Aprel oyi ham o‘z poyoniga yetmoqda. Koronavirus haqidagi xabarlar bilan o‘tgan oy Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning vafoti haqidagi mish-mishlar yomg‘iri ostida yakunlanmoqda. Xo‘sh, bu oyda nimalar yuz berdi? Eng muhim voqeliklar dayjesti bilan quyida tanishtirib o‘tamiz.

Chekinayotgan, ammo chekinishni istamayotgan COVID-19 pandemiyasi

Bu oy ham COVID-19 pandemiyasi to‘lqini ostida boshlandi. Ayni paytga kelib butun dunyo bo‘ylab kasallikka chalinganlar 3 milliondan oshib ketdi. Shundan 200 mingdan ortiq bemor vafot etgan bo‘lsa, 900 mingga yaqin kishi tuzalgan.

Kasallik o‘chog‘i bo‘lmish Xitoyning Uxan shahri dunyo uchun o‘z eshiklarini ocha boshladi. Yanvar oyida Xitoyning 57 million aholisi istiqomat qilayotgan 15 ta shahri to‘liq yoki qisman yopilgan edi. 8-aprel kuni kasallik o‘chog‘i Uxan shahri karantindan chiqqanini e’lon qildi va shaharda hayot o‘z iziga tusha boshladi. Mamlakatda hali kasallik mutlaq tugatilmadi. Kasallar kam bo‘lsa-da, hamon aniqlanmoqda. Mamlakat COVID-19 ning kelib chiqishi bo‘yicha ma’lumotlarni nashr qilishni taqiqladi. 26-aprel kuni kasallik paydo bo‘lgan Uxan shahridagi shifoxonalarda koronavirus kasalligini yuqtirgan bemorlar qolmagani ma’lum qilindi.

Foto: Google Photos

Kasallik tinchigan Chindan uning yangi o‘chog‘i – okean ortiga yo‘l olamiz

AQSh mart oyidayoq kasallanganlar soni bo‘yicha yetakchi o‘ringa chiqib olgan edi. Bugungi kunda mamlakatda mazkur kasallik bilan kasallangan 933 933 kishiga yetgan, jami 53 449 kishi vafot etgan. Mamlakatda sutkalik kasallanish darajasi hamon yuqoriligicha qolmoqda. Sutkasiga ikki mingta o‘lim holatlar aniqlanmoqda. Kasallik avj olib ketmasidan oldin, aprel oyining boshida  AQSh prezidenti administratsiyasi huzuridagi Viruslarga qarshi kurash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi guruh ekspertlari mamlakatda vaziyat salbiy tus oladigan bo‘lsa, o‘lim darajasi 2,2 million kishiga yetishi mumkinligini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, prezident Tramp amerikaliklarni kelayotgan ikki hafta juda og‘ir bo‘lishi haqida ogohlantirgan edi. AQShning 50 shtatida kasallik aniqlangan bo‘lib, eng ko‘p Nyu-York shahrida qayd etilgan. Nyu-Yorkdagi vaziyatdan o‘zbekistonliklar ham chetda qolmadi. Shaharda istiqomat qiluvchi ikki nafar o‘zbekistonlik 5-aprel kuni vafot etgani xabar qilindi. Shuningdek, AQShda vafot etganlar orasida shashmaqom ijrochisi Rustam Samarqandiy ham borligi ma’lum qilindi.

Foto: Reuters

Nyu-Yorkda hatto hayvonlar ham kasal bo‘ldi. Hayvonot bog‘idagi yo‘lbarsda koronavirus borligi ma’lum qilindi. 12-aprelga kelib AQSh vafot etgan kasallar soni bo‘yicha dunyoda yetakchiga aylandi. 15-aprel kuni AQShda koronavirusga qarshi vaksina dunyoda ilk bor insonda sinab ko‘rildi. Vaksinani qabul qilgan shaxs esa 44 yoshli Sietl shahri fuqarosi Jennifer Xoller. U bu haqida The Telegraph nashriga so‘zlab bergan.

