Shimoliy Norvegiya qirg‘og‘idagi g‘orda olimlar 75 ming yil avvalgi 46 turdagi hayvon sutemizuvchilar, baliqlar va qushlarning suyaklarini topdilar. Tadqiqotchilarning aytishicha, bu qadimiy ekotizim Yevropada so‘nggi muzlik davrining nisbatan iliq oralig‘ida mavjud bo‘lgan. Loyiha natijalari Proceedings of the National Academy of Sciences (PNAS) jurnalida e’lon qilindi.

Topilma 1990-yillarda kashf etilgan, ammo 2021-2022-yillargacha deyarli o‘rganilmagan Arne Kvamgrotta g‘oridan topilgan. Keng ko‘lamli qazishmalar shuni ko‘rsatdiki, muzliklar chekinishidan so‘ng bu hudud muzdan xoli bo‘lgan. Bu ko‘plab hayvonlar, jumladan, shimol bug‘ulari, Grenlandiya kitlari, morjlar, Atlantika treskasi va oq ayiqlar uchun qulay sharoit yaratgan.
Shuningdek, g‘ordan ilgari Skandinaviyada qayd etilmagan va hozirda Yevropada yo‘q bo‘lib ketgan deb hisoblanayotgan tuyoqli lemminglarning qoldiqlari ham aniqlangan.

DNK tahlili shuni ko‘rsatdiki, o‘sha davrda bu hududda yashagan hayvonlarning aksariyati sovuq iqlimning qaytishiga bardosh bera olmagan. Ularning avlodlari yashash muhitining o‘zgarishi bilan yo‘q bo‘lib ketgan.
“Bu kashfiyotlar yo‘qolib ketgan Arktika dunyosiga nazar tashlash va sovuqsevar turlarning zaifligini tushunish imkonini beradi”, deydi tadqiqotning hammuallifi, Bornmut universitetidan Sem Uoker.
Olimning ta’kidlashicha, olingan ma’lumotlar zamonaviy tabiatni muhofaza qilish uchun ham muhim: bugungi kunda Arktika hayvonlari yana tez o‘zgaruvchan iqlimga, ammo endi yanada parchalangan va cheklangan hududlar sharoitida duch kelmoqda.

Oslo universiteti professori Sanne Bessenkelning qo‘shimcha qilishicha, topilgan qoldiqlar dengiz va quruqlik faunasini o‘z ichiga olgan murakkab va boy qirg‘oq ekotizimidan dalolat beradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday ma’lumotlar kamdan-kam uchraydi, chunki Arktikada 10 ming yildan oldingi hayot izlari deyarli saqlanib qolmagan.
Tadqiqotchilarning fikricha, qadimgi hayvonlarning sovuq qaytishiga moslasha olmagani zamonaviy turlar uchun ham ogohlantirish vazifasini o‘tashi mumkin, chunki ular ham shunday iqlim o‘zgarishlariga duch kelishi ehtimoli bor.
Izoh (0)