyaning Dubrovnik va Vukovar shaharlarini qamalga olib, yoppasiga artilleriya o‘qlari yog‘dirayotgan edi. Jurnalist ayol Miryana Tomich¹ 1980-yillar oxiri va 1990-yillar boshida Ispaniyaning El Pais gazetasining Bolqondagi muxbiri bo‘lib ishlagan va ushbu harbiy nizolarni yoritgan. Tomich o‘zining urushdagi ish tajribasi haqida va o‘z oilasining boshidan o‘tkazganlari asosida propaganda oqibatlari to‘g‘risida “Meduza”ga so‘zlab berdi.
Men o‘zim asli Belgraddanman, lekin 17 yoshimda stipendiya bo‘yicha Yugoslaviyadan AQShga ketganman. AQShda o‘qib bo‘lib, ta’limni Meksikada davom ettirganman. Jurnalistlikka deyarli tasodifan kirib kelganman: gap shundaki, magistrlik diplom ishimni Grenada haqida yozgandim — u Karib havzasida joylashgan kichik orol bo‘lib, AQSh aralashuviga qadar, markscha jamiyat tuzishga uringan. Ammo mening meksikalik tanishlarim bu tarix haqida hech narsa bilmasdi, shuning uchun mahalliy gazetada Grenada haqida maqola chiqarishga qaror qildim.
Yugoslaviyaga umuman qaytmoqchi emasdim, Amerika qit’asida o‘tgan 13 yildan keyin men Ispaniyaga keldim, u yerda mening El Pais gazetasi tahririyatiga yo‘llagan xatimni “Fikrlar” bo‘limida chop etishdi. Shundan keyin menga gazeta bosh muharriri qo‘ng‘iroq qilib, ularning Bolqondagi muxbiri bo‘lishni taklif etdi.
Yakunda men Yugoslaviyaga qaytdim, u yerda uzoq vaqt bo‘lmaganim uchun o‘zimni bir vaqtning o‘zida ham yaqin, ham begona his qilardim. Bir tomondan, men Belgradda tug‘ilganman va u yerda ona tilimda so‘zlashaman, boshqa tomondan esa — rivojlanib borayotgan voqealarni autsayderga xos qiziquvchanlik bilan kuzatardim. 1988-yil oktabrida millatchilik propagandasi har tomondan bor kuch bilan amalga oshirilayotgan edi — ammo intelligensiya bunga deyarli hech qanaqa e’tibor bermasdi, aholining qolgan qismi esa jurnalistik etikaning bor me’yorlarini buzuvchi gazeta maqolalari va teleko‘rsatuvlarga zo‘r ishtiyoq bilan mukkasidan ketardi.
Yugoslaviya Kommunistlar ittifoqi²ning qulash jarayoni bu paytga kelib yakunlangan edi. Sobiq kommunistlar tobora ko‘proq natsionalistik (millatchilikka xos) nutqlardan foydalanrdi va allaqachon bir-biri bilan jang qilishni boshlab yuborgandi. Bular bundan bir necha yil avval “qardoshlik va birdamlik”³ni targ‘ib qilgan odamlarning o‘zi edi.
Serbiyada Slobodan Miloshevich4 partiya ichidagi kurash chog‘ida o‘zining bosh raqibi, Ivan Stambolich5dan xalos bo‘lgan edi, u esa Miloshevichdan farqli o‘laroq, antinatsionalist edi. Bu vaqtga kelib Trepchadagi konchilar ish tashlashi6 bo‘lib o‘tgan, u esa o‘z navbatida Sloveniyada birdamlik aksiyalariga olib kelgan edi. Biroq Miloshevich muloqotga kirishish o‘rniga, o‘zining 1989-yildagi mashhur nutqi7 bilan chiqish qildi. Bu keskin o‘zgarish yasagan lahza bo‘ldi.
