Ancha mojarolarga boy o‘tgan iyun oyi ham o‘z poyoniga yetdi. Bu oy nimalar bilan esda qoldi? Quyida iyun oyining eng muhim hodisalarini qayta esga olamiz.

Koronaxabarlar

Bu oyda ham COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat davom etdi. Kasallikning avj pallasi Janubiy Amerika mamlakatlari, xususan, Braziliyada kuchaydi. Oy oxiriga kelib butun dunyoda kasallanganlar soni 10 milliondan, kasallikdan vafot etganlar soni esa 500 mingdan oshib ketdi.

Foto: Google Photos

Kasallanganlar soni bo‘yicha hali ham AQSh yetakchilik qilmoqda, mamlakatda 2,5 million odamda COVID-19 koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Ikkinchi o‘rinni Braziliya (1,3 million kishi) va uchinchi o‘rinni Rossiya (633 ming kishi) band etgan.

Universitet ma’lumotlariga ko‘ra, COVID-19 qurbonlari soni bo‘yicha birinchi o‘rinda AQSh ketmoqda: 125,7 ming kishi. Ikkinchi o‘rin — Braziliya (57 ming), uchinchi — Buyuk Britaniya (43,6 ming). Ulardan keyingi o‘rinlarni Italiya (34,7 ming), Fransiya (29,7 ming), Ispaniya (28,3 ming) va Meksika (26,3 ming) egallab turibdi. Rossiya ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha 12-o‘rinda ketmoqda.

O‘zbekistonda 28-iyun soat 23:30 dan 29-iyun soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 274 ta holat qayd etildi. Ketma-ket yettinchi kun kasallanganlar soni 200 nafardan oshmoqda. Bir kun ichida 274 kishida kasallik aniqlanishi rekorddan keyingi ikkinchi natija hisoblanadi.  25-iyun kuni 276 kishida kasallik aniqlangandi. Yangi qayd etilgan holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 8 222 nafarga yetdi.

29-iyun davomida 167 nafar fuqaro sog‘aydi. Ulardan 115 nafari Toshkent shahrida, 22 nafari Surxondaryo viloyatida, 12 nafari Buxoro viloyatida, 11 nafari Namangan viloyatida va 7 nafari Samarqand viloyatidagi tibbiyot muassasalarida sog‘ayib chiqdi. Kasallik qayd etilgan jami 8 222 nafar bemordan 5 496 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 66 foizni tashkil etgan.

So‘x voqealari

O‘zbekistonda bu oyning eng shov-shuvli voqeasi, shubhasiz, So‘xda yuz bergan voqealardir. 31-may kuni O‘zbekistonning So‘x eksklav-tumanining Chashma qishlog‘i va Qirg‘izistonning Qadamjoy tumanidagi Chashmaga nomdosh Chechme qishlog‘i aholisi o‘rtasida janjal kelib chiqdi. Xabarga ko‘ra, ikki qishloq o‘rtadagi buloqni tozalash vaqtida mojaro boshlangan (videolarni ko‘ring).

Foto: Telegram

Voqea joyiga O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 1-iyun kuni yetib bordi va aholi bilan uchrashib, ularni tinchlantirdi. Shu kuniyoq Aripov Qirg‘iziston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Qubatbek Bo‘ronov bilan palatkada muzokara o‘tkazdi. Mojaro oqibatida 187 nafar o‘zbekistonlik kasalxonaga yotqizilgan, O‘zbekiston tomonda uchta xonadon yonib ketgan. Qirg‘izistonning Botken viloyatida esa uy va omborxona yonib ketgan, shuningdek, 25 kishi jarohat olgan.

