Afg‘onistondagi teraktlar, Bayrutdagi portlash, Belarusdagi saylov mashmashalari, koronavirusdan vaksina, Malidagi davlat to‘ntarishlari bilan yodda qolgan avgust oyi ham nihoyasiga yetmoqda. An’anaga muvofiq oyning eng muhim voqealariga bag‘ishlangan tahliliy dayjestimizni boshlaymiz.
Mavzuga doir:
- Yong‘inlar to‘xtadi, tojvirus epidemiyasi boshlandi. Sulaymoniy o‘ldi, Haysam ibn Tariq yashadi. Yanvar nimalar bilan esda qoldi?
- Chegara bilmas koronavirus, Idlibdagi mojaro, Oltinsoy voqealari, “Oskar”ni egallab olgan “Parazitlar”. Fevral nimalari bilan esda qoldi?
- Karantindagi dunyo. O‘zbekistonda koronavirus qanday kutib olindi? Mart oyining yakunlari
- Chekinishni istamayotgan COVID-19 va karantindan voz kechayotgan Yevropa. Aprel oyi yakunlari
- Sardoba voqealari va tarqalishda davom etayotgan koronavirus. May oyi yakunlari
- Koronavirusdan yangi raqamlar, So‘x voqealari, yomonlashayotgan Janubiy va Shimoliy Koreya aloqalari. Iyun oyi yakunlari
- Koronavirusning hujumi, Avliyo Sofiyadagi ilk juma namozi va Putin bilan Furgal orasidagi mojaro. Iyul oyi yakunlari
Afg‘onistonda terakt
Pandemiya sharoitida biroz unutilgan va ko‘pchilikning e’tiboridan chetda qolgan Afg‘oniston avgust oyi boshida yana bir noxushlikni boshidan kechirdi. 2–3-avgust kunlari Afg‘onistonda uchta portlash yuz berdi. Shulardan biri Jalolobod shahridagi qamoqxona oldida amalga oshirildi. Portlovchi moslama avtomobilga o‘rnatilgan bo‘lgan. Portlash bilan birga hujumchilar va qamoqxona xodimlari o‘rtasida otishma ham yuz bergan.To‘qnashuvlar natijasida 29 kishi vafot etgan va bir necha o‘n kishi jarohatlangan. 10 nafar hujum qilganlar otib o‘ldirilgan. To‘qnashuv va portlash oqibatida qamoqxonadan 700 nafar mahbus qochib ketgan. Ularning aksariyati IShID va “Tolibon” guruhi a’zolari bo‘lgan. Ulardan 400 nafari 3-avgust tunda ushlangan bo‘lsa, 300 nafari hamon qochqinda qolmoqda.
Portlashga aloqadorlikni IShID guruhi o‘z bo‘yniga olgan. Bunga sabab esa bir necha kun oldin o‘ldirilgan tashkilotning yetakchi rahbarlaridan bo‘lgan Asadulloh O‘roqzoy uchun qasos olish bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
Livan voqealari
Avgust oyining ilk haftasi barchaning e’tibori Livanga qaratilgan bo‘ldi. Sababi 4-avgust kuni mamlakat poytaxti Bayrut shahridagi portda kuchli portlash yuz berdi. Hodisa 2014-yilda Gruziyadan Mozambikka yuk olib ketayotgan rossiyalik tadbirkor Igor Grechunkinga tegishli kemadan musodara qilingan 2 750 tonna og‘irlikdagi ammiak selitrasi yonishi oqibatida sodir bo‘lgan. Livan bosh vaziri Bayrutdagi mazkur portlashga uzoq yillar davom etgan korrupsiya holatlari sabab bo‘lganini aytgan. Portlash Bayrut portida yuz bergan va uning quvvati to‘rt kilotonna, ya’ni Xirosimadagi portlashning chorak qism darajasida bo‘lgan.Portlash oqibatida shaharning deyarli yarmi qisman yoki to‘liq vayron bo‘lgan, 300 ming nafarga yaqin odam uysiz qolgan. Bayrut shahri ma’muriyati favqulodda yuz bergan hodisa zarari 15 milliard AQSh dollaridan ziyod ekanini bildirgan va voqeaning xalqaro doirada taftish qilinishini rad etgan. Baxtsiz hodisa natijasida 190 nafar odam halok bo‘lgan, 6 500 nafardan ziyod kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan.
