Little Car Company kompaniyasi afsonaviy Ferrari 250 Testa Rossa’ning kichraytirilgan nusxasini taqdim etdi. Yosh haydovchilar uchun mo‘ljallangan sportkar Italiya markasining original chizmalariga asoslangan bo‘lib, interyerni yaratishda ham haqiqiy avtomobildagidan foydalanilgan. Bundan tashqari, bolalar uchun mo‘ljallangan model elektrodvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, buning yordamida u soatiga 60 kilometr tezlikda harakatlana oladi, deb xabar beradi Motor.
Original Ferrari 250 Testa Rossa modeli 1957-yildan 1958-yilgacha ishlab chiqarilgan. Model sportkarlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida (WSCC) o‘n marotaba, shuningdek, konstruktorlar o‘rtasida uch marta g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lib, marka tarixidagi eng muvaffaqiyatli poyga avtomobillaridan biri hisoblanadi. Italiyalik konstruktorlar jami 40 ga yaqin sportkarni yaratgan bo‘lib, hozirda auksion orqali ularning har biri o‘nlab million dollarga baholanadi.
Sportkarning bolalar uchun mo‘ljallangan versiyasi 3100 millimetrli alyuminiy kuzov, Brembo tormoz diskalari va Pirelli pokrishkalariga ega bo‘lgan. Kichraytirilgan Testa Rossa to‘liq yorug‘lik texnikasi bilan jihozlangan. Muhandislar salonini bezashda original Ferrari’da foydalanilgan tabiiy charm va qurilmalar panelidan foydalangan. Bundan tashqari, mutaxassislar onlayn-konfigurator ham yaratgan bo‘lib, uning yordamida kuzov rangini tanlash va Ferrari 250 Testa Rossa chempionatlarda qatnashgan tarixiy ranglar bilan bezash ham mumkin.
16 ot kuchini taqdim etishga qodir elektromotorga ega mitti sportkar to‘rtta rejimda — Novice, Comfort, Sport va Race ishlay oladi. Bazaviy modifikatsiyada elektrokar soatiga 20 kilometr tezlikda harakatlana oladi. Ammo sport rejimida tezligi soatiga 60 kilometrga yetishi mumkin. Bundan tashqari, “ota-ona nazorati” rejimi ham bo‘lib, u orqali kuchli rejimlarni o‘chirib qo‘yish mumkin.
Firma Ferrari 250 Testa Rossa’ning jami 299 ta nusxasini yaratadi, model narxi hozircha noma’lum.
Avvalroq Lego 400 ming detaldan iborat to‘liq o‘lchamli Lamborghini Sian giperkarini namoyish etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)