Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Shota Rustaveli ko‘chasida avtomobil yo‘lini taʼmirlayotgan ishchilarga xavfsiz mehnat sharoiti yaratilmagani haqida xabar tarqaldi. Bandlik boshqarmasi holat yuzasidan tekshiruv boshlaganini bildirdi.
Telegramdagi “Effekt Makarenko” kanalida ishchilarda himoya bosh kiyimi va xavfsizlik kamarlari yo‘qligiga eʼtibor qaratilgan. Qayd etilishicha, obyektga jalb qilingan Xitoy fuqarolari barcha himoya vositalariga ega, ammo o‘zbek ishchilarida bunday vositalar yo‘q.
“Chet elliklar hayoti O‘zbekiston fuqarolari hayotidan yuqori baholanishi juda achinarli”, deya fikr bildirgan kanal muallifi.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi huzuridagi Davlat mehnat inspeksiyasi tekshiruv boshlagan. O‘rganish yakunida rasmiy munosabat berilishi maʼlum qilingan.
Izoh (0)