Kosovo haqida hech narsa deya olmayman, chunki men albanchani bilmayman va u yerdagi gazetalarda nima yozganlaridan xabarim yo‘q, ammo o‘zaro nafrat kuchayishining ilk yo‘nalishlaridan biri Belgrad — Lyublyana bo‘ldi. Xorvatiya qanchadir muddat betaraf qolishga urindi, Bosniya esa umuman jim bo‘lib qoldi, chunki ular birinchi katta muammolar aynan ulardan boshlanadi, deb gumon qilgan edi, axir ularning respublikasida etnodiniy muvozanat eng qaltis edi, shu sababli ularning OAVlari o‘zlarini ancha vazmin tutdi.
Shu yerda bitta narsani eslatib o‘tmoqchiman, urush kontekstida Bosniya haqida gapirganda uni multietnik (ko‘p millatli) jamiyat deb tilga olishadi, ammo sotsializm davrida bu barcha respublikalar ichida erkinlik darajasi eng past bo‘lgani edi, Bosniya — tom ma’noda kommunistik repressiyalar sinonimi edi. Har qanday bosniyalik, milliy yoki diniy tegishliligidan qat’i nazar, intellektual ma’noda toza havodan nafas olish uchun yo Belgradga, yo Zagrebga jo‘nab ketar edi.
O‘sha vaqtdagi Yugoslaviya OAVlariga kelsak, YuSFR (Yugoslaviya Sotsialistik Federativ Respublikasi (1945—1992) oltita ittifoq respublikalaridan tashkil topgan edi, bular: Serbiya, Sloveniya, Xorvatiya, Makedoniya, Chernogoriya, Bosniya va Gersegovina. Serbiya tarkibiga ikkita muxtor o‘lka — Kosovo va Voyevodina kirgan) federatsiya bo‘lganini esda tutish kerak, u ancha markazlashtirilmagan holatda edi. Jamoatchilik — ya’ni fakt bo‘yicha davlat — televideniyesi har bir respublikada alohida, o‘z tilida efir olib borar edi, va umumyugoslav ko‘rsatuvlari ko‘p emasdi. G‘oya shundan iborat ediki, televideniye shu tariqa xalqqa yaqin bo‘lardi. Davlat televideniyesi nafrat tarqatish va urush propagandasi bo‘yicha oldingi safda borardi, ammo ayni vaqtda bunga qarshi turuvchi ancha ko‘plab kichik nashrlar va mustaqil radiostansiyalar ham bor edi. Aytganday, eng birinchi urushga qarshi qaratilgan harakatlar va namoyishlar ham Serbiyada, Belgradda bo‘lgan.
Lekin propaganda ish berardi. 13 yildan keyin Belgradga qaytib kelib, ko‘chada eski tanishimni uchratib qoldim. U universitetda san’at tarixidan dars berardi, uning mutaxassisligi kulolchilik bo‘lib, hech qachon siyosatga alohida qiziqmasdi. Biz qahva ustida suhbatlashdik — ammo u shu vaqt davomida biror marta ishlarim qandayligi, shu paytgacha qanday yashaganligim haqida so‘ramadi. Uning birinchi savoli: “Hozir Kosovoda nimalar bo‘layotganini8 bilasanmi?” — bo‘ldi. Shundan keyin u 40 daqiqacha to‘xtamasdan gapirib, asosan voqealarning rasmiy versiyasini bayon qilib berdi. Shunday uchrashuvlarning yana ikkita-uchtasidan keyin vaziyat qanchalik chuqurlashganini tushuna boshladim.
Shuni esda tutish muhimki, Ikkinchi jahon urushi jinoyatlari9ni hamma yaxshi eslardi. Ular haqida hamma narsani bilishardi, lekin tarixiy hodisalarni anglab yetish baribir yuz bermadi — kelinglar, buni shunchaki unutib yuborib, qardoshlik va birdamlikda yashaymiz — rasmiy nuqtai nazar shunga olib kelayotgan edi. Lekin bu bunaqasiga ishlamaydi. Men buni yaxshi bilaman, chunki Ispaniyada yashab ko‘rganman, u yerda fuqarolar urushi tugaganiga 80 yildan oshgan bo‘lsa ham, ko‘pchilik o‘z ota-bobolari kim tomonidan bo‘lganini haligacha yaxshi eslaydi. Yugoslaviyada ham shunday — men o‘zim shaharlikman, ammo qishloq joylarda, ayniqsa, ommaviy qirg‘inlar va etnik tozalashlar bo‘lgan joylarda, bobo-buvilari kimning qo‘lidan nima azob ko‘rganini hamma yaxshi eslaydi. Va bularning hammasi esga tusha boshladi. Shunchaki emas — buni OAVlar faol eslata boshladi.
