Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahar tibbiyot birlashmasida shifokor pichoqlandi. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 11-dekabr kuni Quvasoy shahar tibbiyot birlashmasida fuqaro N.A. ushbu birlashma boshlig‘i N.X. bilan o‘zaro kelishmovchilik sababli janjallashib, yonida bo‘lgan pichoq bilan unga og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning “Daryo” so‘roviga ko‘ra aniqlik kiritishicha, voqea kuni 27 yoshli A.N. Nexia-3 mashinasida kirib kelgan. Quvasoy shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i N.X. uni to‘xtatib, shifoxona hududida avtomashinasini tez haydagani bo‘yicha tanbeh berib, tushuntirmoqchi bo‘lganida u shifokor bilan o‘zaro janjallashib ketgan.
Janjal davomida shifokor A.N.ning yuz qismiga qo‘llari bilan urgan. A.N. esa yonida bo‘lgan pichoq bilan N.X.ning tanasining turli joylariga urib tan jarohati yetkazgan. Oqibatda N.X. tan jarohati olib, shifoxonaga murojaat qilgan.
Quvasoy shahar tibbiyot birlashmasining bergan dastlabki ma’lumotnomasiga ko‘ra, N.X.da o‘ng tomonlama ko‘krak qafasi oldi yuzasi qo‘ltiq osti chizig‘i bo‘ylab 5-, 6-qovurg‘alar oralig‘iga 1,5-1 santimetr atrofidagi ko‘krak qafasini teshib o‘tgan jarohati hamda o‘mrov o‘rta chizig‘i bo‘ylab 7-, 8-qovurg‘alar oraliq sohasiga 1,5-0,5 santimetr ko‘krak qafasini teshib o‘tmagan jarohatlar mavjudligi ko‘rsatilgan.
Holat yuzasidan shahar IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “l” bandi (qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumon qilinuvchi N.A. ushlangan.
Izoh (0)