AQSH prezidenti Donald Trampning so‘nggi paytlarda ommaviy chiqishlarida bildirgan g‘alati bayonotlari kognitiv muammolar belgisi bo‘lishi mumkin. Bu ekspertlarga tayanib, haqda The Guardian gazetasi yozmoqda.

Kornell universiteti psixologiya kafedrasi va Veyl Kornell tibbiyot markazi psixiatriya kafedrasining katta o‘qituvchisi Garri Sigalning aytishicha, suhbat mavzularining keskin o‘zgarishi Trampning “o‘ylamay chalg‘ishi”ga misol bo‘ladi.
“U shunchaki o‘zini nazorat qilmay va izchil fikr yuritmasdan mavzularni o‘zgartiradi”, deydi Garri Sigal.
Mutaxassisning fikricha, 79 yoshli Trampning kognitiv qobiliyatidagi o‘zgarishdan dalolat beruvchi yana bir xususiyat - uning konfabulyatsiyalarga moyilligidir.
“Bu g‘oyani yoki allaqachon sodir bo‘lgan voqeani olib, unga hali bo‘lmagan narsani qo‘shishdir”, deb tushuntiradi Sigal.
Ekspert Trampning amakisi pochta orqali bombalar jo‘natgan amerikalik matematik Teodor Kachinskiy - Unabombyer bilan tanish bo‘lgani haqidagi noto‘g‘ri bayonotini tilga olgan. Trampning aytishicha, uning amakisi, professor Jon Tramp Kachinskiyga Massachusets texnologiya institutida dars bergan.
The Guardian tushuntirishicha, Trampning amakisi 1985-yilda vafot etgan, Kachinskiy esa birinchi marta 1996-yilda o‘z laqabi bilan omma oldida tilga olingan. Bundan tashqari, Kachinskiy Massachusets texnologiya institutida tahsil olmagan.
“Hikoya mutlaqo ma’nosiz, ammo juda samimiy va ta’sirli tarzda so‘zlanmoqda, go‘yo u buni eslayotgandek”, deydi ekspert.
Mutaxassislar Trampning kundalik nutqida mavzularni keskin o‘zgartirgan holatlarga ham e’tibor qaratishgan. Nashrning qayd etishicha, AQSH prezidenti saylovoldi va’dalarining bajarilishi haqida gapirar ekan, to‘satdan uylarni suv bilan ta’minlash mavzusiga o‘tib, shaxsiy afzalliklari haqida gapirgan.
The Guardian yozishicha, Texasdagi toshqin oqibatlari, Ukraina va G‘azo sektoridagi vaziyat, Eronga berilgan zarbalar va bojlarni muhokama qilish uchun chaqirilgan hukumat yig‘ilishida Tramp vazirlar mahkamasi majlislar zalini qanday bezatgani haqida 13 daqiqalik monolog so‘zlagan.
Shuningdek, nashrda psixolog va yozuvchi, 28 yil davomida Jons Xopkins universiteti tibbiyot maktabida psixiatriya kafedrasi dotsenti bo‘lib ishlagan Jon Gartnerning bahosi keltirilgan.
“Biz ko‘rayotganimiz - demensiyaning klassik belgilari, ya’ni insonning dastlabki holati va funksiyalarining keskin yomonlashuvi. Bundan keyin ahvol faqat yomonlashadi. Bu mening bashoratim”, degan u.
AQSH prezidenti o‘zining sog‘lom ekanini bir necha bor ta’kidlagan va o‘zidan oldingi prezident Jo Baydenning kognitiv muammolariga ishora qilgan. U sobiq prezidentga, jumladan, saylovoldi poygasi paytida kognitiv testlarni topshirish va natijalarni taqqoslashni taklif etgan.
Izoh (0)