G‘ijduvon tumani hokim Sherzod Ashurov xalq deputatlari mahalliy kengashining navbatdagi 49-sessiyasida jurnalistlar bilan muloqotda yoshlar tashkilotining ayni kunlardagi faoliyatidan qoniqmayotganini bildirdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
“Bugungi kunda davlat va mahalliy budjetlar, shuningdek, yirik xorijiy investitsiya mablag‘lari evaziga keng ko‘lamda ishlar boshlab yuborilgan. Shu yillarga qadar ham havas qilgulik ishlar bajarilgan. Yaratilayotgan shart-sharoitlar, imkoniyatlarning hammasi aholimiz, ayniqsa, yoshlarimiz kelajagi uchun.
Bugun tumanda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni 84 114 nafarni tashkil etadi. Tumanda faoliyat boshlaganimga olti oyga yaqinlashib qoldi. Raqamlarni bir-bir kuzata turib, og‘rinaman. Tumandan haligacha birorta na ilm-fan, na sport va na san’at sohasida dunyo taniydigan bitta nafar ham yoshlar yetishib chiqmagan ekan. Qaysi yoshimizni dunyo taniydi? Yoshlar siyosati davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan shu yillar orasida yoshlar tashkilotlari nimalar bilan shug‘ullangan?
Bugungi sa’y-harakatlaridan ham qoniqmayman, hokim sifatida rozi emasman. G‘ayrat, shiddat bilan ishlash talab etiladigan davrdamiz. Men tuman yoshlar tashkilotlari rahbaridan e’tiborsizlik va xo‘jako‘rsinlikni batamom tark etishlarini so‘rayman”, — dedi Sherzod Ashurov.
Ma’lumki, 2021-yilning oktabr oyida G‘ijduvon tumani hokimi o‘z xizmat xonasini yoshlarga bo‘shatib bergan edi. Ayni kunda ushbu sinflarda 35 nafar o‘quvchi fizika va matematika fani bo‘yicha olimpiadalarga tayyorlaydigan maxsus dastur asosida o‘qitilmoqda.
“Maqsad fizika va matematika fanlari bo‘yicha viloyat, mamlakat hamda xalqaro miqyosda o‘tkaziladigan olimpiadalarda aynan shu yoshlarning munosib ishtirok etishini ta’minlashdir. 35 nafar o‘quvchi tuman maktablarining 7-sinflarida o‘qiydigan 42 800 nafar bolalar orasidan imtihon orqali saralab olingan va ular bepul ham o‘qitilib, ham issiq ovqat bilan ta’minlangan.
To‘rt nafar o‘qituvchi mukammal dars beradi. Bu bolalarimiz prezident maktablarida, Qorako‘l tuman ixtisoslashtirilgan maktablarida o‘qiydigan o‘quvchilar bilan raqobatda bo‘ladi. Yaqindagina o‘tkazilgan test natijalariga ko‘ra, shu sinfda o‘qiydigan 7-sinf o‘quvchilari maktabdagi fan o‘qituvchisidan ko‘ra yuqori ballni qo‘lga kiritishdi. Demak, uch yil ichida maqsadimiz amalga oshadi. Ular xorij olimpiadalarida, albatta, yutuqqa erishishadi. Bunga ishonaman”, — dedi hokim.
Ta’kidlanishicha, tumanda 67 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi bo‘lib, 14 tasi ta’mirga muhtoj ahvolda. Mazkur maktablarda oliygohlarga kirish darajasi ham bor-yo‘g‘i 18 foizdan kamni tashkil etgan.
Sessiya davomida Sherzod Ashurovning ma’lum qilishicha, tumanning 17 ming nafar aholisi ishsiz. 9400 oilaning daromadi 1,5 million so‘mdan kam, 4400 oila esa 880 ming so‘mlikkacha bo‘lgan daromadga ega.
“Ular muhtoj. Ular pul topolmayapti. Eng asosiy maqsad — ularning ish bilan bandligini ta’minlash. Yaqinda turkiyalik tadbirkor o‘zining yirik loyihasi bilan ish boshladi. Loyihaga ko‘ra, 2000 nafarga yaqin qizlar ishli bo‘ladi. Gilam to‘qishga moslashtirilgan ushbu tadbirkorlik markazi uchun zamonaviy bino ajratilgan. Yaqindagina ish jarayonlari bilan tanishish maqsadida markazga kirdim. Ishonsangiz, qizlarning qariyb yarmining bir qo‘lida telefon, bir qo‘lida gilam to‘qish ilmog‘i (kruchok).
Bir dona ipni o‘tkazishi 5 so‘m. Bu bir kunda 80 mingdan 100 ming so‘mgacha ishlasa bo‘ladi, degani. Oylik kam beriladi emas, mehnat kam qilyapti yoshlar. Bu esa kutilayotgan samara va sarflanayotgan mablag‘ni havoga uchiradi, xolos. Shunga ko‘ra, maishiy xizmatning barcha turlariga yo‘naltirilgan hunarga o‘rgatuv va o‘qituv ishlari yo‘lga qo‘yildi. 40 nafar qiz biriktirildi. Ularning har biriga 600 ming so‘mgacha maosh berilib, yo‘l va ovqatlanish xarajatlari ham qoplanmoqda. Bundan tashqari, 23 nafar qiz, juvon esa hunar va kasbga o‘qituvchilikka tayyorlanmoqda. Uch oydan so‘ng ular 2000 nafar qizlarni boshqarishadi”, – dedi hokim.
Izoh (0)