Namangan shahar hokimi hududlarda noqonuniy o‘rnatilgan radarlarni olib tashlashni so‘rab, viloyat YHXB boshlig‘iga xat yo‘lladi.

Unda keltirilishicha, jamoatchilik, yoshlar tomonidan aholi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar va muhokama yig‘ilishlarida, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida o‘rnatilgan avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari tomonidan jarimalarning qo‘llanishidan norozilik kayfiyatlar ortib borishi, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatda olib borilayotgan boshqaruvga nisbatan salbiy fikrlar bildirilishiga sabab bo‘lmoqda.
Shuningdek, bino-inshootlarning tom qismlari, shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari tasarrufidagi yoritish tayanchlariga belgilangan me’yorlarga zid ravishda o‘rnatilgan fotoradarlar tomonidan jarimalarning qo‘llanishi oqibatida Namangan shahrining fuqarolariga moddiy va ma’naviy zarar keltirmoqda.
Xatda Namangan shahri, Davlatobod hamda Yangi Namangan tumanlarida Vazirlar Mahkamasining qaroriga zid ravishda o‘rnatilgan kameralarni KAAT tizimidan o‘chirish hamda ular tomonidan qayd etilgan qoidabuzarliklarga jarimalar qo‘llash ishlarini to‘xtatish so‘ralgan.
Bundan avval hukumat belgilangan tezlikdan yuqori harakatlanganda qo‘llaniladigan chegirmani oshirishga oid qonun loyihasini parlamentga kiritgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)