Birinchi tashvishlantiruvchi belgi shu bo‘ldiki, Serbiya gazetalarida xorvat legionerlari, fashistlari10 va hokazolar to‘g‘risida maqolalar birin-ketin paydo bo‘la boshladi. To‘g‘risini aytganda, bunday holat faqat Serbiyada emasdi. Yugoslaviya ancha kichik mamlakat edi, shuning uchun, u davrlarda internet bo‘lmasa ham, qo‘shni respublikalarda nima o‘qishayotgani yoki tinglashayotganini bilib olish qiyin emasdi — sizga yaqin gazeta kioskasiga borish yoki radio murvatini kerakli to‘lqinga sozlash kifoya edi. Ya’ni Bosniyadagi serblar va xorvatlar Belgrad yoki Zagreb radiosini tinglay olardi.
Yugoslaviya urushlarida men Mostar11dan tashqari barcha frontlarda bo‘lganman. Mening o‘z otam u yerda o‘z ko‘zim bilan ko‘rganlarim haqidagi hikoyalarimga ishonmasdi. Davlat televideniyesiga mendan ko‘ra ko‘proq ishonardi.
O‘shanda 35 yoki 36 yoshda edim, u bilan gaplashmayotganimizga ancha bo‘lgandi, u onamga meni “vijdonli serb ayoli” qilib tarbiyalamaganini, men “haqiqiy serb bo‘lish” nima ekanini tushunmasligimni aytibdi. Har safar aslida nima bo‘layotganini aytib berishga uringanimda, u — qo‘ysang-chi, hammasi yolg‘on, seni manipulyatsiya qilishyapti, derdi. O‘shanda, 1992 yoki 1993-yil edi, Belgraddan Banya-Lukaga (Bosniya va Gersegovinadagi shahar, Serb Respublikasi poytaxti) ketishim kerak bo‘lib qoldi. Biz Bosniyadagi serb kuchlari, ularning o‘z tili bilan aytganda, “tozalagan” — ya’ni u yerda mutlaqo hamma narsani yo‘q qilgan shaharlardan yurib o‘tdik. O‘sha paytlarda otam bilan sal-pal muloqot qilib turardik, va men uni birga ketishga, shahardagi mehmonxonada tunab, ertasi kuni qaytib kelishga ko‘ndirdim. U rozi bo‘ldi.
To‘rt soatcha yo‘l bosishimiz kerak edi, rulda otam o‘tirardi. U vayronagarchiliklar ko‘lamini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganidan keyin qaltiray boshladi. U axir Mautxauzen [natsistlar konslageri]dan o‘tgan, Ikkinchi jahon urushida partizan bo‘lgan. Bularni ko‘rganidan keyin u: “Hatto natsistlar ham bunaqasini qilmagan edi”, — dedi. Men esa o‘shanda juda darg‘azab edim, otam allaqachon 70 dan oshgan edi, men esa unga yuzingizni burmang, qarang, bularning hammasini sizning serb “xaloskorlar”ingiz qilgan — derdim.
Biz Banya-Lukaga kelganimizda, u yerda faqat bitta mehmonxona ishlab turgan ekan. Mening press-kartam bor edi, blokpostdagi askarlar yonimdagi yoshi ulug‘ kishi kim deb so‘rashganida, u otam ekanini, shaharda men bilan tunab qolishini aytdim. Tasodifni qarang, o‘sha tunda u yerda Radovan Karajich12 ham o‘z soqchilari bilan qolgan ekan — u harbiy jinoyatchi, keyinroq u Gaagada sudlangan. Va bu odamlar otamni shunchalik dahshatga solgan ediki, uni ovqatlanish uchun pastga tushishga zo‘rg‘a ko‘ndirdim. Ertasi kuni u avtobusga o‘tirib, uyga jo‘nab ketayotganida hamrohlaridan biri urushda aslida nimalar bo‘layotgani haqida yanada ko‘proq voqealarni so‘zlab beribdi. Otam onamga hech narsa demabdi, faqat “gazetalar bizni aldab kelgan ekan” debdi.