Mojaro avj olgan vaqtda Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevni olomon o‘rab olib tortqilayotgani va hokim aholini tinchlantirishga urinayotgani videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Bu videolar qirg‘iz anklavida qiynalgan O‘zbekiston aholisining hokimga qarshiligi deb talqin etildi. Biroq bosh vazir So‘xdagi mojaro haqida gapirar ekan, Shuhrat G‘aniyev va boshqa rahbarlar yetib kelib, vaziyatning chuqurlashishiga yo‘l qo‘ymagan, deb G‘aniyevning xizmatini ijobiy baholadi. Voqea ishtirokchilarining aytishicha, darg‘azab olomonga nisbatan kuch qo‘llamaslikka askarlarga qat’iy topshiriq berilgan, vaziyatni esa hokim o‘z qo‘liga olgan.

Shunga qaramasdan, So‘x voqealari tufayli Farg‘ona hokimi ishdan olindi degan xabar bir muddat internet olamini titratdi. Biroq Shavkat Mirziyoyev Farg‘onaga tashrif buyurib, yig‘ilish o‘tkazdi hamda Toshloq tumani hokimini almashtirish bilan cheklandi. Avvalroq So‘x tumani hokimi ham almashtirilgan edi.

Ta’kidlash kerakki, so‘xliklarning noroziligi eksklav xuddi orol kabi mamlakatning asosiy qismidan uzilib qolganidandir. Karantin esa so‘xliklar qamalda qolib, yanada qiynalishishiga sabab bo‘ldi. Hukumat bu muammoga ko‘riladigan choralarni ma’lum qildi. So‘xning bo‘sh yerlariga tik quduqlar qo‘yilib, bo‘sh yerlar o‘zlashtirilishi va oltita mahalla fuqarolar yig‘inida kichik sanoat hududlari tashkil etilishi belgilab olindi.

Foto: Qirg‘iziston hukumati

Hududda 2020-yil davomida qiymati 101 milliard so‘m bo‘lgan 73 loyiha amalga oshiriladi. Buning natijasida 4,5 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. Banklar ko‘magida 82 ta loyiha amalga oshirilib, bu maqsadlar uchun So‘x tumaniga 153 milliard so‘m kredit yo‘naltiriladi. So‘xlik bitiruvchilarga OTMlarda alohida grant kvotalar ajratiladi. So‘xda uchta dam olish maskani yaratiladi. Tumandagi eski aerodromni qayta ta’mirlab, viloyat markaziga havo yo‘llari orqali borib kelishni yo‘lga qo‘yish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev may oyida So‘x tumanida bo‘lib o‘tgan voqealarni “So‘x voqealari” sifatida talqin qilinishiga qarshiligini bildirdi. U bu haqda 25-iyun, payshanba kuni jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda aytib o‘tdi. Muloqotda Shuhrat G‘aniyev mazkur nizolar haqida gapirganda ularga “So‘x voqealari” deya ta’rif bermaslik lozimligini aytib o‘tdi.

“Albatta, anklav hudud bo‘lganidan keyin anklav hududning o‘ziga yarasha muammolari bo‘ladi. Anklav hudud bilan ishlab yurgan rahbar, ishlab ko‘rgan xodim, ishlab ko‘rgan boshqa soha vakillari biladi. Shuning uchun ‘So‘x voqealari’ deb talqin qilmasliginglarni iltimos qilaman. Chunki bu yerda ikki mamlakat fuqarolari ahil-inoq bo‘lib, ming yillardan buyon yashab keladi. Qo‘shni Qirg‘iziston xalqi bilan dilimiz ham, dinimiz ham, bozorimiz ham, mozorimiz ham bir — hammamiz birmiz”, — dedi u.

AQShda irqchilikka qarshi namoyishlar

May oyi oxirlarida afroamerikalik Jorj Floydning politsiya xodimi tomonidan bo‘g‘ib o‘ldirilishi ortidan yuz bergan irqchilikka qarshi norozilik namoyishlari iyun oyida ham davom etdi. Mazkur namoyishlar fonida ayrim ishtirokchilar mahalliy dilerlik markazlariga o‘g‘rilikka tushgan. Ko‘plab avtomobillar o‘g‘irlab ketilgan, ayrimlari esa yoqib yuborilgan. 8-iyunga kelib esa AQShning Minneapolis shahri kengashi afroamerikalik Jorj Floydni qo‘lga olish chog‘ida uning o‘limiga sabab bo‘lgan politsiya departamentini tarqatib yuborish uchun ovoz berdi.

