Ukrainada “Golos” partiyasidan saylangan deputat Andrey Osadchuk Yevropa yetakchilari Ukrainada kechayotgan kattalikdagi urushga tayyormasligini aytdi. Deputat Sky news’ga bergan intervyusida bu haqda gapirdi.
“O‘nlab yillar davomida Yevropa qit’asi gullab-yashnadi. Davlat rahbarlari esa faqat fuqarolarga qanday qulaylik yaratish haqida o‘ylashi kerak edi. Natijada, davlat rahbarlari harbiy rahbar bo‘lishga mutlaqo tayyor emas”, — dedi u.
Deputatning fikricha, Yevropa davlatlari rahbarlari, garchi urushdan “qo‘rqsa-da”, endi chetda turolmaydi.
“Ukrainaning g‘alabasidan boshqa yo‘l yo‘qligi ayon bo‘ldi. Lekin, afsuski, Ukrainaga harbiy yordam berishda hamon kechikishlar bo‘lmoqda”, — dedi deputat.
Shuningdek, Osadchuk Zelenskiyning Ukrainani harbiy qo‘llab-quvvatlash, aslida, Yevropa kelajagiga sarmoya ekani, chunki bu yevropaliklarga o‘z askarlarini urushdan himoya qilishga imkon berishini aytgan so‘zlarini eslatdi. Deputat britaniyalik jurnalistlar bilan suhbatda tanklar mavzusiga ham to‘xtalib, og‘ir zirhli texnikasiz Ukraina hujum qilolmasligini bildirdi.
“Buyuk Britaniya 12 yoki 14 ta yangi tank yetkazib berishini e’lon qildi, bu, ehtimol, o‘z sinfidagi eng yaxshilaridan biri bo‘ladi”, — dedi deputat.
Shu bilan birga, u front chizig‘i 1 000 kilometrdan uzoqroqqa cho‘zilgani, shuning uchun Ukraina qurolli kuchlari nafaqat o‘zini himoya qilishi, balki o‘z hududlarini ham ozod qilishi kerakligini qayd etdi.
Mavzuga doir: AQSH Milliy razvedkasi Ukrainaning mag‘lubiyati global oqibatlarga ega bo‘lishi haqida ogohlantirdi
Izoh (0)