Bayrutda portlash sodir bo‘lishi Livan uchun hozirgi pandemiya sharoitida va mamlakatda mavjud chuqur siyosiy va iqtisodiy inqirozning “isitmasi” desak yanglishmagan bo‘lamiz. Portlash ortidan Livanda aholi ko‘chalarga chiqib hukumat iste’fosini talab qildi. 8-avgust kuni minglab aholi Bayrut ko‘chalariga norozilik namoyishiga chiqdi. Reuters’ning xabar berishicha, Bayrut markazidagi “Shahidlar maydoni”ga yetti mingga yaqin odam to‘plangan. “Qiyomat kuni” shiori ostidagi namoyish ishtirokchilari yuqori martabali amaldorlarni jazolashni talab qilgan — namoyishchilarning fikricha, portdagi portlashga aynan ular aybdor.
Namoyish vaqtida amaldagi hukmron tuzumni ag‘darishga chaqiriqlar bo‘lgan, shuningdek, yig‘ilganlar “Inqilob!”, deb ham hayqirgan. Ramziy dorning o‘rnatilishi esa norozilik namoyishining kulminatsiyasiga aylangan — bu namoyishchilarning fikricha, mas’uliyatsizligi va korrupsiyaga botgani portlashga olib kelgan amaldorlar uchun bir ogohlantirishdir. Namoyishchilar ko‘targan plakatlarda “Iste’fo yoki dor!” deb yozilgan edi.
Bayrutda to‘qnashuvlar avjiga chiqayotgan bir vaqtda Livan bosh vaziri Hasan Diab mamlakat aholisiga murojaat yo‘llagan. U mamlakatda muddatidan avvalgi parlament saylovlari o‘tkazilsagina Livan inqirozdan chiqa olishini ta’kidlagan.
Namoyishlar ortidan 10-avgust kuni mamlakat bosh vaziri Hasan Diab hukumatning iste’foga chiqishini e’lon qildi. Shuningdek, 10-avgust kuni Livanning to‘rt nafar vaziri namoyishlar ortidan iste’foga chiqqan. 12-avgust kuni Livan xalqi portlash oqibatida halok bo‘lganlarni ommaviy xotirlash marosimini o‘tkazgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida halok bo‘lganlar soni 170 kishidan oshgan. Bu haqda Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi axboroti asosida Sky News Arabia telekanali xabar bergan.
Mamlakatda navbatdagi saylovlar 2022-yilga mo‘ljallangan edi. Ammo endi u shu yil o‘tkaziladi. Saylovlarning qachon o‘tkazilishi hozircha ma’lum emas.
Belarusda norozilik keltirgan prezidentlik saylovlari
Shubhasiz, bu oyning eng ko‘p muhokama qilingan voqeasi Belarusda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari hamda uning ortidan kelib chiqqan va hamon davom etayotgan norozilik namoyishlaridir. Shu oyning 9-kuni Belarusda navbatdagi prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Unda amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko 6-marta eng ko‘p ovoz to‘plab qaytadan prezident etib saylandi. Natijalarga ko‘ra, Lukashenko 80,08 foiz ovoz to‘plagan bo‘lsa, uning asosiy raqibi Svetlana Tixanovskaya 10,09 foiz ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.Muammo qayerda? Muammo shundaki, iyun oyi o‘rtalarida muxolifatdagi ikki nomzod Viktor Babariko va Sergey Tixanovskiy (Svetlana Tixanovskayaning eri) hibsga olingan edi. Amnesty International esa ularni fikri uchun qamoqqa olingan siyosiy mahbuslar sifatida baholadi. Lukashenkoga asosiy raqib sifatida ko‘rilgan Viktor Babarikoga iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha ayb qo‘yilgan. Bloger sifatida faoliyat yuritgan Sergey Tixanovskiy esa Lukashenkoni tanqid qilib kelgan. Uning turmush o‘rtog‘i Svetlana Tixanovskaya saylovga bir necha kun qolganda uning o‘rniga o‘z nomzodini qo‘ygan.
