AQSH mamlakatga noqonuniy olib kelingan 2,5 ming yillik sarkofagni Misrga qaytardi. Bu haqda Gizmodo xabar berdi.
Misrda qadimiy yodgorliklarning o‘g‘irlanishi azaldan muammo bo‘lib kelgan va Misr hukumati so‘nggi yilliklarda mamlakatdan noqonuniy olib chiqib ketilgan minglab artefaktlarni qaytarish ustida ishlamoqda. Sarkofag tobut turlaridan biri bo‘lib, qadimgi Misrda ishlatilgan va ko‘pincha murakkab rasmlar hamda yozuvlar bilan bezatilgan.
Misrga qaytarilgan sarkofagning uzunligi taxminan 9,5 futni tashkil qiladi. Unda Misr yozuvida ierogliflar chizilgan va tobut qopqog‘ida katta yashil yuz aks etgan. Misrning Qadimiy yodgorliklar Oliy Kengashi a’zosi Mustafo Vaziriy bu sarkofag so‘nggi sulola davriga tegishli ekani, ya’ni uning yoshi taxminan 2 500 yilligini aytdi.
“Bu tobut mintaqadagi son-sanoqsiz qadimiy ashyolarni talon-toroj qilgan yaxshi tashkil etilgan tarmoq tomonidan o‘g‘irlangan. Obyekt Misrga qaytarilishidan xursandmiz”, — dedi Manxetten okrugi prokurori Elvin Bregg.
Mavzuga doir: Olimlar Misr fir’avni Ramzes II ning yuzini qayta tikladi (video)
Izoh (0)