Saudiya Arabistoni olimi Avad Al-Qarniy Twitter va WhatsApp’dan foydalangani uchun o‘limga hukm qilindi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
65 yoshli Al-Qarniy islohot tarafdori bo‘lgan huquq professori bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarda qirollikka “dushman” deb topilgan xabarlarni tarqatishda ayblangan. 2017-yil sentabrida uning hibsga olinishi o‘sha paytda yangi tayinlangan valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon tomonidan muxolifatga qarshi kurashning boshlanishi bo‘lgan.
Al-Qarniyga qo‘yilgan ayblov tafsilotlari haqida uning o‘g‘li Nosir aytgan. U 2022-yil qirollikdan qochib ketgan va Buyuk Britaniyadan boshpana so‘ragan. Al-Qarniy Saudiya Arabistoni nazoratidagi ommaviy axborot vositalarida “xavfli voiz” sifatida tasvirlangan, ammo dissidentlar Al-Qarniy ziyoli va hurmatga sazovor odam bo‘lib, Twitter’da 2 million obunachiga ega bo‘lganini aytgan.
Muhojirlikda yashayotgan inson huquqlari faollari va saudiyalik dissidentlar qirollik Saudiya hukumatini tanqid qilgan shaxslarga nisbatan yangi va shafqatsiz tazyiqlar o‘tkazayotgani haqida ogohlantirgan.
2022-yili Lids aspiranti va ikki farzandning onasi Salma al-Shabob Twitter’da akkauntga ega bo‘lgan, dissidentlar va faollarni kuzatib, retvit qilgani uchun 34 yilga qamalgan edi. Yana bir ayol Nura al-Qahtaniy Twitter’dan foydalangani uchun 45 yilga qamoq jazosiga hukm qilingan.
Ammo Nosir Al-Qarniy tarqatgan ayblov hujjatlari shuni ko‘rsatdiki, ijtimoiy media va boshqa aloqa vositalaridan foydalanish qirollikda shahzoda Muhammad hukmronligining boshidan beri jinoyat hisoblangan.
Saudiya Arabistoni hukumati va davlat tomonidan nazorat qilinadigan sarmoyadorlar so‘nggi paytlarda AQSH ijtimoiy tarmoqlari, jumladan Twitter va Facebook, shuningdek, Disney kabi ko‘ngilochar kompaniyalardagi moliyaviy ulushlarini oshirgan. Saudiyalik sarmoyador shahzoda Al-Valid bin Talal Ilon Mask ijtimoiy media platformasini egallab olganidan keyin Twitter’dagi ikkinchi yirik investor bo‘lgan.
Investorning o‘zi 2017-yilda korrupsiyaga qarshi tozalash jarayonida 83 kun hibsda saqlangan. Shahzoda Al-Valid qirollik bilan “maxfiy kelishuv”ga erishganidan so‘ng qo‘yib yuborilganini aytgan.
Izoh (0)