AQSh bugungi pandemiyadan eng ko‘p zarar ko‘rgan davlat bo‘lib turibdi. Mamlakatda 26 million odam ishsiz qoldi. Hukumat aholini ijtimoiy muhofaza qilish maqsadida 1 200 dollardan bir martalik yordam puli o‘tkazib berdi. Donald Tramp kasallik tarqalishining oldini olishda yetarli choralar ko‘rmagani, ma’lumotlarni o‘z vaqtida ochiqlamagani aybi bilan JSSTga ajratiladigan yillik to‘lovini bekor qilganini ma’lum qildi. Bu 400 million dollar deganidir. Shuningdek, AQSh prezidenti Donald Tramp koronavirus tarqalishiga qarshi kurash doirasida Amerikaga immigratsiyani vaqtincha taqiqlashini ma’lum qildi. Bu haqda Amerika yetakchisi o‘zining Twitter’dagi sahifasiga yozib qoldirgan.

Ko‘hna qit’adan xushxabarlar

Aprel oyida Yevropada ahvol biroz yaxshilangandek bo‘ldi. Aksariyat davlatlarda vaziyat yaxshilanish tarafiga burilgan bo‘lsa, ba’zi davlatlar mavjud izolyatsiya rejimlarini yumshatishga qaror qildi. Yevropani biroz esankiratgan voqea Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning uyidan intensiv terapiya bo‘limiga o‘tkazilgani bo‘ldi. Mart oyi oxirida uning koronavirus kasalini yuqtirib olgani ayon bo‘lgan, uyiga o‘zini izolyatsiyaga olgan edi. 7-aprel kuni ahvoli og‘irlashgach shifoxonaga yotqizilgan.

Tibbiyot xodimlarining sa’y-harakatlari natijasida u tuzalib shifoxonadan chiqdi hamda 27-aprel kuni ishga qaytganini ma’lum qildi. Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II navbatdan tashqari xalqqa murojaat bilan chiqdi. Uning murojaati davlat televideniyesi orqali namoyish etildi. Uning bunday favqulodda murojaat bilan chiqishi ko‘p kuzatilmagan. Asosan yangi yil tabriklarida chiqish qiladigan qirolichaning navbatdan tashqari beshinchi nutqi 5-aprel kuni to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda namoyish etildi va so‘nggi yuz yillikning eng ko‘p ko‘rilgan televizual tadbirlardan biri sifatida tarixda qoldi. Mamlakatda bugunga kelib 148 mingdan ortiq holat qayd etilgan bo‘lsa, shundan 20 mingdan ortiq kishi vafot etgan.

Foto: Google Photos

Yevropaning qolgan davlatlarida ham kasallanganlar soni hamon yuqoriligicha qolishiga qaramasdan, kunlik vafot etayotgan va yangi aniqlanayotgan kasallar soni pasayishda davom etmoqda. Kasallik avj olgan nuqtalardan biri Ispaniyada 14-apreldan qurilish sohasi vakillariga ishga qaytishga ruxsat berildi. Italiya esa izolyatsiya rejimini 3-maygacha uzaytirganini ma’lum qildi.

Fransiyada prezident Makron ham xalqiga navbatdagi murojaati chog‘ida 11-maydan izolyatsiya rejimi yengillashishini, avvalo, bog‘chalar, maktablar va kollejlar ochilishini ma’lum qildi. Yevropa davlatlari orasida Germaniya kasallik bilan kurashda yuksak natijalarga erishdi deb bemalol aytish mumkin. Mamlakatda kasallar soni yuqori bo‘lsa-da, vafot etgan bemorlar soni ozligi kishini hayratda qoldiradi. Mutaxassislar uning bu boradagi muvaffaqiyatlarini quyidagicha izohlaydi:

