Disney kompaniyasi bizga barcha vaqtlarning eng buyuk animatsion filmlarini taqdim etdi. Muxlislar ularni doimiy ravishda qayta tomosha qilishadi. Ammo shunday multfilmlar borki, ular tomoshabinlarda bir nechta javobsiz savollarni keltirib chiqaradi.
Sevimli Disney multfilmlaridan ayrim tushunarsiz lahzalar.
“Sohibjamol va Maxluq”
Hikoyaning boshida sehrgar shahzodani la’natlaydi, u yetarlicha katta bola sifatida ko‘rsatilgan. Sehrda aytilishicha, agar u o‘zining 21 yoshga to‘lguniga qadar muhabbatini topmasa, abadiy maxluq ko‘rinishida qoladi.
Keyinroq Lyumyer qasrda yashovchilar 10 yildan buyon tavqi la’nat ostida ekanini aytadi. Bu esa shahzodaning 11 yoshida maxluqqa aylanganini anglatadi. Bu holat nafaqat hikoyaning boshidagi sahnalarga zid, balki biroz adolatsiz ham ko‘rinadi. Axir 11 yoshli bolaning begona ayolga qo‘pol munosabati bunchalik og‘ir jazoga loyiqmi?
Bundan tashqari, agar shahzoda 11 yoshda bo‘lsa, uning ota-onasi qayerda edi? Hikoyada qirol yoki malika haqida hech narsa aytilmaydi. Ular Parijda bo‘lib, hokimiyat yuritadimi? Bolani katta saroy va xizmatkorlar bilan yolg‘iz qoldirish — bu haqiqatga yaqinmi? Butun qasrda yashovchilar g‘oyib bo‘lgan bo‘lsa, shuncha vaqt davomida hech kim ularni izlamaganmi?
Bell shaharga kirib borganida u atrofdagi odamlardan o‘zining qanchalik yaxshiroq ekani haqida kuylaydimi? Yoki shahar aholisi bu g‘alati qizni ularning jamiyatiga mos kelmasligini kuylashni boshlaganmi? Kim birinchi bo‘lib bu ziddiyatli ohangni boshlab berdi? Bu savollar haligacha javobsiz qolmoqda.
“Zolushka”
Zolushkaning tuflisi bilan bog‘liq savollar. Shahzoda qanday qilib balldan keyin notanish qizni aynan tufli orqali izlashga qaror qildi? Axir u qizning yuzini ko‘rgan. Agar saroy xizmatchilari Zolushkani uyiga yetib borishdan oldin tasodifan boshqa bir qizning oyog‘i aynan o‘sha tufliga sig‘ib qolganida nima bo‘lardi?
Agar shahzoda bu qizni chin dildan topmoqchi bo‘lgan bo‘lsa, nega o‘zi uni izlamadi? U bu mas’uliyatni saroy xizmatkorlariga topshiradi. Bu esa biroz g‘alati.
Nega Zolushkaga sehr yordamida berilgan boshqa kiyim-kechaklar tongda yo‘qolgan bo‘lsa-da, tuflilar o‘z holicha qolgan? Axir ularni ham sehrgar ayol bergandi.
“Oppog‘oy va yetti gnom”
Bu multfilmdagi yovuz malikaning o‘ziga bo‘lgan ishonchi pastga o‘xshaydi. U juda jozibali ko‘rinsa-da, oynadan har doim: “Men eng chiroylimanmi?” deb so‘raydi va oyna unga “yo‘q” desa, darhol ishonadi.
Aslida Oppog‘oy chiroy ochguncha yillar o‘tadi. Shunday savol tug‘iladi: Oppog‘oy oyna chiroyliroq deb aytgan birinchi qizmi? Yoki malika ilgari ham o‘zidan chiroyli deb hisoblanganlardan xalos bo‘lishga harakat qilganmi? Ehtimol, malikada uzoq ro‘yxat bo‘lib, o‘sha ro‘yxatdan oynaning aytganlariga qarab odamlarni yo‘q qilib borgan. Qiziq, agar oyna bir kun “sendan chiroyliroq yigit bor” desa, malika nima qilgan bo‘lardi?
“Uyqudagi malika”
Nega Malefisenta Avrorani qidirishga borib 16 yil kutdi? U qushni yuborganidan so‘ng qizni bir kun ichida topdi. Ammo agar qush uni topishga ulgurmadi deb tasavvur qilsak, unda barcha sehr zoye ketgan bo‘larmidi?
Balki, qirol va malikaning ziyofatiga chaqirilmagani uchun Malefisenta faqat ular uchun qasos olishni istamagan. Ehtimol, u boshqa ishlar bilan shug‘ullanishni davom ettirgan. So‘ngra qasd olishi kerakligi esiga tushgan.
“Olovuddin”
Agar qo‘lingda odamlarni bo‘ysundira oladigan gipnoz qiluvchi tayoq bo‘lsa, jin nimaga kerak? Ja’far esa bu tayoq yordamida sultonni qayta-qayta o‘z xohishiga bo‘ysundiradi. Uzoq ta’sir qilmasa-da, bu orqali u hokimiyatni qo‘lda ushlab tura oladi.
Agar Ja’far Agrobani boshqarishni istasa, sultonni oddiygina o‘zini boshqaruvchi etib tayinlatib qo‘ysa bo‘lmasmidi? Yoki Jasminga uylanish masalasi — unchalik to‘g‘ri bo‘lmasa-da, tayoq yordamida bajarilishi mumkin edi. Agar uning asosiy maqsadi jinni boshqarish bo‘lsa, nega u Olovuddinni gipnoz qilib, lampani olib qo‘ymadi?
“O‘yinchoqlar tarixi”
Filmdagi asosiy voqealardan biri shundaki, Bazz Layter o‘zini o‘yinchoq deb hisoblamaydi. U haqiqiy kosmik reynder ekaniga ishonadi. Vudi film davomida uning ko‘zini ochishga harakat qiladi.
Lekin agar u haqiqatan ham o‘yinchoqligini inkor qilsa, nega Bazz Layter odamlar yaqinlashganda muzlab qoladi? Bu o‘yinchoqlarga xos bo‘lgan instinktmi? Yoki u o‘z haqiqati haqida biladi, lekin uni inkor qiladimi? Yoki bu, ehtimol, katta bir syujet xatosi?
“Vall-I”
Nega aynan shu birgina “Vall-I” roboti omon qolgan? Minglab boshqa robotlar yo‘qolgan, faqat shu qolgan. U boshqalarni o‘zi yo‘q qilgan bo‘lishi mumkinmi? Agar shunday bo‘lsa, bu eng romantik robotga butunlay boshqacha rakursdan qarashga majbur qiladi.
Izoh (0)