Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani “Chimyon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududiga noqonuniy ravishda chiqindi tashlangani aks etgan video tarqaldi. Ekologiya boshqarmasi aybdor jazolanganini bildirdi.

Videotasvirda yuk mashinasi qurilishdan qolgan chiqindilarni tog‘ga to‘kayotgani aks etgan. Oqibatda atrof-muhitni chang bosgan. Maydonga bundan avval ham bir necha marta ko‘p miqdorda chiqindi tashlanganini ko‘rish mumkin.
Ijtimoiy tarmoq faollari chiqindi tashlangan joy Ugom-Chotqol milliy bog‘i hududi ekanini yozgan. Daradan daryo oqib, Chimyon qishlog‘iga o‘tishi bildirilgan. So‘nggi suv Chorvoq suv omboriga quyiladi. U yerda esa minglab odamlar dam oladi.
“Bunday chiqindi bazasi ekotizim, suv resurslari va inson salomatligiga bevosita tahdid soladi”, deya xavotir bildirgan faollar.
Mazkur xabardan keyin Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi holat yuzasidan bayonot bilan chiqdi. Qayd etilishicha, davlat ekologik nazorati inspektorlari tomonidan vaziyat o‘rganilgan. Natijada ikki nafar shaxs chiqindilarni belgilanmagan joyga to‘kkani aniqlangan.
Huquqbuzarlik bo‘yicha aybdor shaxslarga nisbatan “Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksining tegishli moddalari asosida maʼmuriy javobgarlik chorasi ko‘rilgan. Biroq aynan qanday jazo qo‘llangani, qancha jarima yozilgani to‘g‘risida to‘xtalib o‘tilmagan.
Izoh (0)