Men psixolog emasman, lekin o‘z tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, gap faqat propagandada emas. Shunchaki odamlar voqelik (reallik, haqiqat) shunchalar dahshatli bo‘lishi mumkinligiga ishonishdan bosh tortgan.
Men urushning Xorvatiya frontida bo‘lganimda sog‘-omon ekanimni aytish uchun uyimga, Belgraddagi onamga qo‘ng‘iroq qila olmasdim: telefon liniyalari endi ishlamasdi. Shuning uchun birinchi Bosniyadagi dugonamga qo‘ng‘iroq qilardim, u esa onamga sim qoqib gapimni yetkazardi. Bosniyadagi odamlar esa shunday holat ular bilan ham yuz berishi mumkinligiga oxirgi lahzagacha ishonmay keldi. Esimda, Xorvatiyada turib sarayevolik tanishimga — u hozir Buyuk Britaniyada yashaydi — qo‘ng‘iroq qilganimda va ularni nima kutayotgani haqida aytib berganimda, meni hammasi yaxshi bo‘lishiga ishontirmoqchi bo‘lgandi.
Bu vaqtda esa Vukovar13 va Dubrovnik14 vayron qilinib bo‘lgandi. U yerda serb propagandasi hech kimga hujum qilmasligi, faqat muqarrar hujumdan himoyalanayotganini aytib ishontirgandi. Aniqrog‘i, Chernogoriya propagandasi — Dubrovnikni qamal qilishda asosan chernogoriyaliklar qatnashgandi, ular o‘sha vaqtda “Rim papasidan ham pokroq” edi. Ular keyinroq Chernogoriyani NATOga olib kirgan odamlar15ning xuddi o‘zi edi. Hozir mening yoshim ularniki bilan teng, men ularni yaxshi eslayman.
Lekin men shuni ham bilamanki, propaganda kamdan-kam hollarda to‘liq yolg‘ondan iborat bo‘ladi. Masalan, bilamanki, xorvatlar eski Dubrovnikdagi eng chiroyli ko‘chalardan biriga minomyot qo‘yib, Yugoslaviya artilleriyasi turgan tepaliklarga o‘q uzgan, — bunga javoban shahar shafqatsiz o‘qqa tutilishini juda yaxshi bilgan holda.
Srebrenitsa16ni esa men ko‘rishga ulgurmadim: 1994-yilda meni va yana 20 nafar chet ellik jurnalistni Serbiya hukumati mamlakatdan quvib yubordi. Men ular orasida yagona yugoslaviyalik edim.
Shuning uchun urushlar tugaganidan keyin oddiy odamlar yoki davlat matbuoti xodimlari ushbu hodisalar uchun o‘z aybi qay darajda bo‘lganini o‘z-o‘ziga qanday izohlaganini ayta olmayman. Ammo shuni aniq bilamanki, urush saboqlaridan hech kim xulosa chiqarmagan. Hozir Serbiya va Bosniyada siyosatchilar 30 yil oldingi gaplarni gapirib yotibdi, va bu nimalarga olib kelishini tushunganlarning barchasi tezroq jo‘nab qolishga urinmoqda.
Izohlar
¹Miryana Tomich — Venadagi Concordia press-klubi va Forum Journalismus unda Medien (FJUM) matbuot instituti seminarlari rahbari.²Yugoslaviya Kommunistlar ittifoqi — Yugoslaviya Sotsialistik Federativ Respublikasi (YuSFR)dagi hukmron partiya, unga barcha oltita federative respublikalar kompartiyalari, shuningdek, Yugoslaviya xalq armiyasidagi partiya tashkiloti kirgan. 1990-yil yanvarida XIV favqulodda qurultoy chog‘ida, qurultoy tugamasidan turib, uni oltita respublikadan to‘rttasi (Serbiya va Chernogoriyadan tashqari) delegatsiyalari tark etganidan keyin amalda mavjud bo‘lishdan to‘xtagan.