  • mamlakatda amalga oshirilgan kasallik simptomlari bor aholini yoppasiga test qilish amaliyoti. Mart oyining ilk haftasida 35 000 kishi testdan o‘tkazildi. 20-martga kelib mamlakat kuniga 12 ming test o‘tkazish imkoniga ega bo‘ldi hamda erta testdan o‘tkazish siyosatini olib bordi. O‘sha paytda Fransiyada kunlik test 2 500 tani tashkil qilar edi. 26-martga kelib vafot etganlar Germaniyada 0,5 foizni, Fransiyada 5,2 foizni, Ispaniyada esa 7 foiz tashkil qilib turgan paytda, Germaniya haftasiga 500 mingta test o‘tkazdi.
  • katta miqdorda test qilish amaliyoti Germaniyaga ehtimoliy kasallik tashuvchilarni erta aniqlash va ularni izolyatsiya qilish imkonini taqdim etdi. Kasallik ilk bosqichlaridayoq nazoratga olindi. Shunday qilib, nemis kasalxonalari og‘ir ahvoldagi kasallar bilan kurashishda qiyinchilikka duch kelmadi va ularning ba’zilarini qabul qilmaslikka majbur bo‘lib qolmadi. Ommaviy test qilish natijasida kasallikning ko‘p aniqlanishi rasmiylarga kasallarni va ular bilan aloqa qilganlarni izolyatsiya qilishga yordam berdi va bu kasallik tarqalib ketishining oldini oldi.
  • Germaniya 25 ming dona intensiv davolash yotoqlariga ega. Bu raqam Fransiyada 7 ming, Italiyada 5 mingni tashkil qiladi. Bu ham vafot etganlar soni kamligiga olib kelgan sabablardan biridir.
  • yana bir muhim faktor kasallangan odamlarning yoshi. Germaniyada kasallikni yuqtirganlarning aksariyatining, ya’ni 70 foizining yoshi 20—50 yosh orasida. Germaniyaning 25 foiz aholisining yoshi 60 dan oshgan fuqarolar tashkil qilishini inobatga olsak, raqamlar o‘sishi ehtimoli ham yo‘q emas.
  • o‘limdan keyingi testlar amaliyotining yo‘qligi ham Germaniyadagi o‘lim bilan bog‘liq holatlarning kamligidagi yana bir muhim faktor deb hisoblanmoqda. Robert Koch instituti prezidentining AFP’ga izohlashicha, Germaniya insonlarni vafot etmasidan oldin test qilishni ma’qul ko‘rgan. Bunday testlar Italiya va Fransiyada amalga oshirilgan. Shuningdek, karantinda uyida vafot etgan kishilarning statistikaga kiritilmasligi ham raqamlarning kamligini izohlaydi, deya hisoblaydi Italiyaning Molekulyar genetika instituti eksperti Jiovanni Maga.

15-apreldan boshlab Avstriya, Litva kabi davlatlarda ba’zi savdo muassasalari o‘z faoliyatini qayta tiklashiga ruxsat berildi. Shuningdek, Italiyada ham kitob do‘konlari ochildi. Daniyada esa karantin tugagani ma’lum qilindi. Shvetsiya, Shveysariya kabi davlatlar fuqarolarga qoidalarga rioya qilishni tavsiya qildi, ammo ulardan uylarida o‘tirishni so‘ramadi. Chexiya esa 24-aprel kunidan o‘z fuqarolariga chet elga chiqishga ruxsat berib, chegaralarini ochgan.

Foto: Google Photos

Katta 20 talik davlatlari qoloq davlatlarning qarzlarini vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yish haqida qaror qabul qildi. Saudiya Arabistoni moliya vazirining so‘zlariga ko‘ra, qarzdor davlatlar kelayotgan 12 oy davomida qarzlari haqida o‘ylamasalar ham bo‘ladi. Shuningdek, u ushbu qaror juda muhim ekanini ham ta’kidladi.

Avvalroq Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Fransiya televideniyesida qilgan chiqishida Afrika davlatlariga koronavirus inqirozi bilan kurashda yordam berish maqsadida ommaviy ravishda qarzlardan voz kechish haqida taklif qilgan edi. Bu haqda Rim papasi Fransisk ham rivojlangan davlatlarni Afrikadagi qarzlardan voz kechishga chaqirdi.

O‘zbekistonda nima gap?

