Andijon shahrida davom etayotgan xotin-qiz tennischilar o‘rtasidagi turnirning chorak final uchrashuvlari yakuniga yetib boryapti, deb xabar qiladi “Olamsport.com”.
Musobaqaning mukofot jamg‘armasi 25 ming AQSh dollaridan iborat bo‘lib, unda o‘zbekistonlik tennischilaridan tashqari Ispaniya, Yaponiya, Chexiya, Ukraina, Rossiya, Serbiya, Turkiya, Hindiston kabi davlatlardan kelgan iste’dodli tennis malikalari o‘z ishtiroklarini boshlagan edi.
Asosiy to‘r bahslarida 10 nafar o‘zbekistonlik tennischi startga chiqqan bo‘lsa, ulardan hech biri chorak finalga yetib kela olmadi. O‘zbekistonning birinchi raqamli tennischisi Nigina Abduraimova Andijon turnirining ikkinchi raketkasi sifatida qayd etilgan bo‘lib, ikkinchi bosqichda rossiyalik Olga Puchkovaga 3:6, 2:6 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Turnirning uchinchi raketkasi Sabina Sharipova rossiyalik Anastasiya Komardinaga 6:1, 6:7, 6:7 hisobida yutqazdi. Avvalroq Albina Xabibulina, Sarvinoz Sayidxo‘jayeva, Arina Folts, Go‘zal Yusupova va Polina Merenkovalar ham raqibalariga yo‘lni bo‘shatib bergan edi.
Izoh (0)