Namoyishchilar saylov natijalari soxtalashtirilganini iddao qilmoqda va Lukashenkoning iste’fosini hamda mamlakatda yangi saylovlar o‘tkazishni talab qilmoqda. Respublika saylov qonunchiligiga ko‘ra, bir shaxs cheklanmagan muddatga prezidentlikka nomzodini ko‘rsatishi mumkin va har bir prezidentlik muddati 5 yilni tashkil etadi.
Saylov natijalari chiqqan ondan boshlab dastlab Tixanovskaya tarafdorlari norozilik aksiyalarida qatnashgan bo‘lsa, keyinchalik ushbu namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab tarqaldi va hamon davom etmoqda. Namoyishlarning dastlabki kunlarida kuchishlatar tizim xodimlari namoyishchilarga qarshi kuch ishlatishgan va minglab odamlar hibsga olingan.
11-avgustga kelib Tixanovskaya o‘ziga nisbatan bosimlardan xavfsirab mamlakatni tark etib, Litvaga yo‘l olgani ma’lum bo‘ldi. Svetlana Tixanovskayaning shtabi 10-avgust kuni kechasi u Belarus Markaziy saylov komissiyasiga borganidan so‘ng yo‘qolib qolgani to‘g‘risida ma’lum qilgan. Kechga yaqin Tixanovskaya aloqaga chiqqan, biroq qayerda ekanini oshkor etmagan.
Belarusda davom etayotgan namoyishlar vaqtida jami 6 700 kishi politsiya tomonidan hibsga olindi. Ularning aksariyati 13-avgust soat 22:30 da ozodlikka chiqqan bo‘lsa, qolgan qismi bugun, 14-avgust tongida ozodlikka chiqdi. Hozircha hibsdagilardan qanchasi ozodlikka chiqqani ma’lum emas. Mamlakat IIV o‘rinbosari kecha namoyishchilar bilan uchrashgan va uchrashuv chog‘ida namoyishchilarga nisbatan hech qanday kuchishlatish holatlari bo‘lmaganini aytdi. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda va suratlarda namoyishchilarning politsiya tomonidan kaltaklangani holatlari tasvirga tushirilgan suratlar va videolar tarqalib ketdi.
14-avgust kuni, shuningdek, Belarusning bir qator shaharlaridagi yirik ishlab chiqarish korxonalari ishchilari saylov natijalarini qayta ko‘rib chiqishni talab qilib namoyishchilarga qo‘shildi. Ular butun mamlakat bo‘ylab ish tashlashlar tashkil qildi. 16-avgust kuni Minskda Belarus prezidentini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha miting bo‘lib o‘tgan. Unda bir necha ming kishi ishtirok etgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, mitingda ishtirok etish uchun viloyatlardan budjet tashkiloti xodimlarini majburiy ravishda poytaxtga olib kelishgan. Shu kuni mahalliy vaqt bilan soat 14:00 da butun mamlakat bo‘ylab “Ozodlik marshi” o‘tkazilgan. Mitingda yuz minglab odamlar ishtirok etgani aytilgan.