Mart oyida e’lon qilingan karantin hamon davom etmoqda va uning ochilish sanasi hozircha 10-may etib belgilandi. Shu bilan birga davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev 24-aprel kuni bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishida iqtisodiyotning ba’zi tarmoqlari faoliyatini tiklash haqida ko‘rsatma berib o‘tdi. Bunda karantin talablariga qat’iy rioya qilish kerakligi ta’kidlangan. So‘nggi kunlarda kasallikdan tuzalayotganlar soni oshib bormoqda. Hozirda 2 mingdan ortiq kishida koronavirus kasalligi aniqlangan bo‘lsa, ulardan to‘qqiz nafari vafot etgan, 1 100 dan ortiq kishi butkul tuzalib reabilitatsiyaga olingan. Shuningdek, karantin tartiblari ham sekin astalik bilan yumshatilmoqda. Jumladan, 30-apreldan boshlab shaxsiy avtomashinadan foydalanishda bir muncha erkinliklar berildi. Undan tashqari uyi atrofida sayr qilishga ham odamlarga ruxsat etildi. Mamlakatda 240 mingdan ortiq kishi koronavirusga testdan o‘tkazilgani ma’lum qilindi.

Qo‘shnilardan shu paytgacha kasallik aniqlanmagan Tojikiston 30-aprel kuni rasman mamlakat hududida kasallik qayd etilganini ma’lum qildi. Mamlakatda 15 ta holat aniqlangan bo‘lib, ulardan 10 nafari So‘g‘d viloyatidan, besh nafari esa poytaxt Dushanbedan.

21-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri va viloyatiga doimiy propiska qilishni soddalashtirish haqidagi farmonni imzoladi. Prezident farmoniga muvofiq bundan buyon ishdan bo‘shatilgan va Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatga qo‘yilish yuzasidan maxsus ro‘yxat asosida propiskaga qo‘yilgan xodimning propiskasi “kuyib ketmaydi”, poytaxtdan uy sotib olish uchun propiska talab qilinmaydi, boshqa viloyatda yashovchi shaxslardan Toshkent shahridan uy olganda undiriladigan oshirilgan qiymatdagi davlat boji ham bekor qilinadi.

Aytish mumkinki, ushbu qaror ko‘pchilik tomonidan iliq kutib olindi. Shu paytgacha propiska haqida hech narsa demaganlar uning noinsoniy tizim ekanini gapira boshladi. Viloyatliklarning esa quvonchi cheksiz. Nima bo‘lganda ham qora sarqit ortda qolgani rost bo‘lsin.

Oyning oxirgi kunlari O‘zbekistonda noqulay ob-havo sharoiti kuzatilishi bilan yodda qoldi. Jumladan, 27-apreldan 28-aprelga o‘tar kechasi respublikaning Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlarida kuchli yomg‘ir va shamol esishi oqibatida talafotlar yuz bergan. Bundan eng ko‘p jabr ko‘rgan hudud Buxoro viloyatining Olot hamda Qorako‘l tumanlaridir. Ikkala tuman ham o‘sha kechada aloqadan uzilib qoldi. 28-aprel kuni tongda voqea tafsilotlari bilan tanishish maqsadida prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi. Tabiiy ofat natijasida 41 kishi tan jarohati oldi, bir kishi olamdan o‘tdi.

Aprel oyi, umuman olganda, 2020-yil butun dunyo uchun omadli kelmadi. Bu kunlar tezroq o‘tib ketishini umid qilib qolamiz.

Boshqa qanday xabarlar?

Bu oyda COVID-19 pandemiyasi ortidan kelib chiqqan neft bozoridagi shov-shuvli pasayish tarixda bo‘lmagan. AQSh nefti narxi nol dollar qiymatdan pastlab ketdi. 21-aprel kuni neft ishlab chiqaruvchi davlatlardan tashkil topgan OPEK tashkiloti navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazdi. Tahlilchilar AQShni neft bozorida ro‘y berayotgan inqirozning asosiy aybdori deb atadi. Bunday xulosa Citi ekspertlari tomonidan tayyorlangan hisobotda keltirilgan.

Bu oyda COVID-19 pandemiyasi va uning oqibatida kelib chiqayotgan tibbiy-sanitar va iqtisodiy inqirozlar fonida jiddiy voqeliklar ko‘zga tashlanmayapti yoki yuz bermayapti. Chunki dunyo to‘xtab qolgan. Shunday bo‘lsa-da, ayrim joylarda katta shov-shuv bo‘lmasada turli voqea hodisalar yuz bermoqda. Ular bilan qisqa satrlarda tanishib o‘tsak.

