Yarim himoyachi Kristian Eriksen katta futbolga qaytdi.
U Angliya Premyer Ligasining “Brentford” klubi bilan 6 oylik shartnoma imzoladi. Avvalroq kelishuvning yana bir yilga uzaytirilishi mumkinligi to‘g‘risida ham xabarlar yangragandi. “Brentford” Angliya chempionatining 23-turidan keyin 14-o‘rinda bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, Eriksen 2021-yilning 12-iyunida Yevro—2020 doirasidagi Daniya va Finlyandiya o‘rtasidagi o‘yinda (0:1) yurak xurujini boshdan o‘tkazgandi, unda klinik o‘lim holati kuzatilgan va maydonda uning hayoti saqlab qolingandi. Shundan keyin unga kardioverter-defibrillyator o‘rnatildi.
Bunday qurilma bilan Italiyada futbol o‘ynash taqiqlangani bois Eriksen “Inter”dan ketishga majbur bo‘ldi. Milanliklar bilan dekabr oyida shartnomani bekor qilgan Kristian o‘sha vaqtdan beri erkin agent maqomida bo‘lib turgandi.
Avvalroq Yevropaning boshqa jamoalaridan takliflar borligiga qaramay Eriksenning Angliyaga qaytishni xohlayotgani haqida xabar berilgandi.
Qayd etish kerak, daniyalik futbolchi uchun APL begona emas. U 2013-yildan 2020- yilgacha “Tottenhem”da to‘p surgan.
Izoh (0)