³“Qardoshlik va birdamlik” — Yugoslaviya Kompartiyasi shiori bo‘lib, ko‘p sonli zavodlar, maktablar, sport jamoalari va boshqalar, shuningdek, oltita respublikadan to‘rttasi hududidan o‘tuvchi federal trassa uning sharafiga nomlangan.
4Slobodan Miloshevich — Yugoslav va serb siyosatchisi, Serbiya (1991—1997) va Yugoslaviya Ittifoq Respublikasi (1997—2000) prezidenti. Tilga olinayotgan davrda dastlab Serbiya Kompartiyasi MQ prezidiumi raisi, so‘ng esa Serbiya Sotsialistik Respublikasi prezidiumining raisi lavozimini egallagan. 2000-yilda prezident saylovlarida mag‘lub bo‘lgan va “bulldozer inqilobi” sifatida mashhur bo‘lgan ommaviy namoyishlar natijasida hokimiyatdan ag‘darilgan. 2001-yilda sobiq Yugoslaviya bo‘yicha Xalqaro sudga berilgan va hukmni kutmasdan 2006-yil 11-martda Gaagadagi qamoqxona kamerasida infarktdan vafot etgan.
5Ivan Stambolich — Yugoslav va serb siyosatchisi, Slobodan Miloshevichning safdoshi va yaqin do‘sti. Serbiya (Kommunistlar ittifoqi) Kommunistik partiyasi rahbari bo‘lgan, 1987-yilda partiya ichidagi to‘ntarish natijasida Miloshevich uni bu mansabidan tushirgan. 2000-yilda serb maxsus xizmatlari zobitlari guruhi tomonidan o‘ldirilgan. Keyinchalik sud bu Slobodan Miloshevichning shaxsiy buyrug‘i bilan amalga oshirilganini aniqladi
6Trepchadagi konchilar ish tashlashi. Trepcha — Mitrovitsa yaqinidagi yirik tog‘ sanoati majmuasi. 1989-yil fevralida u yerda Kosovo albanlaridan bo‘lgan konchilar ish tashlab, Kosovo muxtoriyati saqlanishini va o‘lkada asosiy mansablardagi Miloshevich tarafdorlari iste’fo berishini talab qildi. Ish tashlash Xorvatiyada va Sloveniyada, shu jumladan Sloveniya Kompartiyasining o‘sha vaqtdagi rahbari (va mustaqil Sloveniya bo‘lajak prezidenti) Milan Kuchan tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
7Miloshevichning Gazimestandagi nutqi. 1989-yil 28-iyun kuni Slobodan Miloshevich 1389-yilda Kosovo urushi bo‘lib o‘tgan maydonda nutq so‘zladi. Bu serblarning millat sifatida o‘z-o‘zini anglashida eng muhim voqealardan biri bo‘lib, unda serb xalqi birdamligini va ulug‘vorligini qayta tiklashga chaqirdi. Nutqning eng esda qolarli qismi Miloshevichning ushbu maqsad yo‘lida qurolli janglar ham istisno qilinmasligi haqidagi gapi bo‘ldi.
8 Bu vaqtda Kosovoda nimalar bo‘layotgandi? 1989-yilda Serbiyada (Kosovo uning tarkibiga muxtor o‘lka sifatida kirardi) hokimiyat tepasiga Slobodan Miloshevich kelishi fonida alban bo‘lmagan aholining ommaviy ko‘chib ketishi va to‘xtovsiz tartibsizliklar. Miloshevich hukmronligi davrida o‘lka Belgraddan muxtorligini amalda yo‘qotdi, rahbar lavozimlarga esa uning gumashtalari tayinlana boshladi.
9Bu qanday jinoyatlar? Zamonaviy Yugoslaviya hududi Ikkinchi jahon urushida natsistlar Germaniyasi va unga ittifoqdosh davlatlar: Italiya, Vengriya va Bolgariya istilosi ostida edi. Serbiya va Xorvatiyada natsistparast qo‘g‘irchoq rejimlar o‘rnatilgan edi. Bo‘lajak YuSFR hududlarida partizanlar ozodlik kurashidan tashqari, hammaning hammaga qarshi shafqatsiz fuqarolar urushi borayotgan edi, unda xorvat va sloven kollaborantlari (ustashlar va domobranlar) ham, serb monarxistlari (chetniklar) ham, kommunist partizanlar ham bir-birining ham, bosib olingan yerlardagi tinch fuqarolarning ham shafqatsizlarcha jazosini berar edi.