Foto: Getty Images

10-iyun kuni Jorj Floydning dafn marosimi bo‘lib o‘tdi. Floydning jasadi u tug‘ilgan shaharga (Xyuston, Texas) olib kelindi. Vidolashuv The Fountain of Praise cherkovida o‘tkazildi, bu yerda Baptist ruhoniysi va qora tanlilar huquqlari himoyachisi kichik Alfred Charlz Sharpton nutq so‘zladi. AQSh sobiq vitse-prezidenti va Donald Trampning saylovlardagi asosiy raqibi demokrat Jo Bayden ham marosim uchun videomurojaat yozdi.

Vidolashuvdan keyin tobut Houston Memorial Gardens qabristoniga politsiya mashinalari hamrohligida eltib qo‘yildi. Qabristongacha bir milya masofa qolganida tobut maxsus ot aravaga o‘tkazildi. Floyd onasi yoniga dafn qilindi.

Qayta muzlagan Shimol—Janub aloqalari

Bu oyda Janubiy Koreya hamda Shimoliy Koreya o‘rtasi iliy boshlagan aloqalar yana sovub ketdi. Gap shundaki, 8-iyun kuni KXDR Keson shahridagi Koreyalararo aloqa ofisiga Janubiy Koreya vakillari tomonidan amalga oshirilgan telefon qo‘ng‘iroqlariga javob qaytarmadi. Bu haqda Seulning rasmiy vakili 8-iyun kuni bo‘lib o‘tgan brifing vaqtida ma’lum qildi, deb xabar beradi Bloomberg.

Foto: Joint Inter-Korean Summit Press Corps

“Bugun ertalab Shimoliy Koreyaga qo‘ng‘iroq qilishga urindik, biroq qo‘ng‘iroqlarimiz javobsiz qoldi. Bunaqasi birinchi marta sodir bo‘lmoqda”, — deydi birlashgan vazirlik amaldori. Uning so‘zlariga ko‘ra, avval tomonlar aloqani tekshirish va mavjud masalalarni hal etish maqsadida har kuni qo‘ng‘iroqlashib turgan.

Aloqalarning sovib ketishiga esa Janubiy Koreya tomonidan tarqatilgan tashviqot varaqalari sabab bo‘lgan. Bunga javoban KXDR aloqa ofisini yopish bilan tahdid qilgan. Shundan so‘ng Janubiy Koreya birlashgan vazirligi mahalliy jamoat tashkilotlariga Shimoliy Koreyaga bu kabi varaqalarni yuborishni to‘xtatishni buyurib, ushbu harakatlar qonun doirasida taqiqlanishiga va’da bergan.

16-iyun kuni Shimoliy Koreya harbiylari Keson shahrida joylashgan Koreyalararo aloqa ofisini portlatib yubordi. Bu haqda Janubiy Koreyaning Yonhap agentligi xabar berdi.

Janubiy Koreya hukumati KXDR tomoni ikki mamlakat o‘rtasida yuzaga kelgan keskinlik fonida binoni portlatib yuborganini tasdiqladi. Shimoliy Koreya Markaziy telegraf agentligi ham ofis butkul yakson etilgani to‘g‘risidagi xabarni tasdiqlagan. Janubiy Koreya harbiylari KXDRning Keson shahridagi Koreyalararo aloqa ofisining portlatilishi bilan bog‘liq videoni e’lon qildi. Bu haqda South China Morning Post xabar bergan.

Shu kuni KXDR Koreyalararo kelishuvlarga binoan qo‘shinlar olib chiqib ketilgan hududlarga o‘z harbiy bo‘linmalarini qaytarmoqchi ekanini bildirdi. Bu chegarani qal’aga aylantirish va janubga qarshi harbiy xushyorlikni kuchaytirish maqsadida amalga oshiriladi.