Belarusning saylovlarida g‘olib chiqqan prezident Aleksandr Lukashenko Minskdagi bir qator zavodlarga tashrif buyurdi. Jumladan, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 17-avgust kuni tongda Minskdagi G‘ildirakli shatakchilar zavodi (MZKT) ishchilari oldida chiqish qildi. Korxona xodimlari prezidentni “Ket!” va “Qo‘yib yubor!” deya hayqirib kutib oldi. Buni Belarus muxolifatining Nexta Live Telegram kanalida ko‘rish mumkin. “Rahmat, — dedi Lukashenko, korxona ishchilari oldida ikkita harbiy shatakchining ustida turarkan. — Bu savolingizga ham javob beraman: yana baqirishingiz mumkin”.
Zavod xodimlari bilan muloqot vaqtida Lukashenko Belarusda hokimiyat vakolatlarini qayta taqsimlashni nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy o‘zgarishlar ustida ish olib borilayotganini aytgan. Lukashenkoning ta’kidlashicha, u prezidentlik vakolatlari bilan bo‘lishishga tayyor, faqat bu “bosim ostida va ko‘cha orqali” bo‘lmasligi kerak. Lukashenkoning ma’lum qilishicha, Belarusda yangi prezident saylovi o‘tkazilmaydi. “Meni o‘ldirmaguningizgacha yangi saylovlar bo‘lmaydi”, deya Lukashenkoning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Tut.by.
Yevropa parlamentining yetakchi partiyalari rahbarlari Belarusda yangi prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga, tinch namoyishchilarga qarshi zo‘ravonlik holatlarini tergov qilishga va siyosiy mahbuslarni ozod qilishga chaqirdi.
Yevroparlament deputatlari Aleksandr Lukashenkoni persona non grata deb e’lon qildi. Shuningdek, Kanada va Irlandiya Belarusdagi saylov natijalarini tan olmasliklarini e’lon qildilar. Ortidan Yevroittifoq ham saylov natijalarini tan olishdan bosh tortdi. Belarusda hokimiyatni tinch yo‘l bilan o‘tkazishni amalga oshirish maqsadida muxolifat tomonidan tuzilgan Muvofiqlashtiruvchi kengashi prezidiumi shakllantirildi. Lukashenko esa o‘z navbatida ushbu kengashni tuzishni hokimiyatni egallashga bo‘lgan urinish deb baholadi.
Mamlakatda keng ko‘lamli norozilik namoyishlarning yana biri Lukashenkoning tavallud kuniga bag‘ishlandi. 30-avgust kuni 66 yoshni qarshilagan Lukashenkoga qarshi minglab odamlar norozilik namoyishlari bilan ko‘chalarga chiqqan. Minskdagi ko‘plab markaziy ko‘chalar va maydonlar kuchishlatar tizimlar tomonidan to‘sib qo‘yilgan.
Malida norozilik namoyishlari davom etmoqda
Bir necha oydan buyon Malida davom etayotgan hukumatga qarshi norozilik namoyishlari harbiylar isyoni bilan davom etdi va prezidentning iste’fo berishigacha bordi. Harbiylar isyoni 18-avgust kuni poytaxt Bamako yaqinida joylashgan Kati bazasida boshlangan edi. Isyonchilar harbiy omborda saqlanayotgan qurollarni egallagan, ofitserlarni qo‘lga olgan, shundan so‘ng Bamakoga borib, prezident qarorgohini qamalga olgan. Askarlar butun shaharni nazorat qilayotganliklarini namoyish etish maqsadida Bamako ko‘chalari bo‘ylab erkin harakatlana boshlagan. ORTM telekanali ma’lum muddat efirni to‘xtatgan, so‘ng avvaldan yozib olingan dasturlarni namoyish eta boshlagan.Askarlarning harakatlari iyundan beri prezident iste’fosini talab qilayotgan hukumatga qarshi norozilik namoyishlari ishtirokchilari tomonidan olqishlangan — namoyishchilarning fikricha, prezident Keyta korrupsiya muammosini hal qila olmagan va mamlakat xavfsizligini ta’minlay olmagan. Isyonni qo‘llab-quvvatlagan M5-RFP muxolifat koalitsiyasi “bu harbiy to‘ntarish emas, balki xalq qo‘zg‘oloni” ekanini ma’lum qilgan. Norozilik namoyishi ishtirokchilari Mali Adliya vazirligiga tegishli binoni yoqib yuborgan.
