Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy harbiylarning buyruqni bajarishdan bosh tortganlik, xizmat joyini tark etganlik va jangovar sharoitlarda bir qator boshqa qonunbuzarliklari uchun jazoni kuchaytiruvchi qonun loyihasini qabul qilishga chaqirdi. Bosh qo‘mondon qonunni imzolashga chaqiruvchi Telegram postida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga murojaat qildi.
“Armiya tartib-intizomga asoslangan. Agar qonunchilikdagi bo‘shliqlar unga rioya qilishni ta’minlamasa va qonunga bo‘ysunmaganlar harbiy to‘lovlarning 10 foizigacha bo‘lgan jarima to‘lash yoki sinov orqali jazo olish bilan cheklansa, bu adolatdan bo‘lmaydi”, — deb yozdi Zalujniy.
Uning ta’kidlashicha, harbiylar tomonidan buyruqlarni bajarmaslik va boshqa tartib-intizom buzilishlari tufayli frontning tashlab ketilgan uchastkalarini boshqa harbiy xizmatchilar bilan to‘ldirishga to‘g‘ri kelmoqda, bu esa “yo‘qotishlar ko‘payishiga” sabab bo‘ladi. “Ko‘p hollarda boy berilgan pozitsiyalarni hujum bilan tiklash qimmatga tushmoqda. Bunday bo‘lmasligi kerak”, — deya qo‘shimcha qildi UQK bosh qo‘mondoni.
Shuningdek, Zalujniy armiyada “pozitsiyalarni ruxsatsiz tark etishga olib keladigan” muammolar mavjudligini tan oldi va ularni bartaraf etish ustida ishlayotganiga ishontirdi. Qismlar komandirlarining o‘zi jazosiz qolishi xavfi haqida gap ketganda, UQK Bosh qo‘mondoni bunday muammo yo‘qligini, chunki ular o‘z harakatlari uchun ham javobgar ekanini aytdi.
Bosh qo‘mondon nazarda tutayotgan qonun loyihasi 13-dekabr kuni Ukraina Oliy Radasi tomonidan qabul qilingan va imzolash uchun prezidentga yuborilgan edi. Hujjatda bir qator harbiy intizomlarni buzganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish muddatini oshirish nazarda tutilgan.
Xususan, qonun loyihasida buyruqqa rioya qilmaganlik uchun 3 yildan 7 yilgacha, bo‘linma yoki xizmat joyini o‘zboshimchalik bilan tashlab ketganlik uchun 5 yildan 10 yilgacha, qochoqlik uchun — 5 yildan 12 yilgacha, jang maydonini ruxsatsiz tark etganlik yoki qurol ishlatishdan bosh tortganlik uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
15-dekabr kuni Ukraina prezidentining veb-saytida fuqarolarning ushbu qonun loyihasiga veto qo‘yish so‘rovi aks etgan petitsiya chop etildi. 20-dekabrga qadar u 32 000 dan ortiq ovoz to‘plagan, petitsiyani ko‘rib chiqish uchun esa 25 000 ta ovoz kerak.
Izoh (0)