Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yilning yoz faslidagi ilk tashrifini Surxondaryo viloyatidan boshladi. 1—2-iyun kunlari viloyatning bir qancha tumanlarida bo‘lib, o‘nlab obyektlarni ko‘zdan kechirgan davlat rahbariga bu gal ham mahalliy jurnalistlar hamroh bo‘ldi. Ikki kunlik amaliy tashrifni joyidan yoritib borgan “Daryo” muxbirlari quyida e’tiborga molik lahzalar muhrlangan reportajni havola qiladi.
601 gektar maydonga qurilayotgan yirik loyiha
Prezident tashrifning birinchi kuni dastlab Sherobod tumanidagi quyosh fotoelektr stansiyasi quriladigan maydonga bordi.
Qayd etilishicha, mazkur loyiha uchun e’lon qilingan ikki bosqichli tenderda BAAning Masdar kompaniyasi eng arzon tarif taklif etib, g‘olib bo‘lgan. Loyiha doirasida ushbu kompaniya tomonidan quvvati 457 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi quriladi. Shuningdek, 220 kVt kuchlanishli yangi nimstansiya va “Surxon” nimstansiyasiga ulanish uchun 52 kilometrlik elektr uzatish tarmog‘i barpo etiladi.
“Ushbu fotoelektr stansiya qurilishi natijasida Surxondaryoning o‘zida yiliga 340 million kub metr tabiiy gaz tejalib, kamida 350 mingta xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi. Bu loyihani amalga oshirish kerakligini hayotning o‘zi majbur qilyapti. Shu bois har bir kilovatt-soat elektr energiyasini 1,8 sent narxida sotib olish imkoniyati paydo bo‘lib, bu respublikamiz va viloyat iqtisodiyoti uchun juda katta yutuq hamda aholiga yengillikdir. Umuman olganda, ushbu stansiyaning barpo etilishi, unda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi va yangi infratuzilmalar viloyatning kompleks rivojlanishiga katta turtki bo‘ladi”, — dedi Prezident.
Ta’kidlanishicha, quyosh fotoelektr stansiyasi uchun 601 gektar maydon ajratilgan. Masdar kompaniyasi 260 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya jalb qiladi. Stansiyaning yillik ishlab chiqarish hajmi 1,04 milliard kVt/soatni tashkil etadi. Inshootni 2023-yilning kuzigacha ishga tushirish rejalashtirilgan.
Tashrif mobaynida Shavkat Mirziyoyev quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi munosabati bilan uning poydevoriga kapsula qo‘ydi.
“Anorchilik bo‘yicha an’ana bor, lekin ilm yo‘q”
Birinchi raqamli vertolyot orqali ikkinchi manzilga yetib borgan davlat rahbari Sheroboddagi 43 gektarli anor bog‘ida bo‘ldi.
“Sardorbek Sultonbek” MChJ tomonidan tumanning “Bo‘ston” mahallasida tashkil etilgan ushbu bog‘da 30 ming donadan ziyod qozoqi navli anor ekilgan. Ko‘chatlar bu yildan hosilga kirdi, anorlar avgust oyida pishishi kutilmoqda.
Prezident shu yerda Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali tadqiqotchilari va anorchilik bo‘yicha tajribaga ega mutaxassislar bilan uchrashib, suhbatlasharkan, xususan, shunday dedi: “Bizda anorchilik bo‘yicha an’ana bor, lekin ilm yo‘q, kitob yo‘q, laboratoriya yo‘q. Anor jaydari usulda yetishtirilyapti. Kasallikdan himoya qilishni hamma ham bilmaydi. Eng katta narsa — nav kerak. Keyin shu navni xonadonlarga kirgazish zarur. Anorchilik bo‘yicha Farg‘ona maktabi boshqacha bo‘lishi kerak, Surxondaryo maktabi boshqacha bo‘lishi kerak. Ikkita ilm maktabi, ikki xil raqobat bo‘lishi lozim”.
Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga Surxondaryoda qishloq xo‘jaligini innovatsion yo‘naltirish bo‘yicha institut tashkil etish, anor bilan birga limon, xurmo yetishtirishni ko‘paytirish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
“Mehnat bo‘lmasa, daromad bo‘lmaydi”
Davlat rahbarining korteji yo‘l-yo‘lakay tumanning “Kattabog‘” mahallasida anorchilik bilan shug‘ullanayotgan Abdurahmon Karimov xonadonida ham to‘xtadi.