6-aprel kuni AQSh Davlat departamenti Rossiyada faoliyat yurutuvchi “Rus imperiyachilik harakati” va uning uch rahbari Stanislav Vorobyov, Denis Gariyev, Nikolay Trushchalovlarni xalqaro terrorchi guruh sifatida qora ro‘yxatga kiritdi. Bu AQShda ilk ro‘yxatga olingan oq riqni targ‘ib qiluvchi guruh bo‘ldi. Shuningdek, shu kuni Chernobil halokat zonasida o‘rmon yong‘inlari kelib chiqdi.

9-aprel kuni pandemiya fonida butunlay unutilgan Iroqda hukumat rahbari almashdi. Razvedka boshqarmasi boshlig‘i Mustafo al-Kozimiy bosh vazir etib tayinlandi. Iroq 2003 va 2011-yillardagi urush va “Arab bahori” inqilobiy harakatlari oqibatida vayron bo‘lib bormoqda. Minglab iroqliklar qo‘shni va Yevropa davlatlarida qochoq bo‘lib jon saqlamoqda.

Oyning yana bir muhim voqeligi Isroilda yakunlangan 16 oylik siyosiy inqiroz bo‘ldi. 20-aprel kuni bosh vazir Benyamin Netanyahu va ko‘k va oqlar alliyansi rahbari Benni Gants o‘rtasida kelishuv imzolandi va koalitsion hukumat tuzildi. Kelishuvga muvofiq, Netanyaxu yana 18 oy davomida hukumatda qoladi va shundan keyingina Benni Gants hukumat rahbari sifatida uning o‘rnini egallaydi. Ushbu hukumat 1967-yildan keyin bosib olingan Falastin hududlarida Isroil “suvereniteti”ni himoya qiladi.

Foto: AFP

Shuningdek, Donald Tramp taklif etgan Isroil-Falastin tinchlik rejasini ham 1-iyuldan boshlab parlamentga va vazirlar mahkamasiga taqdim etiladi. Ushbu rejaga muvqofiq Iordan vodiysi Isroil tomonidan anneksiya qilinadi. Bu Iordan daryosining g‘arbiy sohilining 30 foiz unumdor yerlari degani. Shundan keying chegarada yangi Falastin davlati tuzilishi belgilangan. Isroil-Falastin muammosini hal qilishga bag‘ishlangan “asr kelishuvi” shu yilning yanvar oyida e’lon qilingan edi.

Nihoyat oyning eng shov-shuvli mish-mishiga ham yetib keldik. Gap nima haqida ekanini sezdingiz. Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In yuragidan o‘tkazilgan jarrohlik amaliyoti natijasida vafot etibdi, degan xabarlar 25-aprel kuni bir qator jiddiy nashrlarda e’lon qilindi. Ortidan 26-aprel kuni KXDRda Kim Chen Inning o‘limi to‘g‘risidagi xabarlar fonida uning nomidan bayonot e‘lon qilindi. KXDR davlat kengashi raisi Kim Chen In tirik va soppa-sog‘ligi haqida Janubiy Koreya prezidentining maslahatchisi Mun Chjon Inga tayanib CNN xabar berdi.

U mamlakat sharqidagi Vonsanda 12-aprel kuni yuragidan jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgan va o‘shandan buyon ko‘rinish bermagan. CNN’ning ma’lum qilishicha, Kim Chen In so‘nggi marta 11-aprel kuni ommaga ko‘rinish bergan. Shuningdek, u Kim Ir Sen tug‘ilganiga 108 yil to‘lishi munosabati bilan 15-apreldagi marosimni o‘tkazib yuborgan. Ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreyada 2019-yildan buyon hokimiyatni topshirish uchun favqulodda reja tayyorlanmoqda. Mamlakat tepasiga amaldagi rahbar Kim Chen Inning o‘rniga uning singlisi Kim Yo Chjon kelishi mumkin.

Uzoq sharqlik diktatorning o‘limi haqidagi xabarlar o‘zbek internet foydalanuvchilarini ham befarq qoldirmadi. Ijtimoiy tarqmoqlarda uning o‘limi bilan bog‘liq turli xil munosabatlar bildirildi.

Jahongir Ostonov tayyorladi.