AQSh ma’muriyati Shimoliy Koreya rasmiylarini 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan amerikalik talaba Otto Frederik Vombiyerni afv etish va zudlik bilan ozod qilishga chaqiradi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Joshua Ernest ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”.
“Shimoliy Koreya hukumati respublikaga kelayotgan amerikalik fuqarolardan siyosiy o‘yinlarida piyoda sifatida foydalanishga harakat qilayotgani tobora oydinlashib bormoqda. Bu yana bir bor KXDRga borish bilan bog‘liq xavf-xatarlarni ko‘rsatib turibdi. Shu bois AQSh Davlat departamenti oldinroq amerikaliklarga KXDRga safardan tiyilishni tavsiya etgandi”, — deya ta’kidlagan Ernest.
Matbuot kotibining aytishicha, “Vombiyer sud qilingan va aybdor deb topilgan sabablar AQSh yoki dunyoning istalgan boshqa mamlakatida hibsga olish uchun hatto asos bo‘lib ham xizmat qilmasdi”.
Eslatib o‘tamiz, Shimoliy Koreyaga sayyohlik guruhi tarkibida kelgan virjiniyalik talaba o‘zi yashagan “Yangakto” mehmonxonasida koreyscha siyosiy plakatni devordan yulib tashlagani uchun hibsga olingan va “Koreya xalqi birligiga putur yetkazish”ga urinishda ayblanib, KXDR Oliy sudi tomonidan 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi.
Izoh (0)