Koronavirusning dunyo bo‘ylab tarqalishi ortidan jamiyatda ko‘plab o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Bular iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy hayotimizga katta ta’sir etadi. “Daryo” kolumnisti O‘tkirbek Xolmirzayev koronavirus paydo bo‘lishi ortidan jamiyat a’zolarida, ularning xulq-atvorida kuzatilgan ayrim xulqiy jarayonlar, kognitiv yanglishishlar haqida fikr yuritadi.

Adolatli dunyo ishonchi yoxud hammasiga o‘zlari aybdormi?

2020-yil yanvarda Xitoyda koronavirus tarqalgani va undan odamlar o‘layotgani haqidagi xabarlar kelganida ko‘plab kishilar bu kasallik kelib chiqishida xitoyliklar o‘zi aybdorligi va ular bunga munosibligi haqida aytdi. Aksar ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari xitoyliklarni ayblab, o‘z qilmishlari uchun jazo olayotgani va bu adolatli ekanini ta’kidlaganining guvohi bo‘ldik. Nega bunchalik g‘ayriinsoniy munosabat?

Foto: Google Photos

Insonning dunyo adolatli ekani, har bir yaxshilik rag‘batlantirilishi va yomonlik jazolanishi haqidagi ishonchi juda kuchli. Shu sababli ham biz qashshoqlar, OITS bilan kasallanganlar o‘z holati uchun o‘zi aybdor ekaniga ishonamiz. Inson ongining ushbu kognitiv xatosi fanda yaxshi o‘rganilgan. U insonning dunyo adolatli ekaniga ishonish tuyg‘usiga asoslanadi.

M. Lerner va K. Simmons “Kuzatuvchining aybsiz qurbonga reaksiyasi: hamdardlik yoki rad etish?” nomli ilmiy tadqiqotida bir guruh ayollar kuzatuvchi sifatida boshqa bir tengdosh ayolning matematik savollarga javob berishi, noto‘g‘ri javob berganda esa elektr toki bilan jazolanishini kuzatib boradi. Avvaliga kuzatuvchilar aybsiz azoblanayotgan qiz haqida qayg‘uradi, achinadi. Biroq eksperimentning 2-sessiyasida tok bilan urish davom etavergach, vaziyatga ta’sir o‘tkazolmasligini anglagan kuzatuvchilar azoblanayotgan qizning tashqi ko‘rinishi, xarakteri haqida salbiy fikrlar bildiradi – qurbonni “qadrsizlantirish va rad etish” jarayoni boshlanadi.

Tadqiqotlar shuni tasdiqlaydiki, inson boshqa bir kishi qiyin ahvolda qolganda, masalan, og‘ir kasal bo‘lsa, baxtsiz hodisa qurboni yoki qashshoq bo‘lsa, bu holatga qurbonning o‘zi sababchi deb o‘ylaydi. Bunday xulosaga esa insonning adolatli dunyoga fundamental ishonchi asos bo‘ladi.

Biz ishonamizki, dunyo adolatli, agar xitoyliklar (yevropaliklar, koreyaliklar va hokazo) tuzalmas virus bilan kasallanishsa, bunga ularning o‘zi sababchi va bu adolatli.

Empatiya

Inson ijtimoiy mavjudot. Uning miyasi jamiyat bo‘lib yashash, jamiyat bilan doimiy hamkorlik qilishga ixtisoslashgan. Insonlar jamiyatga birlashib, o‘zi uchun mos va qulay hayot sharoitini yaratdi. Bunda insonga eng muhim hissiyot empatiyadir. Siz biror falokatga yo‘liqqan insonga, masalan, og‘ir kasallikka chalingan, terror hujumi qurboni bo‘lgan insonga achinasiz, unga nisbatan hamdardlik hissi paydo bo‘ladi. Bu tuyg‘u fanda empatiya (empathy) deb ataladi.

Foto: Google Photos

Ayrim olimlar empatiyani uch turga ajratadi:

Kognitiv empatiya – biror kishining ahvoli uning qanday hissiyotlarni boshdan kechirayotganini uning o‘rniga o‘zini qo‘yib ko‘rish yoki boshqacha shaklda inson ongi bilan anglab yetiladigan empatiya (hamdardlik);

Hissiy empatiya – biror kishining ahvoli va undan kelib chiqadigan hissiyotlarni o‘zida his qilish, masalan, yaqini terror hujumida yo‘qotgan shaxs kabi qayg‘uga tushish;

Empatik qayg‘urish – boshqa shaxslar haqida qayg‘urish va ularga yordam berishga undovchi hissiyot.

