Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Andijon shahridagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida o‘tayotgan xalq saylida so‘zga chiqib, Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasini abadiylashtirish maqsadida Yangi Andijon shaharchasiga Bobur shahri deb nom berishni taklif qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Ishonchim komil, bu tashabbus har tomonlama xalqimizning ko‘nglidagi ish bo‘ladi. Nega deganda, hazrati Bobur — jahon tarixida kamdan-kam uchraydigan shunday benazir, ulug‘ zotki, uning sharafiga nafaqat ko‘cha va maydonlar, bog‘-u rog‘lar, balki alohida shahar bunyod etsak, albatta arziydi.
Nega deganda, Bobur Mirzo — Temuriylar Renessansining munosib davomchisi, ilm-fan, madaniyat, sanʼat va adabiyot hamda isteʼdod homiysi bo‘lgan buyuk shaxsdir.
Uning yoshlik paytlaridan yurtda tinchlik va adolat o‘rnatish uchun olib borgan kurashlari, bu yo‘lda ko‘rsatgan mardlik va jasorati fidoyilik va vatanparvarlik maktabidir.
Hech shubhasiz, qomusiy bilim va tafakkur egasi bo‘lgan bu mumtoz ajdodimizning birgina “Boburnoma” asari uchun ham uning sharafiga mana shunday go‘zal shaharchani bunyod etsak arziydi”, dedi prezident.

Ushbu tashabbus qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi.
Izoh (0)