AQShda xomashyo qazib chiqarish hajmi pasaygani haqida ma’lumotlar va aprel oyi o‘rtalarida Qatar poytaxti Dohada neft ishlab chiqaruvchi davlatlar uchrashuvi kutilayotgani sababli neft narxi qatorasiga ikkinchi kun oshib bormoqda. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
Londonning ICE Futures birjasida Brent turidagi neftning may oyi fyucherslari 0,67 dollarga (1,66%) qimmatlab, bir barreli uchun 41 dollarga yetdi. Nyu-York tovar birjasida (NYMEX) WTI turidagi neftning aprel oyi fyucherslari 0,72 dollarga (1,87%) oshib, bir barreli uchun 39,18 dollarni tashkil etdi.
AQSh hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda neft ishlab chiqarish kuniga 10 ming barrelga kamayib, 2014-yil noyabri darajasi (kuniga 9,07 million barrel)ga tushib qolgan. Fransiyaning Total kompaniyasi rahbari Patrik Puyannening taxmin qilishicha, neft bozori 2016-yil davomida muvozanatga erishadi.
Izoh (0)