Joriy yil I yarmida mintaqada Qirg‘iziston iqtisodiy o‘sishi eng yuqori surʼat kasb etdi.

Olti oy mobaynida Qirg‘iziston yalpi ichki mahsuloti 11,7 foizga o‘sgan. Bu Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkich.
Iqtisodiy o‘sish bo‘yicha ikkinchi o‘rinni Tojikiston band etgan — 8,1 foiz. Uchinchi o‘ringa O‘zbekiston to‘g‘ri keladi. Mamlakat yalpi ichki mahsuloti 2025-yil I yarmida 7,2 foiz ko‘paydi.
O‘z o‘rnida Turkmaniston iqtisodiy o‘sishi 6,3 foizni, Qozog‘istonniki 6,2 foizni tashkil etgan.
Qirg‘iziston iqtisodiy o‘sish surʼati bo‘yicha ham mintaqada yetakchi bo‘lgan. Mamlakat yalpi ichki mahsuloti 2024-yil mos davridagiga qaraganda 3,6 foiz bandga tezlashgan. Keyingi o‘rinni Qozog‘iston egallagan. Respublikada yalpi ichki mahsulot hajmi ortish surʼati olti oyda 3 foiz bandga tezlashgan. Tojikistonda iqtisodiy o‘sish 1,9 foiz bandga, O‘zbekistonda 0,6 foiz bandga tezlashgan.
Biroq mintaqada Qozog‘iston eng yirik iqtisodiyotga ega. 2024-yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti qariyb 288 milliard dollarni tashkil etgan. Bu aholi jon boshiga 14 ming dollardan ko‘proqqa to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rinni O‘zbekiston iqtisodiyoti egallaydi. O‘tgan yili respublika yalpi ichki mahsuloti hajmi 115 milliard dollarga baholangan. Bu miqdor aholi jon boshiga 3 ming 92 dollardan to‘g‘ri keladi.
Maʼlumot uchun, O‘zbekiston joriy yil I yarmida Qozog‘iston bilan eng ko‘p savdo qilgan — 2,2 milliard dollar. Shu bilan birga, mamlakat bilan Turkmaniston 464,1 million dollarlik, Qirg‘iziston 430,2 million dollarlik, Tojikiston 322,3 millionlik tovar va xizmatlar oldi-sotdi qilgan.
Izoh (0)