Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlat rahbari Andijondagi sanʼat maktabiga Sherali Jo‘rayev nomini berishni taklif qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, davlat rahbari Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541-yilligi munosabati bilan butun xalqni adabiyot va ilm-maʼrifat bayrami bilan chin dildan tabrikladi.
Bobur va uning ajdodlari xotirasiga munosib hurmat-ehtirom ko‘rsatish maqsadida Andijon shahrida Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i hududida juda keng ko‘lamli qurilish ishlari rejalashtirilgani maʼlum qilindi. Bo‘lajak majmua har jihatdan muhtasham, betakror mazmun va shaklga ega bo‘lishi, Bobur va boburiylar sulolasining olamshumul shon-shuhratiga to‘la munosib bo‘lishi kerakligi taʼkidlandi.
Shuningdek, prezident o‘zbek qo‘shiqchilik sanʼati rivojida o‘chmas iz qoldirgan O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti, Alisher Navoiy mukofoti sovrindori, mashhur hofiz Sherali Jo‘rayev nomini barcha alohida hurmat bilan esga olishimizni taʼkidladi. Davlat rahbari Andijon shahridagi sanʼat maktabiga Sherali Jo‘rayev nomini berish taklifini ilgari surdi.
Bu maktab Musiqa va sanʼat kollejiga aylantirilib, grant asosida zamonaviy kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Yangi o‘quv va turar joy binosi, zarur infratuzilma obyektlari barpo etiladi, shuningdek, Sherali Jo‘rayev byusti o‘rnatiladi.
Yig‘ilishda viloyat hokimi, kompleks va tarmoqlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.
Izoh (0)