Bugun, 14-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev chiqindilarni qayta ishlashni kengaytirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, oxirgi uch yilda chiqindilarni qayta ishlashni kengaytirishga ikki trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilgan. O‘tgan yili Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etilgan.

“Chiqindi korxonalari uchun 1 ming 200 ta yangi texnika olib berildi. Mahallalarda chiqindi maydonchalari qurildi. To‘plash va tashib ketish yaxshilangani natijasida bu tarmoq ikkilamchi xomashyo manbaiga aylandi.
Avvallari davlat monopoliyasida bo‘lgan sohada tadbirkorlikka yo‘l ochilib, qulay biznes muhiti yaratildi. Jumladan, sanitar-tozalash hamda chiqindini qayta ishlash korxonalari uchun foyda solig‘i va ijtimoiy soliq stavkalari bir foiz etib belgilandi. Chetdan olib kelinadigan texnika va uskunalar import bojidan ozod qilindi. Natijada 200 ga yaqin sanitar-tozalash va 290 ta chiqindini qayta ishlash korxonalari ochildi”, deyiladi manbada.

Taqdimotda mutasaddilar sohadagi loyihalarning borishi va galdagi rejalar haqida axborot bergan.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda yiliga 14 million tonna maishiy chiqindi hosil bo‘ladi. Lekin ularni qayta ishlash darajasi past. So‘nggi yillardagi loyihalar natijasida bu endi besh foizga yetgan.
Chiqindini yoqish orqali energiya ishlab chiqarish loyihalari qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xitoylik investorlar oltita viloyatda shunday zavodlar qurayapti. Davlat chiqindi utilizatsiyasi uchun ularga to‘lov qilish bilan birga, hosil bo‘lgan energiyani sotib olish bo‘yicha ham majburiyat olayapti.
Yaqinda Toshkent shahrida tibbiyot chiqindisini yoqib, issiqlik oladigan ikkita korxona ishga tushirildi. Yana Samarqandda ikkita, qolgan hududlarda bittadan shunday zavodlar qurilishi mo‘ljallangan.

Yig‘ilishda maishiy chiqindilarning to‘rtdan biri qog‘oz, plastik, rezina, shisha, to‘qimachilik qoldiqlariga to‘g‘ri kelishi aytilgan. Ularni qayta ishlab, 1 trillion so‘mlik mahsulot olish mumkinligi aytilgan. Bundan tashqari, mamlkatda qayta ishlanmaydigan qurilish, kimyo, elektron, texnik va sanoat moylari bo‘yicha katta zaxira borligi taʼkidlangan.
Chiqindini tashib ketish xizmatlari aholini rozi qiladigan darajada bo‘lishi kerakligi qayd etilgan. Shu bois mahallaga chiqindi texnikasining kelish vaqti va harakatini onlayn ko‘rish imkoniyatini yaratish vazifasi qo‘yilgan.
Ijtimoiy muassasalar va mahallalarni chiqindi konteynerlari bilan to‘liq taʼminlash bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqilishi belgilangan. Taqdimotda vholida ekologik madaniyatni bog‘cha va maktabdan boshlab shakllantirish muhimligi taʼkidlangan.
Izoh (0)