Prezident ko‘p yillik tajribaga ega tadbirkor-dehqon bilan muloqot qilarkan, “Hech qaysi davlat, hech qaysi millat mehnatsiz rivojlanmagan. Mening eng katta niyatlarimdan biri – sizga o‘xshagan mehnatsevar xalqimizning barchasini mehnatga da’vat qilish. Mana sizning ‘Abdurahmon anorchi’, degan nomingiz bekorga tarqalmagan, bu mehnatingiz natijasi-da! O‘n, o‘n besh yil oldin faoliyatingizni boshlagan paytingizda sizga hech kim ishonmagan-ku, to‘g‘rimi?!”, — dedi.
Shundan so‘ng, Shavkat Mirziyoyev ustazoda anorchining oila a’zolari bilan suhbatlashdi.
“Mehnat bo‘lmasa, daromad bo‘lmaydi. Shu hovlida, shu tomorqada mehnat qilganlaringiz uchun, rahmat. O‘zi butun dunyoda mehnat qilgan odam hech qachon xor bo‘lmaydi. Hozir aytib bergan gaplari menga ma’qul keldi. Har bir oila o‘z mehnati bilan tinchlikni yaratsa, har bir xonadonni sizlardek mehnat qilishga o‘rgatib olganimizda edi, mamlakatda kam ta’minlangan oilaning o‘zi bo‘lmasdi. Sizlarga minnatdorchilik bildiraman, ilohim, farzandlaringiz kamolini, nevaralaringiz baxtini ko‘ringlar, sog‘ bo‘linglar”, — deya samimiy xayrlashdi Prezident.
Shuningdek, davlat rahbari mahalla faollari, nuroniylar va anorchilikning hadisini olgan dehqonlar bilan ham muloqot qildi.
“Yer kambag‘allikdan qutqaradi, odamni boqadi”
Prezident “Sherobod agro impeks” MChJga qarashli 29 gektarlik zamonaviy issiqxonani ko‘zdan kechirdi. Mazkur majmua 2020-yili ishga tushirilgan bo‘lib, u yerda pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, baqlajon kabi bozorbop mahsulotlar yetishtirilmoqda. Bu yerda 200 nafar mahalliy yoshlar mehnat qilyapti.
Shavkat Mirziyoyev ushbu hududda tashkil etilgan “Sherobod anor impeks” korxonasida ham bo‘ldi. 5 million dollarlik mazkur loyiha natijasida anorni qadoqlash va qayta ishlash yo‘lga qo‘yilgan. Uskunalar Janubiy Koreya va Sloveniyadan keltirilgan. Korxona 6 ming tonna qadoqlash, 2 ming tonna anor sharbati ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda 70 kishi ish bilan ta’minlangan.
Ma’lum qilinishicha, anor mevasi aholi va bog‘dorchilik xo‘jaliklaridan sotib olinadi. Anor bo‘lmagan paytda korxona to‘xtab qolmaydi. Meva-sabzavot va poliz mahsulotlarini saralab, bozorga chiqaradi.
“Endi sektor rahbarlari mutlaqo boshqacha ish tizimiga o‘tadi. Davlatning vakillari mana shunday katta klasterlar bilan xalq o‘rtasida ko‘prik bo‘ladi. Sherobodda 74 ta mahalla bo‘lsa, har birining ichiga kiradi, odamlarning qiziqishiga ko‘ra, taklif beriladi. Mahsulotni qabul qilib oluvchi klasterlar bozorni o‘rganadi, eng talab yuqori bo‘lgan tovarga buyurtma beradi. Tomorqa – oziq-ovqat degani, yer kambag‘allikdan qutqaradi, yer odamni boqadi, eng asosiysi, to‘g‘ri taqsimotda”, — dedi davalat rahbari.
Kombaynni boshqarib, g‘alla o‘rgan Prezident
Davlat rahbari Angor tumanidagi “Angor Surxon g‘ururi” klasterida bo‘lib, g‘alla va g‘o‘za rivojini ko‘zdan kechirdi.
Ushbu klasterning umumiy yer maydoni 11 ming gektardan ko‘p. Shuning 4 ming 870 gektarida g‘alla yetishtirilmoqda. Bu yil Rossiyadan kasalliklarga chidamli g‘alla navlari keltirib ekilgan. Gektariga 80 sentnerdan hosil olish kutilyapti. 4 ming 656 gektarda paxta qo‘shqator ekilgan. Kaliforniya usulida sug‘orish natijasida suv sarfini 50 foizga tejashga erishilmoqda. Klasterda sabzavot va dukkakli ekinlar ham yetishtiriladi.
Prezident soha mutaxassislari bilan suhbatda paxtani qo‘shqator usulda ekishni janubiy hududlarda ommalashtirish va bu orqali yuqori hosil olish mumkinligini qayd etdi.
Ahamiyatli jihati shuki, Shavkat Mirziyoyev shu yerda kombaynni boshqarib, g‘alla o‘rdi.
