O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari maxsus xizmatlari rahbarlarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zAning xabar qilishicha, ushbu tadbir O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining VII Maslahat uchrashuvidagi raisligi doirasida tashkil etildi. Tadbir ochilishida ishtirokchilarga Shavkat Mirziyoyevning murojaati o‘qib eshittirildi. Unda Markaziy Osiyo davlatlari maxsus xizmatlari muloqoti mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shma yondashuvlar va ta’sirchan mexanizmlarni ishlab chiqishga xizmat qilishi qayd etildi.
Uchrashuv davomida asosiy e’tibor mintaqa mamlakatlari xavfsizligiga zamonaviy tahdidlar va xatarlarga baho berishning yagona yondashuvlarini ishlab chiqish, shuningdek, ularni bartaraf etishda maxsus xizmatlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik samaradorligini oshirish masalalariga qaratildi.
Tomonlar mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm, ekstremizm, noqonuniy narkotik va qurol-yaroq aylanmasiga qarshi kurashish, transmilliy jinoyatchilik, axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash sohalaridagi dolzarb masalalarni hamda o‘zaro manfaatli boshqa hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Qayd etilishicha, ushbu tadbir Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘lib, mintaqada tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlash maqsadida maxsus xizmatlar rahbarlarining muntazam uchrashuvlariga asos soldi.
Shavkat Mirziyoyev aprel oyining boshlarida Euronews’ga bergan intervyusida Markaziy Osiyo beshligida O‘zbekistonning raisligi davrida quyidagi uchta ustuvor yo‘nalishga alohida eʼtibor qaratilishini aytgandi: mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish va ekologik barqarorlikni taʼminlash.
Prezident Markaziy Osiyo O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanishini qayd etib o‘tgandi.
Izoh (0)