G‘arb mamlakatlari Rossiyani qo‘shinlarni qaytadan guruhlash va qurol-yarog‘ zaxiralarini to‘ldirish imkoniyatidan mahrum qilishga e’tibor qaratishi zarur. Bu haqda Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak Shimoliy Yevropa mamlakatlari yetakchilari sammitida aytib o‘tdi, deb yozadi Washington Examiner.
“Bu Rossiyaga qurol yetkazib berish zanjirini kuzatib, xalqaro ko‘makning oldini olish zarurligini bildiradi”, — deya aniqlik kiritdi u.
Shu bilan birga, Sunak Ukraina G‘arb mamlakatlaridan ko‘proq harbiy yordam olishi kerakligini aytdi. U 2023-yilda Buyuk Britaniya Kiyevga kamida 2,3 milliard funt sterling ajratishini, buni yirik hajmda artilleriya yetkazib berishdan boshlashini va’da qildi.
Shuningdek, u “Rossiya tomonidan o‘t ochishni to‘xtatishga qaratilgan bir tomonlama da’vat joriy vaziyatda butunlay mantiqsiz” ekanini aytdi, chunki u “Rossiya tomonidan qayta guruhlanish, o‘z qo‘shinlarini mustahkamlash uchun foydalanilishi mumkin”. Sunakning fikricha, Rossiya o‘z qo‘shinlarini olib ketmaguniga qadar hech qanday real muzokaralar bo‘lmasligi kerak.
Rossiyaga qurol yetkazib berilishi haqida gapirayotib, Britaniya bosh vaziri Eronni tilga oldi.
Avgust oyida The Washington Post gazetasi Rossiyaga Eron dronlari yetkazib berilayotgani haqida yozgandi. Bungacha, iyul oyida AQSH ma’muriyati Tehronning Moskvaga bir necha yuzlab uchuvchisiz uchoqlarni, jumladan, qurol olib yurishga qodir dronlarni topshirish rejalari haqida ma’lumotga ega ekanini bildirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya Ukrainadagi urushda Eronda ishlab chiqarilgan Shahed-131 va Shahed-136 dronlaridan foydalanmoqda, Rossiya Qurolli kuchlari ularning nomini “Geran-1” va “Geran-2” deb o‘zgartirib olgan. Rossiya rasmiylari dronlarning Erondan olib kelinishini tan olmayapti.
Noyabr oyi boshida Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Abdullohian Rossiyaga bir qancha dronlar yuborilganini tasdiqlab, bu urush boshlanishidan bir necha oy oldin sodir bo‘lganini aytdi.
Izoh (0)