“Ayritom”da jurnalistlar bilan muloqot
Kechki soat 19:30. Shavkat Mirziyoyevning navbatdagi manzili O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi yagona o‘tkazish punkti hisoblangan Termiz tumanidagi “Ayritom” chegara bojxona posti bo‘ldi.
Zamonaviy qiyofada qayta qurilgan mazkur inshootda O‘zbekistondan chiqish va Afg‘oniston tomondan mamlakatga kirish yo‘nalishida pasport nazorati va bojxona ko‘rigi zallari barpo etildi. Chegara bojxona posti “Raqamli O‘zbekiston – 2030” dasturi doirasida eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. “Ayritom”da biryo‘la uch xil — poyezd, avtotransport va fuqarolarga xizmat ko‘rsatiladi. Mazkur bojxona postida bir kecha-kunduzda 2 ming nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilishi mumkin.
“Bugungi hayotimizga bu ma’qul. Lekin dunyo soat sayin o‘zgarmoqda. Endi yangi pog‘onaga chiqish kerak. Bu yerda situatsion markaz bilan birga tahlil markazi ham bo‘lishi zarur. Iqtisodiy manfaatdorlikni oshirish va xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha yangi takliflar berib borish kerak”, — dedi Prezident.
Davlat rahbari shu yerda jurnalistlar bilan uchrashib, ularga intervyu berdi.
“Savollarga o‘tishdan oldin, menga bitta narsani va’da berishlaring kerak: ko‘ryapman, sizlar ko‘p harakat qilyapsizlar, biz hammamiz mana shu yangi O‘zbekistonga mas’ul va javobgar ekanimizni bilishimiz kerak.
Qalamlaring o‘tkir bo‘lishini, xalqning yuragiga yetib borishini, tarozining ikki pallasini ham, albatta, e’tiborga olishlaring kerak. Kecha kim edik, nimalar qilgandik, qaysi omillarni amalga oshirgandik, nima kamchiliklarimiz bor edi? Odamlarimizning turmush darajasi, islohotlarga ishonchi qanday oshyapti? Hamma qo‘yayotgan qadamlarimiz, sizlar bilan qilayotgan ochiq muloqotlarimizning zamiri – xalqimizga joylarda bo‘layotgan kamchiliklarimizni ham, yutuqlarimizni ham rost-ro‘y yetkazish. Bunda sizlar menga ko‘makchisizlar”, — dedi Shavkat Mirziyoyev va so‘ngra OAV vakillarining savollariga javob qaytardi.
75 million dollarlik xalqaro markaz
Shundan so‘ng davlat rahbari Termiz xalqaro savdo markazi bosh rejasi bilan tanishdi. 2022-yilda foydalanishga topshirilishi kutilayotgan majmua uchun Termiz tumanidan 26 gektar maydon ajratilgan. Umumiy qiymati 75 million dollar bo‘lgan markazda mahsulotlarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash, saralash va qadoqlash majmualari qurilib, savdo xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. Zarur infratuzilma tarmoqlari barpo etiladi.
Loyihaga ko‘ra, bu yerda 1 ming 800 ta savdo nuqtasi, 50 ming tonna yuk sig‘imiga ega logistika markazi, 400 o‘rinli ikkita mehmonxona, shifoxonalar, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonalari bo‘lishi mo‘ljallangan. Korpuslarning birinchi qavatida savdo nuqtalari, ikkinchi qavatida yengil ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish ko‘zda tutilgan. Markazning qurilish ishlarini boshlash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 10 million dollar ajratildi.
Gilamchilik loyihasi ma’qullandi
Prezidentning ilk tashrif kunidagi so‘nggi manzili Termiz shahridagi Afghan bazar carpets korxonasi bo‘ldi. Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan Afg‘oniston tajribasi asosida jundan gilam to‘qish loyihasini davlat rahbari ma’qullab, afg‘onistonlik ishbilarmonlar bilan hamkorlikni kengaytirish, jundor qo‘y zotlarini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shavkat Mirziyoyev korxonada ishlayotgan xotin-qizlar bilan muloqot qildi.
Majmuada Silk road tex korxonasi ham tashkil etiladi. Unda ipakli mato, ipakli tayyor mahsulotlar, sport va yo‘l sumkalari hamda ipakli gilam ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Yiliga 2 million dollarlikdan ziyod eksport maqsad qilingan.
“Hamma ko‘rsatkichlar bo‘yicha sizlar 14-o‘rinda”
Shavkat Mirziyoyev tashrifning ikkinchi kunini Hakim at-Termiziy maqbarasi ziyoratidan boshladi. Yaratgandan yurtimizga tinchlik-farovonlik tilab duolar qilindi. Ziyolilar bilan suhbatda alloma bobolarimizning ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish, yoshlarni bilimli va fazilatli insonlar etib tarbiyalash haqida so‘z yuritildi.