Mali prezidenti Ibrohim Bubakar Keyta 19-avgustga o‘tar kechasi iste’foga chiqdi hamda mamlakat hukumati va parlamentini tarqatib yubordi. Bu qurollangan harbiylar prezidentni bosh vazir Bubu Sisse va boshqa yuqori martabali amaldorlar bilan birga qo‘lga olganidan so‘ng yuz berdi. Mali prezidenti ORTM telekanali orqali qisqa murojaat bilan chiqish qildi (murojaat vaqtida titrda “ketayotgan prezident” degan yozuv ko‘rsatilgan). Keyta iste’fo haqidagi qaror — uning prezidentlik vakolatlari yakuniga yetishiga hali uch yil bo‘lsa-da — hozirdanoq kuchga kirganini ma’lum qildi. “Men hokimiyat tepasida qolishim uchungina qon to‘kilishini istamayman”, dedi Keyta.
Prezidentning iste’fosidan so‘ng isyon qatnashchilari davlat televideniyesi orqali chiqish qilgan. Ular Xalqni qutqarish milliy qo‘mitasi tuzilganini e’lon qildi. Mali harbiy-havo kuchlari shtabi boshlig‘i o‘rinbosari Ismoil Vagening so‘zlariga ko‘ra, ushbu qo‘mita “millat va tarix oldida mas’uliyatni o‘z yelkasiga olishga qaror qilgan”. U “maqbul muddatlar”da Malida saylovlar bo‘lib o‘tishini bildirgan.
BMT, Fransiya, AQSh va boshqa mamlakatlar Malida prezidentning qo‘lga olinganini qoraladi. BMT bosh kotibi Antoniu Gutterish, shuningdek, Afrikaning 55 ta mamlakatini birlashtiruvchi Afrika Ittifoqi Keyta va qo‘lga olingan boshqa shaxslarni ozod etishga chaqirdi. G‘arbiy Afrika mamlakatlari iqtisodiy hamjamiyati (EKOVAS) Malining tashkilot boshqaruv organlaridagi ishtirokini to‘xtatib qo‘ydi. Shuningdek, tashkilot Mali bilan barcha chegaralarni yopishga hamda EKOVAS a’zo mamlakatlar va Mali o‘rtasidagi har qanday moliyaviy operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yishga qaror qildi.
Tashqi bosimlar ostida isyonchilar tomonidan qo‘lga olingan Mali prezidenti Ibrohim Bubakar Keyta 27-avgustda ozod qilindi. Bu haqda Le Figaro nashri isyon ko‘targan harbiylar vakilining ma’lumotiga tayanib xabar qilgan. “U bugun tongda ozod qilindi va o‘z uyiga qaytdi”, deya isyon ko‘targan harbiy Jibriya Maygi so‘zlarini keltirgan gazeta. Keytaning prezidentlik davrida korrupsion mojarolar kuzatilgan va millatlararo janjallar sodir bo‘lgan. 2019-yil martida mamlakatda tinch aholini ommaviy ravishda qirish kabi salbiy holatlar uchragan. Korrupsiya tufayli armiyaning moddiy ta’minoti yomonlashgan hamda ularning maoshi kechikib to‘langan. Parij tomonidan Mali hukumatini ochiqdan ochiq qo‘llab-quvvatlash mamlakat aholisida fransuzlarga qarshi kayfiyatni shakllantirgan.
Isyon ko‘targan harbiylar o‘tish davri uchun yangi prezident saylashni taklif qilmoqda. “O‘tish davri uchun harbiylar yoki fuqarolar orasidan vaqtincha prezident saylanadi va kengash ta’sis qilinadi. Biz fuqarolik jamiyati, muxolif partiyalar va siyosiy ko‘pchilik bilan ushbu qiyinchiliklar davri ortda qolishini istaydigan hamma bilan muloqotda bo‘lib turibmiz”, deya France 24 kanaliga intervyu bergan isyonchilar vakili, polkovnik Ismoil Vage.
