Shu kunlarda Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida shaxmat bo‘yicha nufuzli Moscow-Open 2016 festivali bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan musobaqada o‘zbekistonlik yosh shaxmatchilar ham muvaffaqiyatli ishtirok etyapti, deb xabar qiladi “Olamsport”.
Musobaqaning eng kuchli shaxmatchilari jam bo‘lgan va asosiy turniri hisoblangan “A” guruhida Shamsiddin Vohidov mag‘lubiyatsiz odimlayapti. Shamsiddin hozirgacha o‘tkazilgan 4 ta partiyadan 3 tasida g‘alaba qozonib, bittasida durang qayd etdi. Kecha, 2-fevral kuni o‘tkazilgan 4-tur uchrashuvida Shamsiddin o‘zidan reytingda yuqorida turgan raqibi rossiyalik Nikita Matinyanni mag‘lubiyatga uchratdi.
Turnirning ayollar o‘rtasidagi bahslarida mag‘lubiyatsiz odimlayotgan Gulruhbegim Tohirjonova esa qora donalarda o‘ynashiga qaramay, kuchli raqibasi rossiyalik Tatyana Stepovayani taslim etdi. Bu bilan Gulruhbegimning ochkolari 3,5 taga yetdi.
O‘zbekistonlik yana bir shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov 2-fevral kuni musobaqadagi uchinchi g‘alabasiga erishdi. Nodirbek qora donalarda harakat qilganiga qaramay, rossiyalik Ivan Frolovni mot qildi. Abdusattorov 4 imkoniyatdan 3 ochkoga ega bo‘lib turibdi. Sarvinoz Qurbonboyeva esa bu turda mag‘lubiyatga uchradi.
Izoh (0)