O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qarori qabul qilinib, quyidagi tartiblar joriy etilmoqda.

Unga ko‘ra, 2020-yil 30-aprel kuni soat 06:00 dan:

  • fuqarolarga — ish joyiga borib kelishi, tibbiy buyumlar, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi navbatda zarur bo‘lgan mahsulotlarni xarid qilish uchun soat 07:00 dan 10:00 ga hamda soat 17:00 dan 20:00 ga qadar barcha turdagi shaxsiy va xizmat yengil avtotransport vositalari (yo‘lovchilar bilan birga), shu jumladan, velosiped va mototransportlarda maxsus ruxsatnomasiz harakatlanishga;
  • fuqarolarga — shahar va tumanlardagi ko‘p qavatli uylarning bevosita oldida va ichki hovli hududlarida ijtimoiy masofani (oraliq masofa 2 metr) saqlagan va niqoblar taqilgan holda sayr qilishga, bunda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar ota-onalarining hamrohligida sayr qilishga;
  • oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari va professor o‘qituvchilariga — ilmiy ishlarni davom ettirish maqsadida laboratoriya va kafedralar faoliyatlarini tiklashga ruxsat berildi.

Shuningdek, tumanlararo (shaharlararo), viloyatlararo va Toshkent shahriga kirib-chiqishda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtiruvchi yuridik va jismoniy shaxslarlarning barcha turdagi shaxsiy va xizmat yengil avtotransport vositalarida harakatlanishiga ichki ishlar organlari tomonidan mahsulotlarni tezkor va qulay yo‘nalishlar orqali o‘z manzillariga yetib borishiga ko‘maklashish belgilandi.

Jamoat joylari, bozorlar va ruxsat berilgan savdo xizmat shoxobchalarida hamda avtotransport vositalarida harakatlanish davomida Respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan tegishlicha sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etilishi talab etiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda viloyatlararo, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida 30-mart soat 06:00 dan 20-aprel soat 00:01 ga qadar shaxsiy transportdan foydalanishga cheklov qo‘yilgan edi. Faqat Davlat xizmatlari markazlari tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma (stiker)lar asosida avtotransport vositalari harakatlanishiga ruxsat berilgan. Maxsus ruxsatnomasiz harakatlangan fuqarolarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi asosida jarima qo‘llanilib, avtotransport vositasi karantin tugagungacha jarima maydonchasida qoladi.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov 15-aprel kuni bo‘lib o‘tgan brifingda respublikada karantin davrida shaxsiy avtomobildan foydalanish tartibi yengillashtirilishi mumkinligini ma’lum qilgandi.