Rus vaksinasi ishonchlimi?
Bu oy davomida koronavirusga qarshi vaksina yaratish ishlarida ancha yaxshi xabarlar tarqaldi. Jumladan, vaksina yaratish poygasiga Turkiya, Hindiston kabi davlatlar qo‘shilgan bo‘lsa, Germaniya uning 2020-yil oxirida tayyor bo‘lishini ma’lum qildi. Shubhasiz, barchada ham birdek ishonch uyg‘otmayotgan Rossiya vaksinasi bu boradagi bahslarning markazi bo‘ldi.11-avgust kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin dunyoda birinchi bo‘lib Rossiyada koronavirus kasalligiga qarshi vaksina ro‘yxatdan o‘tganini ma’lum qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, qizlaridan biri ushbu vaksinani qabul qilgan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, birinchi emlanishdan so‘ng qizining tana harorati 38 darajagacha ko‘tarilgan, ertasi kuni esa 37 darajagacha tushgan. “Bo‘ldi. Ikkinchi muolajadan so‘ng tana harorati yana biroz ko‘tarilib, keyin tushdi. O‘zini yaxshi his qilyapti”, degan u.
O‘z navbatida, mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashkoning bildirishicha, vaksina u yaratilgan Gamaleya nomidagi Epidemiologiya va mikrobiologiya markazi, shuningdek, Zelenograddagi “Binnofarm” kompaniyasi tomonidan, keyinchalik boshqa korxonalarda ham ishlab chiqariladi. Bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikova esa shifokorlarni koronavirusga qarshi emlash avgust oxiri — sentabr boshida boshlanishini ma’lum qilgan.
Tabiiyki, vaksina xavfsizligi masalasida ham bir qator tortishuvlar bo‘lib o‘tdi. Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining shtatdan tashqari bosh epidemiologi Nikolay Briko Gamaleya nomidagi Epidemiologiya va mikrobiologiya markazida ishlab chiqilgan vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazishni kechiktirishga chaqirgan Klinik tadqiqotlar tashkilotlari assotsiatsiyasiga javob qaytardi.
Assotsiatsiya ushbu vaksina minglab odamlar ishtirokida sinovdan o‘tkazilmagani uchun uni ro‘yxatdan o‘tkazishga shoshilmaslikka chaqirgandi. Nikolay Brikoning bildirishicha, Gamaleya markazining vaksinasi “yo‘q joydan paydo bo‘lib qolmadi”. Markaz Ebola va MERS’ga qarshi vaksinalar ishlab chiqib, ushbu sohada 10 yildan ortiq vaqt davomida ish olib bormoqda. “COVID-19 ga qarshi vaksinani yaratishda adenovirus asosida bir xil texnologiya ishlatilgan, shuning uchun bu holda u qayta ko‘rib chiqishga, kechiktirishga muhtoj emas, chunki texnologiyadan foydalanib ko‘rilgan”, degan epidemiolog.
Keyinroq Rossiyaning Sog‘liqni saqlashni nazorat qilish federal xizmati (“Roszdravnadzor”) Klinik tadqiqotlar tashkilotlari assotsiatsiyasining Gamaleya nomidagi Epidemiologiya va mikrobiologiya markazida ishlab chiqilgan vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazishni kechiktirish taklifini qo‘llab-quvvatlamadi.
Shunga qaramay vaksinaning “umidli” ekanidan shubhalanayotganlar hamon topilmoqda. Jumladan, Rossiyaning “Fontanka” nashri Gamaleya markazining SARS-CoV-2 koronavirus vaksinasi to‘g‘risidagi hisoboti bilan tanishib chiqib, uni Vladimir Putin va sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko aytganidek umidli ko‘rinmayapti, deb baholagan.