Ayni empatiya bizni birlashtiradi, bir-birimiz haqida qayg‘urishimiz insoniyligimiz o‘lchovi sifatida ko‘riladi. Aslida unday bo‘lmasa ham, empatiya mutlaq ezgulik kabi qilinadi.

Biroq Xitoy va boshqa mamlakatlarda virus tarqalib, odamlar (oddiy xitoyliklar) azob chekkanida, vafot etganida ko‘pchilik tarmoq foydalanuvchilari empatiya bildirmadi. Aksincha, xitoyliklar (italiyaliklar, eronliklar va hokazo) bunga munosib, tarzidagi fikrlar ko‘paydi. Bunga sabablardan birini yuqorida aytdik.

Boshqalarning qiyin ahvoliga empatiyasiz (achinishsiz, hamdardliksiz), hatto qoniqish hissi bilan qarashlarga, qanchalik g‘ayritabiiy tuyulmasin, empatiya tuyg‘usining o‘zi sababchi (faqat u boshqa shaxsga qaratilgan va qarama-qarshi qo‘yilgan).

Avvalambor, inson empatiyani “o‘zinikilar”iga, uni birlashtiruvchi konstruksiyalarga nisbatan his qiladi. Masalan, millatdoshi, dindoshi, yaqin tanishi, jamoadoshi, mahalladoshi va boshqa shakldagi o‘z ijtimoiy doirasida. Bu insonning boshqa inson, hattoki hayvonga achinishini inkor qilmaydi. Biroq yuqoridagi “o‘zinikilar”ga empatiya bildirishi oddiy achinishdan kuchliroq bo‘lib, aks ta’sir ham ko‘rsatadi.

Tadqiqot doirasida bir guruh futbol muxlislari o‘z sevimli futbol jamoasi muxlislari va raqib jamoa muxlislariga elektr toki bilan jismoniy azob berilishini kuzatadi. Kuzatuvchilarning ikki guruhdagi azoblanuvchilarga nisbatan reaksiyalari, ularning miyasidagi jarayonlar olimlar tomonidan kuzatib boriladi.

Foto: Google Photos

Kuzatuvchi muxlislar o‘z jamoasi muxlislariga berilgan azoblardan ta’sirlanib ularga achinadi, empatiya his etadi va yordam berishga tayyor bo‘ladi. Raqib jamoa muxlislariga azob berilganini kuzatganda esa empatiya tuyg‘usi tushib ketadi, aksincha, ularni rad qilish va azobidan qoniqish ko‘rinadi. Empatiya faqatgina o‘z jamoasi muxlislariga nisbatangina namoyon bo‘ladi.

Qolaversa, “o‘zimiznikilar”ga nisbatan empatiya “boshqalar”ga nisbatan nafrat va agressiyani keltirib chiqarishi, hissiy empatiya me’yoridan oshib ketganda nojo‘ya ta’sirga ega bo‘lishi mumkin.  Masalan, “o‘zimiznikilar”ga nisbatan hamdardlik hissi ularni shu ahvolga solgan shaxslar mansub madaniyat (din, milllat, g‘oya) vakillariga nisbatan nafratni alangalatadi.

Bundan tashqari, bir qator inson xulq-atvorini o‘rganuvchi tadqiqotlar insonlar o‘ziga o‘xshamagan, boshqa ijtimoiy qatlam, yosh, millat, din vakillarini va umuman o‘ziga o‘xshamaganlarni degumanizatsiya qilishi, o‘zlari kabi to‘liq odam sifatida ko‘rmasliklari ham bor gap.

Shunday qilib quyidagilarga ko‘ra ayrim tarmoq foydalanuvchilarida xitoyliklarga nisbatan empatiya emas, nafrat vujudga keldi:

  • “o‘zinikilar”ga (musulmonlarga, liberallarga, sunniylarga) bo‘lgan yomon munosabati tufayli empatiya aks ta’sir berdi;
  • yana bir kognitiv yanglishish “o‘ta umumiylashtirish” (Xitoy hukumati va barcha Xitoy aholisi umumiylashtirilishi);
  • ularni o‘zlariga o‘xshagan to‘laqonli odam deb hisoblamaslik, qoloq, befarosat deb o‘ylash va boshqa o‘nlab sabablar.

