Airbus A400M harbiy-transport samolyoti, ekipaj laynerda nosozliklar kuzatilayotgani haqida axborot berganidan so‘ng bir necha daqiqa o‘tib Ispaniyaning Sevilya viloyatidagi Coca-Cola zavodiga qulagan. Bu haqda RBC.ru xabar bermoqda.
El Pais’ning xabar berishicha, halokatga uchragan samolyot qulay ob-havo sharoitida uchayotgan bo‘lgan va uchuvchilarda atrofni ko‘rish bilan bog‘liq muammo bo‘lmagan.
Ispaniya bosh vaziri Mariano Raxoy Airbus kompaniyasini aviahalokat yuzasidan eng shaffof surishtiruv ishlarini o‘tkazishga chaqirdi. Aviakompaniya hozircha A400M’ning qulashiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan birorta taxminni ilgari surgani yo‘q.
Shanba kuni yuz bergan aviahalokat natijasida to‘rt kishi halok bo‘lgan, ekipajning yana ikki a’zosi og‘ir ahvolda shifoxonaga olib kelingan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot bortida yetti kishi bo‘lgan.
Samolyot Airbus Military zavodida ishlab chiqarilgan va ayni vaqtda sinovdan o‘tkazilayotgan edi. Avvalroq Germaniya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Belgiya va Lyuksemburg 180ta A400M’ni sotib olish istagini bildirgan edi, biroq hozirga qadar buyurtmachilarga birorta bunday samolyot yetkazib berilmagan.
Izoh (0)