12-avgust kuni Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinasi narxlari ham ma’lum qilindi. Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinasi eksport qilinganda ikki dozasi kamida 10 dollardan sotiladi. Bu haqda “P-Farm” kompaniyasi direktorlar kengashi rahbari Aleksey Repik ma’lum qilgan.
“Dastlabki dozalari katta ehtimol bilan ancha qimmatroq bo‘ladi”, degan u 12-avgust kuni “Rossiya 24” telekanali efirida. Repikning ta’kidlashicha, vaksinani katta hajmda ishlab chiqarish boshlanganda narxi arzonlashadi. 15-avgustga kelib Rossiyada koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarila boshlangani ma’lum qilindi. Vaksina Zelenograddagi “Binnofarm” farmatsevtika zavodi tomonidan ishlab chiqariladi. Ilgari institut direktori Aleksandr Ginsburgning so‘zlariga ko‘ra, vaksina ishlab chiqarish quvvatini dekabr-yanvar oylarida oyiga besh million dozaga yetkazish rejalashtirilgan va yil davomida vaksinaga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qoplash mumkin bo‘ladi.
Koronaxabarlar
Avgust oyida dunyoda koronavirus bilan bog‘liq holatlar yana oshayotgani xabar berilmoqda. Bir qator davlatlar karantin cheklovlarini yana kuchaytirishga qaror qildi. Fransiyada kunlik kasallanishlar soni oxirgi uch oyda yana o‘sishni boshladi.Finlyandiya 10 mamlakatdan keladigan fuqarolar uchun mamlakatga kirishni cheklashga qaror qildi. Cheklovlar Norvegiya, Daniya, Islandiya, Germaniya, Gretsiya va Malta, Irlandiya, San-Marino, Yaponiya va Kiprdan kelgan sayohatchilar uchun amal qiladi hamda 24-avgustdan boshlab kuchga kiradi. Shuningdek, Finlyandiyaning Turku va Shimoliy Makedoniya poytaxti Skopye o‘rtasidagi aviaqatnovlar to‘xtatilishi mumkin. Qayd etilishicha, koronavirusga chalinganlarning 40 nafardan ortig‘i ushbu reys bilan Finlyandiyaga kelgan.
Italiya va Turkiya kabi davlatlar kasallar soni ortgani sababli karantin cheklovlarini qaytadan kuchaytirishga qaror qilishgan. Shuningdek, Xitoyda koronavirusga qarshi ilk vaksina patentlandi. Patent Xitoy xalq ozodlik armiyasining Harbiy tibbiyot fanlar akademiyasi hamda CanSino Biologics kompaniyasi nomiga berilgan. Ular birgalikda COVID-19’ga qarshi kurashda foydalaniladigan rekombinant (Ad5-nCoV adenovirus vektoriga asoslangan) vaksinani yaratdi. Avval iyun oyida mazkur vaksinadan harbiy maqsadlarda foydalanishga ruxsat olingandi. Undan oldinroq martda ushbu vaksinani sinash maqsadida Xitoyda klinik testlar o‘tkazilishiga ruxsat etilgandi.
Bugungi kunda dunyoda kasallikka chalinganlarning umumiy soni 25 milliondan oshiq kishini tashkil qilmoqda. Kasallik oqibatida vafot etganlar soni esa 850 mingdan oshib ketgan bo‘lsa, undan sog‘ayganlar soni 17 milliondan oshgan.
Davlatlar kesimida olib qaraydigan bo‘lsak, kasallikka chalinganlar soni bo‘yicha dunyoda AQSh yetakchilik qilmoqda. Mamlakatda kasallikni yuqtirib olganlar soni 6 milliondan oshiq. Undan keyingi o‘rinda Braziliya (3,8 milliondan ortiq) va Hindiston (3,6 milliondan ortiq) davlatlari bormoqda.
Jahongir Ostonov tayyorladi.
Izoh (0)