10Xorvatiya Ikkinchi jahon urushi davrida. 1941—1945-yillarda zamonaviy Xorvatiya, Bosniya va Sloveniya hududining bir qismida natsistlar Germaniyasining qo‘g‘irchoq tuzilmasi — Xorvatiya Mustaqil Davlati mavjud edi. U yerda serblar, yahudiylar va boshqa milliy ozchiliklarga nisbatan o‘lim lagerlarida genotsid olib borilardi. Xorvatiyalik ko‘ngillilar vermaxt (fashistlar Germaniyasi qurolli kuchlari) tarkibida, shu jumladan, 369-piyodalar polkida (“Xorvat legion”) jang qilgan.
11 Mostar — Bosniya va Gersegovinadagi, dastlab Yugoslaviya armiyasi va Xorvatiya mudofaasi o‘rtasidagi, so‘ng xorvat va musulmon kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlardan qattiq jabr ko‘rgan shahar.
12Radovan Karajich — serbiyalik siyosatchi, Bosniya va Gersegovina Yugoslaviya tarkibidan chiqishiga javoban bosniyalik serblar tomonidan e’lon qilingan Serbiya Respublikasining birinchi prezidenti (1992—1996). 2008-yilda hibsga olingan va sobiq Yugoslaviyadagi harbiy jinoyatlar bo‘yicha Xalqaro tribunal tomonidan genotsidlar, harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlarni tashkillashtirganlik uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.
13Vukovar — xorvat mustaqillik urushi chog‘ida Vukovar shahri 1991-yil avgustidan noyabrigacha Yugoslaviya armiyasi kuchlari (Yugoslaviya parchalangan paytga kelib, u asosan serblar va chernogoriyaliklardan iborat edi) qamali ostida edi va bir necha oylar davomida artilleridan yoppasiga o‘qqa tutilgan va havodan bombardimon qilingan.
14Dubrovnik qamali — Xorvatiyaning Adriatika qirg‘oqlaridagi o‘rta asrlarga xos shahri 1991-yil oktabridan 1992-yil mayiga qadar Yugoslaviya qo‘shinlari qamali ostida qolgan hamda quruqlikdan va dengizdan yoppasiga o‘qqa tutilgan. Chernogoriyada (Dubrovnikni qamal qilgan Yugoslaviya armiyasi qo‘shinlari esa asosan chernogoriyaliklardan iborat edi) Dubrovnik qamalini “tinchlik uchun kurash” va Xorvatiya tomonidan tajovuzning oldini olish bilan izohlashardi. Oqibatda Dubrovnikdagi YuNESKO himoyasi ostidagi eski shahar ma’lum darajada vayron bo‘ldi.
15Qanaqa odamlar? 1991-yildan 1998-yilgacha, ya’ni YuSFR parchalanganidan keyin, Yugoslaviya Ittifoq respublikasi tarkibidagi Chernogoriya bosh vaziri Milo Jukanovich edi — xuddi shu odam keyinroq Chernogoriya 2006-yilda Serbiya bilan ittifoqdan chiqqanidan keyin Chernogoriya bosh vaziri, undan keyin esa prezidentiga aylanadi. Aynan Jukanovich davrida Chernogoriya NATOga kirgan va YeI a’zoligiga nomzodga aylangan.
16Srebrenitsadagi qirg‘in — Srebrenitsa shahrida Serbiya Respublikasi qo‘shinlari tomonidan Ratko Mladich qo‘mondonligi ostida 1995-yil iyulida bosniyalik musulmonlar orasidan qariyb sakkiz ming nafar erkaklar va o‘g‘il bolalarning ommaviy o‘ldirilishi. BMT Xalqaro sudi va sobiq Yugoslaviya bo‘yicha Xalqaro tribunal bu xatti-harakatlarni genotsid deb tan olgan.
Izoh (0)