Shundan so‘ng Prezident raisligida Surxondaryo viloyati faollari bilan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbari viloyatni kompleks rivojlantirish, “mahallabay” tizimda aholi hayotini yaxshilash bo‘yicha ustuvor vazifalar haqida gapirdi. Surxondaryoni yanada rivojlantirish uchun davlat budjetidan 1,9 trillion so‘m ajratilganini ta’kidladi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda kechgan yig‘ilishda Prezident viloyatdagi deputat va mutasaddilar faoliyatiga e’tiroz bildirdi.
“Surxondaryoning eng olis hududlaridagi vaziyatni o‘zim yaxshi bilaman. Ko‘mak nuqtayi nazardan juda katta mablag‘ bilan keldik. Bu kichkina mablag‘ emas. Qani jamoatchilik, qani deputatlar? Nima uchun viloyatga 1,9 trillion so‘m pul beryapmiz? Ijtimoiy sohaga, yo‘llarga, uzoq joylarga 20 yil davomida buncha pul ajratmaganmiz. Nazorati qani? Deputatlarning ovozi qani? Siyosatni kim amalga oshiradi? Xalq vakili bo‘lgan, siz deputatlar, amalga oshirasizlar. Tuman hokimlari, sektor rahbarlari, mahalla raislari, deputatlar o‘zini qiynashi kerak. Agar qiynay olmasa, ketishi kerak. Yosh, zabardast, fidoyi, bilimli kadrlar kirib kelishi kerak.
Afsuski, Surxondaryo ko‘rsatayotgan natijalari meni qoniqtirmaydi. Men ham tuman hokimi, viloyat hokimi bo‘lganman. Bunday imkoniyatlar bo‘lmagan, pul ajratilmagan. Axir hozir barcha sharoitlar yaratilyapti-ku. Hamma ko‘rsatkichlar bo‘yicha 14-o‘rindasizlar, qanday qilib kabinetga kiryapsizlar? Bugun kechagidek yashashga haqqimiz yo‘q. Tuman rahbarlari, to‘rtta sektor uyg‘onsa, Surxondaryoda natija boshqacha bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda shahar va tuman studiyalaridagi aholi bilan ochiq muloqot bo‘ldi, turli soha vakillarining takliflari eshitildi.
Prezident maktab o‘quvchisiga Spark sovg‘a qildi
2-iyun kunining ikkinchi yarmida Prezident Termiz shahrida qurilgan ko‘p qavatli uylarni borib ko‘rdi.
9 qavatli uylarda 208 ta xonadon bo‘lib, bu yerga ilk oilalar ko‘chib kela boshladi. Ularning ayrimlari xonadonlarni davlat tomonidan berilgan imtiyozlar asosida olgan. Davlat rahbari shunday ikki oila — Nargiza Rahimova hamda Farruh Egamovning xonadonlarida bo‘lib, ular bilan suhbatlashdi.
15 yildan beri bemorlikning sinovlarini tortgan Nazira Rahimovaning qizi Ruxshona Abdurazzoqova jurnalistlarga bergan intervyusida Shavkat Mirziyoyev tashrifi haqida shunday deydi: “Bu xonadonga ko‘chib o‘tganimizga 15 kun bo‘ldi. Barcha sharoitlari bor, zamonaviy jihozlari bilan berildi. Davlat rahbarining uyimizga otalarcha mehr bilan kirib kelishlari meni juda ham to‘lqinlantirib yubordi. Onajonim o‘zi betob edilar, davlat rahbari onam va mening holimdan xabar olgani kelganlaridan cheksiz quvondik. ‘Mana, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlarni hamma ko‘rsin, bilsin, yoshlarimiz o‘qisin, o‘rgansin. Ruxshonadek kitobxon, iste’dodli yoshlarimiz ko‘pligidan xursandman’, deya viloyat hokimiga Prezident fondidan Spark avtomashinasi sovg‘a qilishlari haqida topshiriq berdilar. Men bundan judayam xursandman, kelajakda o‘z oldimga qo‘ygan maqsadlarimni amalda ko‘rsatib, yaxshi natijalarga erishishga astoydil harakat qilaman”, — dedi u.
Termiz shahridagi 1-sonli Hakim at-Termiziy nomidagi yosh fizik va matematiklar maktab internetining 9-sinfida tahsil olayotgan Ruxshona Abdurazzoqova 2018-yili Termiz shahrida “Yosh kitobxon” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida 10−14 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar orasida 1-o‘rinni egallab, respublika bosqichiga yo‘l olgan. 2020-yilda adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan. “Denov gulshani”, “O‘zbekiston qiziman” kabi she’riy kitoblari nashr etilgan.
Izoh (0)