20-iyun kuni KXDR hukumati Janubiy Koreyaga qarshi agitatsion urushga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qildi. “Nashriyot uylari Janubiy Koreya rasmiylariga tartibsiz zarbalar beruvchi varaqalarni chop etmoqda. Mamlakat bo‘ylab g‘azablangan odamlar Janubiy Koreyada hatto oddiy axloqdan mahrum bo‘lgan odamlarga sochish uchun varaqalarni ommaviy tarqatishga faol tayyorgarlik ko‘rmoqda”, — deb ta’kidlangan xabarda.

Qirg‘izistonda qamalgan ilk prezident

Iyun oyida Qirg‘iziston Respublikasida bir qator siyosiy arboblar ustidan sud hukmlari e’lon qilindi. Jumladan, mamlakatning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev 11 yilga, sobiq bosh vazir Sapar Isoqov 18 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Foto: “Vedomosti”

Bishkek sudi Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevni katta ta’sirga ega bo‘lgan jinoyatchi Aziz Batukayevni qamoqdan ozod qilish bo‘yicha korrupsiyada aybdor deb topdi. Sud qaroriga ko‘ra, Almazbek Atambayev korrupsiya tashkil qilishda aybdor deb topilgan va unga nisbatan 11 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish, davlat mukofotlaridan mahrum etish va mulkni musodara qilish jazolari tayinlangan.

Avvalroq Qirg‘izistonda prokurorlar Atambayevga 15 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashni taklif etgani haqida xabar berilgandi. Almazbek Atambayev 2011—2017-yillarda Qirg‘iziston prezidenti lavozimida faoliyat olib borgan.

2019-yilning iyun oyidan Atambayev daxlsizlik huquqidan mahrum qilingan. Bunga Qirg‘iziston parlamenti deputatlari tomonidan sobiq prezidentga qarshi ilgari surilgan va mamlakat Bosh prokuraturasi tomonidan asosli deb topilgan korrupsiya va noqonuniy boylik orttirish bo‘yicha ayblov sabab bo‘lgan.

Qirg‘iziston huquqni muhofaza qiluvchi idoralari 2019-yilning avgust oyida Atambayevning Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi rezidensiyasini shturm bilan egallagan. Sobiq prezidentning tarafdorlari qarshilik ko‘rsatgan, har ikki tomondan, taxminan, 200 kishi jarohat olgan, maxsus topshiriqlar bo‘yicha harbiy halok bo‘lgan. Atambayev qo‘lga olingan va korrupsiyada ayblangan.

Qirg‘izistonning sobiq bosh vaziri Sapar Isoqov ham korrupsiyada ayblanib 18 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Isoqov Bishkekdagi Davlat tarix muzeyi va Cho‘lpon ota shahridagi ippodromni rekonstruksiya qilishda korrupsiyaga yo‘l qo‘yganlikda aybdor deb topilgan. Ushbu ikki joydagi korrupsiyaning har biri uchun unga 12 yil ozodlikdan mahrum qilish ko‘rinishidagi jazo tayinlangan.

Sud hukmi bilan Sapar Isoqovga uzil-kesil 18 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan bo‘lib, jazoni kuchaytirilgan tartibdagi koloniyada o‘tash belgilandi.

Bundan tashqari, u davlatga 247,6 million som (taxminan, 3,3 million dollar) jarima to‘lashi lozim.

Sapar Isoqov Qirg‘izistonda 2017—2018-yillarda prezident Almazbek Atambayev rahbarligida bosh vazir bo‘lgan. Ungacha Qirg‘iziston prezidenti apparati rahbari o‘rinbosari va rahbari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

2018-yilning aprel oyining o‘rtasida parlamentning uchta muxolif fraksiyasi hukumat ishi yuzasidan hisobotni qoniqarsiz deb topganidan so‘ng prezident So‘ronboy Jeenbekov uni iste’foga chiqarish borasidagi qarorga imzo chekkan edi.

Jahongir Ostonov tayyorladi.