Fitna nazariyasi yoxud apofeniya

Inson xaosdan tartibni, o‘zaro bog‘liqlikni ajratib olishni xohlaydi, har bir hodisani tushunishni istaydi. Barcha narsadan ma’no, doim tartibot va tushunarli talqin qidiradi. Jonsiz narsalarni jonlantiramiz (masalan, printer ishlamay qolsa, beixtiyor uni so‘kamiz yoki uramiz, tog‘larda, bulutlarda inson yuzi shaklini ko‘ramiz). Barcha jarayonlardan o‘zaro bog‘liqlik va ma’no qidirish inson ongining tabiiy va juda zaruriy foydali xususiyatidir.

Foto: Google Photos

Ammo kishi yetarli bilimga ega bo‘lmaganda yoki tushunish uchun energiya sarflagisi kelmaganda xususiyat nojo‘ya ta’sir berib, insonda apofeniya – o‘zaro bog‘liq bo‘lmagan narsalarni asossiz bog‘lash orqali yangi ma’nolar topish kabi kognitiv simptom paydo bo‘ladi (ba’zi psixologlar uni shizofreniyaning boshlanishi deb hisoblaydi).

Apofeniyaga eng mashhur misollar: butun dunyoni qandaydir bir guruh kishilar (masonlar, anglo-sakslar, yahudiylar, 300 ta tanlanganlar) o‘zaro kelishib boshqarishi, barcha siyosiy o‘zgarishlar ularning rejasi bilan bo‘lishi haqidagi, OITS mavjud emasligi va boshqa kasalliklar, shuningdek, vaksinalar bir guruh farmatsevtik kompaniyalar fitnasi ekani haqidagi va boshqa ilmiy yoki faktik asosga ega bo‘lmagan fikrlar kiradi.

Aslida biror hodisaning sababini, bog‘liqlikni topish bu qiyin va ko‘p mehnat talab qiladigan narsa. Hodisalarga ilmiy tushuntirishlar va asoslar qidirishdan ko‘ra fitna nazariyasi orqali tushunish osonroq va tejamkorroq. Masalan, kasalliklarni farmasevtik kompaniyalar tarqatadi deb ishonish sababi bunga biror dalil borligi emas. Bu qulay, axir kasallikni davolash uchun dorini kim sotadi va foyda ko‘radi. Javob tayyor, barchasining sababi shunday kompaniyalar. Endi kasallik uchun hech bo‘lmasa kimdan nafratlanishni bilamiz va bu bizga psixologik rohat beradi.

Shu kabi koronavirusni ham Xitoy, AQSh, yahudiylar va boshqa bir guruh kishilar yaratib, ataylab tarqatgani haqida fikrlar tarqaldi. Albatta, bunga yetarli dalillar bo‘lsa boshqa gap, uni qabul qilish mumkin. Lekin gap haqiqatni aniqlashda emas. Bizning kognitiv xatomiz asli yo‘q narsalarni o‘ylab topish, turli bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan narsalar o‘rtasida bog‘liqlik ko‘rish va ularni jonlantirishdir. Bu esa juda qiziq xususiyatimiz bo‘lib, uni salbiy deb aytolmaymiz. Zero shunday o‘zaro bog‘liqlik qidirish xususiyatimiz ijodkorlik faoliyatimizni rag‘batlantiradi. Faqatgina ongimizning ushbu xususiyati apofeniyaga aylanib ketmasligini nazorat qilishimiz kerak.

Yuqorida aytib o‘tilgan kognitiv yanglishishlar deyarli barcha insonlarga xosdir. Lekin inson xulq-atvori murakkab hodisa bo‘lib, uni o‘rganib borish, kognitiv yanglishishlar oqibatida nafrat, agressiya va boshqa noxush hodisalarga yo‘l qo‘ymaslik uchun lozim. Inson ijtimoiy mavjudot ekan, u jamiyat bo‘lib, o‘zaro hamkorlik qilib yashashi lozim. Koronavirus hodisasining o‘zi va uning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy salbiy oqibatlarini insonlarning birlashuvi va hamkorligi bilangina yengish mumkin.

Unutmang, qiyin ahvoldagi shaxs bu ahvoliga doim ham o‘zi sababchi emas, unga yordam bering, hamdard bo‘ling. Qiyin ahvoldagi shaxs sizning yaqiningiz, millatdoshingiz, dindoshingiz, jamoadoshingiz bo‘lmasligi mumkin, lekin u inson va insoniyat jamiyati a’zosi, siz bilan bir xil va teng. Qaysidir davlat va guruhlar, korporatsiyalar qudratlidir, ko‘pgina jarayonlarni nazorat qilar, lekin yetarli dalil yo‘q ekan hodisalar ularning rejasi va fitnasi emas, tasodif yoki boshqa sabablar natijasi hisoblanadi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.